Jahon | 14:16 / 22.06.2024
6707
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilning qochqinlar lageriga hujumi, Falastinni tan olgan Armaniston va Rossiyada migrantlarga cheklov loyihasi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azodagi chodirlardan iborat shaharchaga Isroil tomonidan berilgan zarba qurbonlari 25 kishini tashkil etdi. Yaradorlar 50 kishidan oshgan.

Voqea, G‘azo sektorining janubidagi Al-Mavasiy mavzesida ro‘y bergan. Bu yerda ko‘chirilgan oilalar uchun chodirlardan tikilgan shaharcha barpo etilgan edi.

Falastin Qizil yarimoy jamiyatining xabariga ko‘ra, o‘t ochish artilleriya qurollaridan amalga oshirilgan. O‘t ochilishi tufayli chodirlarda yong‘in kelib chiqqan.

Bundan bir necha soat o‘tib Isroilning zarbasi G‘azodagi mahalliy muassasaga to‘g‘ri kelgan va kamida yetti kishi halok bo‘lgani xabar qilingan. Ularning besh nafari suv quduqlarini sozlovchi ustalar bo‘lgan.

7 oktyabrdan buyon davom etayotgan qonli urushda Isroil tomonidan kamida 640 nafar falastinlik bolalar o‘g‘irlab ketilgan yoki hibsga olingan, deb xabar beradi TRT.

Falastinlik bolalar Isroil qamoqxonalarida qiynalib yashashmoqda, qiynoqlarga duchor qilinmoqda. Isroil bolalarni harbiy sud orqali ta’qib qiladigan dunyodagi yagona davlat hisoblanadi va 12 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yuzlab falastinlik bolalarni tosh otgani uchun yoki hech bir ayblovlarsiz qamoqxonalarga tashlagan.

Armaniston Falastinni tan oldi

Shunday qilib, Falastin suvereniteti BMTga a’zo 193 mamlakatdan 147 tasi tomonidan tan olindi.

Shuningdek, Armaniston BMT Bosh Assambleyasining G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlaganini, shuningdek, «Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan, yahudiy va Falastin xalqlari o‘rtasida mustahkam tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor ekanligini» eslatdi.

«Turli xalqaro forumlarda biz har doim Falastin muammosini tinch va keng qamrovli hal etish tarafdori bo‘lib kelganmiz va Isroil-Falastin mojarosining «ikki davlat» tamoyili asosida hal qilinishini qo‘llab-quvvatlaganmiz, bu falastinliklar va isroilliklar orzusini amalga oshirishni ta’minlashning yagona yo‘li ekaniga aminmiz», deyiladi bayonotda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Armanistonning Falastinni tan olish qarorini «terrorizm uchun mukofot» deb atadi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa Armaniston elchisini chaqirib, e’tiroz bildirgan.

Turkiya esa Armanistonning ushbu qarorini olqishlagan. O‘zining bayonotida Turkiya rasmiylari Falastinning tan olinishi xalqaro huquq, adolat va vijdon talabi, deb atashgan.

«Turkiya Falastinni imkon qadar ko‘proq davlatlar tan olishi uchun sa’y-harakatlarini davom ettiradi», — deyiladi bayonotda.

Qayd etib o‘tish kerak, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan suhbatlashganidan so‘ng Falastinni mustaqil davlat deb tan olish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilgan.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Finlandiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushni va xalqaro huquq buzilishini to‘xtatmaguncha Rossiya bilan munosabatlarni tiklamaydi. Bu haqda Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen aytib o‘tdi.

Hisobotni tayyorlashga rahbarlik qilgan Finlandiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiya oxir-oqibat demokratik davlatga aylanishiga umid bildirdi, biroq o‘zgarishlarni tez kutmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.

Fin hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Finlandiyaga bevosita harbiy tahdid yo‘q. Shu bilan birga, Helsinki Finlandiyaga qarshi potensial harbiy kuch ishlatilishiga tayyor turish zarur deb hisoblaydi. Bundan tashqari, mamlakat Rossiya gibrid hujumlari davom etishini kutmoqda, bunga misol sifatida Finlandiya-Rossiya chegarasida Moskva tomonidan uyushtirilgan migrantlar oqimini keltirgan.

 «NATOga a’zolik Finlandiya uchun yangi davrni anglatadi. Finlandiya endi o‘z xavfsizligiga NATOning jamoaviy mudofaasi nuqtayi nazaridan qaraydi, butun ittifoq xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shadi va umumiy qadriyatlar uchun NATO ittifoqchilari bilan birga ishlaydi», degan u.

Janubiy Koreyaning Ukrainaga yordami

Janubiy Koreya Ukrainaga artilleriya snaryadlari va havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni boshlashi mumkin. Ularning hajmi Rossiyaning KXDRga nisbatan pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi, degan Yonhap agentligiga prezident Yun Sok Yol administratsiyasi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berish uchun ko‘rib chiqilayotgan qurol-yarog‘lar ichida 155 millimetrli artilleriya snaryadlari va havo hujumidan mudofaa tizimlari bor. Biroq Yonhap agentligiga ko‘ra,, Janubiy Koreya hukumati qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasida «strategik noaniqlikni saqlaydi» va undan KXDRga harbiy texnologiyalar berishdan bosh tortishi uchun Moskvaga bosim o‘tkazishda «diplomatik yurish» sifatida foydalanadi.

