Jahon | 21:05 / 15.11.2023
38593
17 daqiqa o‘qiladi

Embargo ko‘lankasi. Arablar 50 yil avvalgi kabi neft jo‘mragini yopa oladimi?

Foto: Getty Images

50 yil avval arab davlatlari va Isroil o‘rtasida «Qiyomat kuni» nomini olgan urush bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda isroilliklar AQSh yordami bilan davlatini saqlab qoladi. Bunga javoban arablar G‘arbga neft embargosi e’lon qilishadi. Oqibatda dunyo iqtisodiyotining «oyog‘i osmondan bo‘lib ketadi». Bugun yana yarim asr avvalgi kabi tarix takrorlanmoqda: Isroil arab diyorida urushmoqda, AQSh yordamga yetib keldi, arablarning jahli chiqqan. Bu gal ham voqealar neft embargosigacha boradimi?

Agar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi neft magnatlari «qora oltin»ni qazib olish va bozorga olib chiqish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishsa, shundog‘am Rossiyaning Ukrainaga bosqini, G‘arb va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushidan sillasi qurigan dunyo iqtisodiyoti yanada jiddiy inqiroz yoqasiga kelib qolishi mumkin.

OPeK a’zosi bo‘lgan arab davlatlari Rossiya bilan birga neftdan G‘arbga qarshi qurol sifatida foydalana oladimi? Agar shunday bo‘lsa, G‘arb qanday javob beradi? BBC ekspertlar bilan suhbatlashib bu savolga javob izladi.

Ehtimoliy embargo haqida nima deyishmoqda?

«Yaqin Sharqdagi 50 yil avvalgi va hozirgi inqiroz o‘xshash, lekin endi dunyo energetika bozori 1970-yillardagidan keskin farq qiladi. U ko‘z o‘ngimizda o‘zgarishda davom etmoqda. Dunyo bunday voqealarga 50 yil avvalgidan ancha yaxshi tayyorlangan. Insoniyat hozir nima qilishni, «qayerga qochish»ni juda yaxshi biladi», deydi Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol.

Isroil tarafdorlari va Falastinni qo‘llaydiganlar hozircha neft embargosi bo‘yicha tortishmayapti. 7 noyabr kuni Saudiyadagi vazirlardan biridan arab davlatlari neftdan urushni to‘xtatish uchun qurol sifatida foydalanishi mumkin yoki yo‘qligi haqida so‘rashdi. «Biz hozir bunday variantni ko‘rib chiqmayapmiz. Saudiya Arabistoni tinchlik kelishuvlari orqali sulhga erishish tarafdori», deb javob qaytardi saudiyalik vazir Xolid al Falih.

Arab embargosi Amerikaning «benzinichar» mashinalarini tarix chiqindixonasiga uloqtirdi. 1973 yilga qadar hech kim suzgichli «Kadillak» qancha benzin sarflashi haqida o‘ylab ko‘rmagan.

11 noyabr kuni Ar-Riyodda urush boshlanganidan buyon ilk marta Arab davlatlari ligasi yig‘ilishi o‘tkazildi va hatto o‘sha yig‘ilishda ham neft embargosi haqida so‘z bormadi. Yig‘ilganlar Isroil va AQSh manziliga ko‘plab salbiy fikrlar bildirishdi, lekin bayonotlar amaliy harakatga ko‘chmadi: Isroilga qarshi energetik sanksiyalar haqida hech narsa deyilmadi. Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiyning hech bo‘lmasa Isroilga neft yetkazib berishni cheklash bo‘yicha taklifi ham qo‘llanmadi.

Isroil dunyo bozoridan har kuni 300 ming barrel neft sotib oladi. Xususan, musulmon davlatlar Qozog‘iston va Ozarboyjondan. OPeK mulozimlari ham Eron oliy rahnamosining so‘roviga javoban ular tashkilotdan siyosiy maqsadda foydalanmasligini aytishdi. Bu borada OPeK+ davlatlari pozitsiyasi esa tashkilotning 26 noyarbdagi yig‘ilishida ma’lum bo‘ladi.

