AQŞ Qurolli kuçlari Janubiy qömondonligi xabar berişiça, “Janubiy nayza” qöşma operativ guruhi tarkibidagi dengiz piyodalari va dengizçilar Içki xavfsizlik vazirligi hamda USS Gerald R. Ford aviataşuvçisi kömagida Veronica nomli tanker kemasini heç qanday hodisasiz qölga olgan. Bu haqda ular payşanba kuni, 15 yanvarda X ijtimoiy tarmoğida ma’lum qildi.

Qömondonlik ma’lumotlariga köra, mazkur tanker Karib dengizida AQŞ sanksiyalariga tuşadigan kemalar uçun joriy etilgan karantin talablarini buzgan. Bu — AQŞ operatsiyasi doirasida qölga olingan va Venesuela bilan boğliq oltinçi kema.

Uşbu qölga oliş operatsiyasi AQŞ prezidenti Donald Trampning Oq uyda Venesuela muxolifati yetakçisi Mariya Korina Maçado bilan uçraşuvi arafasida amalga oşirilgan.

“Novaya gazeta Yevropa” aniqlaştirişiça, kema egasi sifatida Rossiyaning “Burevestmarin” kompaniyasi körsatilgan.

Avvalroq, 9 yanvar kuni Olina kemasining qölga olinişi Venesuela neftini eksport qilişda iştirok etayotgan tankerlarni ta’qib qiliş operatsiyasi doirasida AQŞ tomonidan amalga oşirilgan beşinçi töxtatib qoliş holati bölgandi.

AQŞ hokimiyati baholaşiça, “soya flot” kemalari Venesuela neft eksportining taxminan 70 foiziga töğri keladi.

Bundan oldin AQŞ Atlantika okeanida Rossiya kompaniyasiga tegişli Marinera (Bella 1) tankerini ham qölga olgan edi. Kema ikki haftadan ortiq vaqt davomida AQŞ sohil qöriqlaş xizmati kemasining ta’qibidan qoçib yurgan. Rossiya bu tankerning uşlanişini noqonuniy kuç işlatiş amaliyoti deb atagan.