Jahon | 23:23 / 08.08.2024
8635
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada IIV sud qarorisiz chet elliklarni deportatsiya qilish huquqiga ega bo‘ldi

Putin Ichki ishlar vazirligining xorijliklarni sud qarorisiz chiqarib yuborish huquqi haqidagi qonunni imzoladi.

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ichki ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini ayrim huquqbuzarliklar uchun sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini berish haqidagi qonunni imzoladi.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari chet el fuqarolarini ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkin.

Chet elliklar quyidagi huquqbuzarliklar uchun shu tariqa jazolanishi mumkin:

- giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, tashish, iste’mol qilish va targ‘ib qilish;

- noan’anaviy jinsiy aloqalar va pedofiliyani targ‘ib qilish;

- vijdon va din erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda missionerlik faoliyati;

- jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilish;

- stadionlarda o‘zini tutish qoidalarini buzish.

O‘zgartirishlar iyun oyida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. 23 iyuldagi ikkinchi o‘qishda qonun loyihasiga FXX, Ichki ishlar vazirligi va Chegara xizmati rahbarlari va o‘rinbosarlarining qarori bilan deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan xorijliklarni maxsus hibsxonalarda saqlashning maksimal muddati to‘g‘risidagi nizom kiritildi. Ular 48 soat davomida tergov izolyatoriga joylashtirilishi mumkin.

Mavzuga oid