Avvalgi embargo qanday qo‘llangandi?

Arab davlatlari va Eron 1950-yillardan buyon Falastinda holat keskinlashganda G‘arbga qarshi neft embargosi masalasini muhokama qilib keladi. Hozirgacha urushda Isroilni qo‘llaydigan G‘arb davlatlariga qarshi ikki marta embargo qo‘llangan: birinchisi 1967 yil Olti kunlik urush davrida. Bu embargo unchalik samarali bo‘lmagan. Ikkinchi, yaxshigina samarali bo‘lgani 1973 yildagi «Qiyomat kuni» urushida.

G‘arb ham, arab davlatlari ham o‘sha ikki embargodan o‘z xulosalarini chiqargan va balki shuning uchun har ikki tomon embargo haqida gapirmayapti. Ammo boshqa tomondan 50 yil avval ham Isroil va AQSh hech qanday neft embargosi bo‘lmasligiga aniq ishongan, lekin arablar buni uddalagandi.

Avvaliga arablar va Eron urush boshlanganidan 10 kun o‘tib AQSh, Niderlandiya, Yaponiya kabi davlatlarga neft sotishni to‘xtatadi. Keyinroq o‘z mahsulotlari uchun narxni 70 foizga oshirishadi. Arab davlatlari neft qazib olishni har oy tushirib borishi oqibatida «qora oltin» narxi 5 baravar ko‘tarilib ketadi. O‘shanda neft asosiy energiya manbasi bo‘lgani sababli dunyo iqtisodiyoti jiddiy inqirozga uchraydi. Oqibatda Yevropa, Yaponiya va AQShdagi urushdan keyingi iqtisodiy mo‘jiza to‘xtab qoladi.

Isroil qo‘shini Misrdagi Suvaysh shahri ostonasida. 1973 yil 27 oktyabr. Orqa planda neftni qayta ishlovchi zavod yonmoqda

Amerika iqtisodiyoti 1973-75 yillarda 6 foizga qulab, ishsizlik 9 foizgacha oshib ketadi. Yaponiyada urush davridan buyon ilk marta YaIM hajmi tushib ketadi. Ammo eng katta zararni o‘z nefti bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar, xususan, Hindiston va Xitoy ko‘radi. G‘arb davlatlarida iqtisodiy o‘sish 1976 yilga kelibgina tiklanadi, lekin ularni inflatsiya muammosi uzoq yillar ta’qib qiladi.

Aslini olganda, G‘arbdagi inqiroz faqat neft embargosi sabab sodir bo‘lmaydi, muammolar ikki yil avval boshlangandi. Lekin arabcha embargo voqealarni tezlashtirib, o‘ziga xos katalizator kabi to‘planib qolgan muammolarni global inqirozga aylantiradi.

Embargo butun dunyo iqtisodiyotining «oyog‘ini osmondan qilgan» bo‘lsa-da, u atigi 5 oy davom etadi. 1974 yil 18 mart kuni embargoni ikki sabab bilan bekor qilishadi. Birinchidan, arab davlatlari embargo sabab ularning neftiga bo‘lgan ehtiyoj pasayishini istamaydi. AQSh va Yevropa yangi reallikka moslashib, asta-sekin Yaqin Sharqdagi neft manbalari kamayishiga tayyorlana boshlagandi. OPeK davlatlari energiya bozoridagi ustunlik g‘arb neft kompaniyalaridan ularga o‘tayotganini his qilishadi. Ularga baland narxdagi mahsulot sotib yashash juda ma’qul bo‘ladi. Shu sabab mijozlarni yo‘qotib qo‘yishni istashmaydi.

Ikkinchidan, embargoning asosiy strategik maqsadi amalga oshmaydi – AQSh va ittifoqchilari Isroilni qo‘llashda davom etadi. Bundan tashqari, AQSh neft embargosi sharoitida Isroil, Misr va Suriya o‘rtasida vositachi bo‘lishni istamaydi. Embargo bekor qilinishi bilan mintaqada asta-sekin nomustahkam sulh o‘rnatila boshlaydi. O‘shandan buyon arab davlatlari Isroilga aytarli hujum qilmagandi.

Nega hozir embargo ehtimoli kam?

Amsterdam, 1973 yil 4 noyabr. Neft inqirozi tufayli hukumat yonilg‘ini tejash maqsadida «mashinalarsiz kun» joriy etgan

Dunyoda 50 yil avvalgi va hozirgi siyosiy vaziyat keskin farq qiladi. G‘arb va Yaqin Sharq o‘rtasidagi neft urushi ehtimoli juda past. Bunga bir necha sabablar bor. Xususan:

Dunyo neftga avvalgi kabi bog‘liq emas

Aniqrog‘i, 1973 yil dunyo iqtisodiyoti uchun hozirgidan 3,5 baravar ko‘p neft kerak bo‘lgan. Bu Xalqaro valuta fondining aniq ma’lumotlariga asoslangan fakt. 1973 yil dunyodagi energiyaning yarmi neftdan olingan, hozir esa faqat uchdan bir qismi olinadi. 50 yil avvalgi embargogacha barcha davlatlar neftga asosiy energiya manbasi deb qaragan. Keyin esa gaz, ko‘mir va atom energiyasiga e’tibor oshadi.

G‘arbning o‘zi neft qazib ola boshladi va OPeK o‘rnini bosuvchilar topildi

Embargo energiya resurslarni faqat bitta manbadan, bitta mintaqadan sotib olish ishonchli emasligini ko‘rsatdi. Yevropa Shimoliy dengizda neft qazib olishni rivojlantirdi, AQSh Alyaskadan neft quvuri tortdi. G‘arb kompaniyalari Yaqin Sharqdan tashqaridagi neft kompaniyalariga faol investitsiya kirita boshladi. Embargo ayniqsa amerikaliklarni shokka tushiradi. Axir filmlarda AQShning bitmas-tuganmas neft borligi ko‘rsatilardi-ku?

1974 yilda AQSh hukumati benzin tejalishi uchun tezlikni soatiga 55 milgacha pasaytiradi

1973 yilda AQSh neftni eng ko‘p import qiladigan davlat edi. Hozir esa amerikaliklar dunyoda eng ko‘p neft ishlab chiqaradi va yirik eksportyor hisoblanadi.

O‘shanda o‘sish bor edi, hozir esa turg‘unlik

1967 yildan 1973 yilgacha Yaponiya va Yevropa iqtisodiyoti urushdan keyingi keskin o‘sishni boshidan o‘tkazayotgandi. AQShda ham energiyaga bo‘lgan talab rekord darajada oshib borayotgandi.

Hozir esa neft ishlab chiqarish avvalgi kabi qudratini yo‘qotgan, barcha konlar aniqlab bo‘lingan. Bozorda mahsulot faqat Yaqin Sharq nefti hisobiga oshmoqda. Bu esa OPeKdan G‘arbga qarshi richag sifatida foydalanish imkonini beradi. Hozir jahon iqtisodiyoti juda sust o‘smoqda. O‘tgan yilgi o‘sish 2,6 foizni tashkil etgan, bu yil esa o‘sish 1,5 foiz bo‘lishi taxmin qilingan.

O‘shanda AQShda siyosiy inqiroz edi, hozir bunday emas

Ha, Kongressda Isroil va Ukrainaga yordam masalasida ko‘p tortishishmoqda. Ha, keyingi yil nima qilishini bilib bo‘lmaydigan Donald Tramp yutishi ehtimoli bo‘lgan prezidentlik saylovi o‘tadi. Ammo bularning hech birini AQShda 1973-74 yillarda sodir bo‘lgan voqealar bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

AQSh yuqori hokimiyati «Uottergeyt» mojarosidan keyin falajlangan, prezident Nikson muammolar girdobida qolib oxir-oqibat ketishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda arablar, isroilliklar va Kreml bilan amalda davlat kotibi Henri Kissenjyer mustaqil muzokara olib boradi.

«Bundan shunday xulosa qilish mumkin: Vashingtonda palapartishlik bo‘lsa, dunyo ancha xavfli bo‘ladi», deydi ekspert Deniyel Yergin.

AQSh davlat kotibi Kissinjyer Ar-Riyoddagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni qiroli Feysalni embargoni bekor qilishga ko‘ndirishga urinmoqda, 1973 yil 14 dekabr. U o‘shanda buni uddalay olmagandi

Hamma birgalikda, hamma o‘zi uchun emas

G‘arb embargodan keyin yolg‘izlikda emas, faqat birgalikda omon qolish mumkinligini anglaydi. Masalan, o‘shanda arab davlatlari embargoni barcha davlatlarga qarshi joriy qilishmaydi: Britaniya «do‘st davlatlar» qatoriga kiradi, ammo ichki inqirozga qaramay, o‘shanda britaniyaliklar ham neft importini qisqartirishga rozi bo‘ladi.

OPeK nefti importini qisqartirayotgan G‘arb davlatlari neft kompaniyalari mahsulotni rivojlangan davlatlar o‘rtasida ular arablarning cheklovi sabab qiyin holatga tushib qolmaydigan darajada taqsimlashga kelishib olishadi. O‘shanda paydo bo‘lgan inqirozga qarshi birgalikda kurashish texnologiyasi Yevropa davlatlariga yaqinda ham asqatdi. O‘tgan yili Rossiya ularni gaz orqali shantaj qilmoqchi bo‘lganida hatto Kreml gaz berishda davom etgan davlatlar ham foydalanishni 15 foizgacha qisqartirishga erishdi. Natijada, Yevropa Ukrainada urush boshlanganidan buyon Rossiya bilan gaz urushiga uchinchi qishga ham ishonchli tarzda kirib bormoqda.

Ma’lumot yo‘qligi vahima keltirib chiqaradi

Energiya inqiroziga qarshi kurashishda bir tashkilotning o‘rni beqiyos. Bu – Xalqaro energetika agentligi. 1973 yilda dunyo nafaqat neft taqchilligiga, balki bunday holatda nima qilishga ham tayyor bo‘lmagan. Ittifoqchilar bilan inqirozga qarshi kurashish uchun o‘zi kimga qancha neft kerakligi haqida aniq ma’lumot ham bo‘lmagan.

Xalqaro energetika tashkiloti aynan mana shu bo‘shliqni to‘ldirishi kerak edi. To‘g‘ri, tashkilot prognozlar bo‘yicha ko‘p adashadi, lekin o‘tgan qish ko‘rsatdiki, umuman prognoz bo‘lmaganidan xato bo‘lsa ham prognoz bo‘lgani yaxshi.

Arab embargosi amerikaliklarni oldin bo‘lmagan holatlarga to‘qnash qilgandi - benzin uchun navbatda turishga.

Hozir iqtisodchilar, siyosatchilar va biznes talab va narx o‘rtasidagi balans, ular kelajakda qanday o‘zgarishi bo‘yicha 1973 yildagidan farqli o‘laroq aniq tasavvurga ega.

Deniyel Yerninning eslashicha, o‘shanda hech qanday ma’lumot kanallari bo‘lmagani uchun hamma vahimaga tushib qolib to‘g‘ri kelgan neftni to‘g‘ri kelgan narxga sotib olavergan. «Embargo butun dunyodagi iste’molning atigi 9 foiziga, butun sotilayotgan neftning esa 14 foiziga tegishli edi. Ammo uning oqibatlari butunlay boshqacha bo‘lgandi», deydi ekspert.

Hozir esa ma’lumot bilan bog‘liq muammo yo‘q. Kimga qancha neft kerak, qayerda qancha zaxira borligini onlayn tarzda kuzatib turish mumkin. Lekin bu zamonaviylikning boshqa jihati ham bor. Arablar neft narxini oshirishi uchun qazib olishni kamaytirishi yoki cheklashi shart emas, shunchaki bu haqda gapirishining o‘zi birjadagi narxlarni sakratib yuboradi. Agar arab shayxlari neft embargosini jiddiy muhokama qilish bilan cheklansa ham bu narxga, qazib olish va yetkazib berishga ta’sir qiladi.

«Neft quroli» narxga tobora kamroq ta’sir qiladi

Hozir 1970-yillardagiga qaraganda neft narxi oshishi kamroq zarar keltiradi. Masalan, 1973-74 yillarda narxlar ko‘tarilgani oqibatida Britaniyadagi konchilar ish tashlash qilib hukumat o‘zgarishiga erishgan. Lekin kasaba uyushmalari hozir u qadar katta kuchga ega emas. Shuningdek, hozir inqiroz sharoitida maoshlarni narxlar oshishiga mutanosib tarzda ko‘paytirishga erishish deyarli imkonsiz.

Shu sabab hozir neft yoki benzin qimmatlagani kompaniyalar xarajatlarini keskin oshirmaydi. Davlatlar ham maosh to‘lash bilan bog‘liq muammoga uchramaydi. Bu esa inflatsiyani 1970-yillardagi kabi tezlashtirmaydi. Bundan tashqari, hozir markaziy banklar pul-kredit masalasida ko‘proq narxlarga e’tibor beradi, avvalgi kabi bandlik ko‘rsatkichlariga emas.

Hukumatning neftni tejashga chaqiriqlaridan keyin fransuzlar elektr radiatorlar xarid qilishga chopadi.

Saudiya Arabistoni

Yaqin Sharqdagi asosiy neft eksportchisi ishtirokisiz har qanday embargo samarasiz bo‘ladi. 1973 yilda Saudiya Arabistoni unchalik xohlamay bo‘lsa-da, embargoga qo‘shilgan. Lekin hozir boshqacha holat.

«O‘shanda Saudiya Isroilga hujum qilgan Suriya va Misr bilan yaqin aloqalarda bo‘lgan. Hozir esa ular HAMASni qo‘llashi haqida qandaydir ishora ham qilgani yo‘q», deb yozdi Texas universiteti professori Gregori Gauz Foreign Affairs nashri uchun yozgan maqolasida.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni allaqachon narxni oshirish uchun Rossiya bilan kelishib ishlab chiqarishni kamaytirib bo‘lgan.

«Saudiya neft qazib olishni yana kamaytirishdan hech narsa yutmaydi. Chunki bu ularga hech qanday qo‘shimcha bosim qilish imkonini bermaydi. Bundan tashqari, neftni qazib olishga nafaqat AQSh, balki Xitoy ham qarshi bo‘ladi», deb yozadi Gauz.

Uning fikricha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon ikki yirik derjava bilan kelishmay qolishni istamaydi: «U Saudiya Arabistoni haqida siyosat foydadan muhim davlat deb o‘ylashlarini istamaydi. Ustiga-ustak u mamlakat iqtisodiyotini transformatsiya qilish haqida o‘ylamoqda», deydi professor.

Ar-Riyod yaqinidagi quyosh elektr stansiyasi. Bugungi kunlar

Muqobil energiya manbalari

1973 yildagi arabcha neft embargosi dunyo energetika sohasida inqilob boshlagan uchqun bo‘lgandi. O‘shandan keyin dunyo neftni tejashni va yangi energiya resurslarini izlashni boshladi.

«1970-yillarda ko‘plab davlatlar hammasini boshidan boshlashga majbur bo‘ldi. Neft taqchilligi energiya tejash va atom energiyasiga kuchli impuls berdi. Ammo bunga ko‘p vaqt ketdi. Quyosh va shamol kabi qayta tiklanuvchi energiyalar endi-endi rivojlana boshlagandi. Hozir esa quyosh panellari, shamol elektr stansiyalari va elektr mashinalar hayotimizning ajralmas qismi. Bizda inqirozlarga qarshi kurashish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar bor», deydi Xalqaro energetika tashkiloti rahbari Fotih Birol.

Mavzuga oid