Bungacha Seul urush holatidagi davlatlarga qurol-yarog‘ yetkazish to‘g‘risidagi taqiqqa rioya qilib, Kiyevga faqatgina o‘ldirish quvvatiga ega bo‘lmagan qurol-yarog‘lar yetkazib bergan. Janubiy Koreya pozitsiyasidagi o‘zgarishga Rossiya va KXDR o‘rtasida imzolangan umumqamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma sabab bo‘lgan.

Jumladan, Seulni hujjatdagi tomonlardan biriga hujum qilinganida bir-biriga kechiktirmasdan harbiy va boshqa yordam yetkazish to‘g‘risidagi band tashvishga solgan. Janubiy Koreyadagilar bunday shartnomaning tuzilishi mohiyatan Pyongyang va Moskvaning harbiy alyansini bildiradi, degan fikrda.

Vladimir Putin esa agar Janubiy Koreya Ukrainaga o‘ldirish quvvatiga ega qurol-yarog‘larni jo‘natadigan bo‘lsa «katta xato» bo‘lishi va «javob ularga yoqmasligi»ni bildirgan.

«Agar Janubiy Koreya Ukrainaga qirg‘in qurollarini yetkazib bersa, bizning javobimiz ularga yoqmaydi. Umid qilamanki, ular bu ishga qo‘l urishmaydi, chunki bu juda katta xato bo‘lar edi», — degan Putin Viyetnamda o‘tgan matbuot anjumanida.

Rossiya terrorizm homiysi?

AQSh Senatiga Rossiyani terrorizm homiysi deb tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi.

AQSh parlamenti yuqori palatasi ikki partiya tomonidan tasdiqlangan Rossiyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat deb tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlangan. Hujjatni respublikachi senator Lindsi Grehem va uning hamkasbi demokratlardan Richard Blyumental tayyorlagan. Tashabbus mualliflarining fikricha, Rossiyaga shu yo‘l bilan bosim o‘tkazish prezident Vladimir Putin Ukrainadagi urush hamda «Afrikadagi destruktiv xatti-harakatlari» va butun dunyodagi qilmishlari uchun «AQSh qo‘llashi mumkin bo‘lgan jazo vositalaridan to‘liqroq foydalanish» imkoniyatini yaratadi.

Grehemning aytishicha, Rossiyaning yaqinda «sayyordagi eng repressiv rejim» bo‘lmish KXDR bilan harbiy alyans tuzishi AQShning sabr kosasini to‘ldirgan so‘nggi tomchi bo‘lgan va AQSh ortiq o‘z baholashini paysalga solmoqchi emas.

«Men Putin 19 iyun kuni qilgan ishi uchun prezident administratsiyasini «va-bank»ka borishga va uning rejimini aslan qanday bo‘lsa shunday — terrorizm homiysi bo‘lgan davlat sifatida tan olishga chaqiraman», — degan senator.

O‘z navbatida, Blyumental Rossiya Ukrainada «shafqatsiz zo‘ravonlik va tajovuzkorlik kampaniyasi»ni uyushtirib, «insoniyatga qarshi son-sanoqsiz vahshiylik va jinoyatlar sodir etib, tinch aholi o‘rtasida dahshat va o‘lim urug‘larini sochib», «rad etilganlar klubi»da o‘z o‘rniga «munosib» joy egallaganini ta’kidlagan.

Migrantlarga qarshi Rossiya

Rossiyaning 11 ta hududida 2025 yilga qadar mehnat migrantlari ulushini kamaytirish loyihasi ishlab chiqildi. Rossiya Mehnat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Qayd qilinishicha, ushbu hududlar: Orenburg, Chelyabinsk, Kaluga, Magadan, Ryazan, Samara va Amur oblastlari, Udmurtiston va Dog‘iston respublikalari hamda Krasnodar va Krasnoyarsk o‘lkalaridir.

«Masalan, Dog‘iston Respublikasi talabiga ko‘ra, qurilishda chet el ishchilaridan foydalanishga 30 foizgacha cheklov joriy etilmoqda, boshqa hududlarda esa bunday cheklov 80 foizni tashkil etadi», deyiladi xabarda.

Krasnodar o‘lkasida migrantlar ulushi qishloq va o‘rmon xo‘jaligida, ishlab chiqarishda 50 foizgacha, tashish va saqlash sohalarida, mehmonxona va restoran biznesida 15 foizgacha kamaytiriladi, quruqlikdagi yo‘lovchi tashish va avtomobil yuk tashish sohalarida butunlay cheklanadi.

Ta’kidlanishicha, cheklovlar birinchi navbatda Rossiya fuqarolarini ishga joylashtirishdagi ustuvorlik uchun joriy qilinmoqda. 

Mavzuga oid