Jahon | 11:06 / 25.02.2026
1870
5 daqiqa o‘qiladi

“Oltin asr” ritorikasi: Tramp yillik nutqida o‘z siyosatini maqtadi

AQShda “asrlar davomidagi burilish” yaxshilik tomonga sodir bo‘ldi, dedi Tramp mamlakatdagi vaziyat haqidagi yillik murojaatida.

Foto: Andrew Caballero-Reynolds/AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining hozirgi siyosiy yo‘nalishiga “Amerikaning oltin asri”ni va mamlakat tarixida rekord darajadagi yutuqlarni bog‘ladi. Uning aytishicha, bu yutuqlar “hech kim hech qachon ko‘rmagan transformatsiya” va “asrlarga tatigulik burilish”ga olib kelgan. AQSh rahbari buni AQSh Kongressining Vakillar palatasi va Senati oldida chorshanba kuni, 25 fevralda, mamlakatdagi vaziyat haqidagi yillik murojaat bilan chiqish qilgan paytda aytdi.

“Millatimiz qaytdi — har qachongidan ham kattaroq, yaxshiroq, boyroq va kuchliroq. Bu — Amerikaning oltin asri”, — dedi Tramp. AQSh prezidenti o‘z lavozimida bo‘lgan bir yildan keyin muvaffaqiyatlarni hamma sohada ko‘rayotganini bildirdi: uning fikricha, AQSh chegaralari himoyalangan, “iqtisodiyot har qachongidan ham gullab-yashnamoqda”, “Amerikaning dushmanlari esa qo‘rquvda”.

Ichki siyosatda Tramp iqtisod sohasidagi yutuqlarni o‘z hisobiga yozdi: benzin narxlarining pasayishi, inflatsiya darajasining barqarorlashishi va uy-joy bozoridagi vaziyat go‘yo yaxshilanayotgani. Shuningdek, u dunyoning aksar mamlakatlaridan keladigan tovarlarga boj joriy etgan qarorini ham maqtab, kelajakda bu bojlardan tushadigan daromad amerikaliklar daromad solig‘i to‘laydigan tizimni almashtirishi mumkinligini aytdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning boshqaruvidagi bir yilda AQShga 18 trln dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingan. Ammo CNN sharhlovchisi Deniyel Leyn ta’kidlashicha, bu da’vo haqiqatdan yiroq: hatto Oq uy ham o‘z saytida “investitsiya haqidagi bayonotlar” summasini 9,7 trln dollar deb baholaydi, bunda gap aniq majburiyatlar emas, aynan bayonotlar haqida ketmoqda.

AQSh prezidentining millatga murojaatining bir qismi tashqi siyosatga bag‘ishlandi. Masalan, Tramp 2023 yil oktyabrda HAMAS guruhi Isroilga hujum qilgan paytda o‘g‘irlab ketilgan isroillik garovga olinganlarni asirlikdan qaytarishni o‘z yutug‘i sifatida tilga oldi.

Tramp yana “sakkizta urushni tugatgani” haqidagi bayonotlarini takrorladi. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli urushini faqat yuzaki tilga oldi, garchi nutq aytilgan sana Rossiya qo‘shni davlatga bostirib kirganining to‘rt yilligiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham. Trampning aytishicha, uning ma’muriyati urushni tugatish uchun “ulkan sa’y-harakat” qilmoqda.

Avvalgidek, Tramp yana shunday dedi: agar u prezident bo‘lganida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hech qachon bo‘lmas edi.

AQSh prezidenti Kongress oldida nutq so‘zlashidan oldinroq, Vakillar palatasi majlislar zalidagi a’zolardan biri — demokrat El Grin zaldan chiqarib yuborildi. U zalda “Qora tanlilar — maymun emas!” degan yozuvli plakatni ko‘tarib chiqqan. Bu Tramp o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Obamalar juftligiga qarshi haqoratomuz karikaturali videoni joylaganiga ishora qiladi.

Bugungi AQShdagi muammolarni sanab o‘tar ekan, Tramp deyarli barcha holatlarda bu muammolar paydo bo‘lishida demokratlarni aybladi — noqonuniy migratsiyadan tortib uy-joy narxlarigacha. Demokratik partiya a’zolari esa prezident migratsiyaga qarshi kurash mavzusini ko‘targanda uni tribunadan turib hushtak bilan “hayqirib” qarshi olgani aytilgan. OAV qayd etishicha, Tramp 1,5 soatdan ortiq davom etgan nutqida “deportatsiya” so‘zini faqat bir marta ishlatgan — ehtimol, ICE xizmati xodimlarining harakatlari oqibatida AQSh fuqarolari halok bo‘lgan holatlarni muhokama qilmaslik uchun.

Tramp nutqi paytida AQSh Kongressi binosi oldida prezident siyosatiga qarshi chiqqan namoyishchilar to‘plandi. Ko‘zga ko‘ringan shiorlar orasida “Donald Dahshatli(ning) aqlsiz boshqaruvi”, “Muhojirlar — jinoyatchi emas, prezident — ha”, va “Tramputin” kabilari bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid