Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh sharqiy sohilida rekord darajada qor: 5 mingdan ortiq reyslar bekor qilindi
Dushanba kuni AQShning sharqiy sohiliga kuchli bo‘ron urildi. Nyu York va unga tutash hududlarda 90 smgacha qor yog‘ishi millionlab odamlar uchun uzilishlarga hamda minglab aviaqatnovlarning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.
Foto: Reuters
AQSh Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rod-Aylend va Massachusets shtatlarining ayrim hududlarida qariyb 94 sm qor yog‘di. Nyu York shahridagi Markaziy parkda esa 48 santimetrdan ortiq qor qayd etildi. BBCʼning yozishicha, ob-havo bo‘yicha ogohlantirishlar Shimoliy Karolinadan Meyn shtati shimoligacha cho‘zildi. Ayrimlari esa Kanadaning sharqiy qismigacha yetib bordi.

AQSh sharqiy sohilida 600 mingdan ortiq mulk elektr ta’minotisiz qoldi. Amerikaning mashhur «Boston Globe» gazetasi esa bo‘ron sabab 153 yillik tarixida ilk bor chop etilmasligini ma’lum qildi. Gazetaning bildirishicha, «tabiat sharoitlari, texnik muammolar va global pandemiyani yengib o‘tganiga qaramay» qor bo‘roni seshanba ertalabki sonni chop etish va yetkazishni «imkonsiz» qilgan.
Nashrning yozishicha, hudud bo‘ylab harakat keskin cheklab qo‘yilgan, ayrim shtatlar va shaharlarda bo‘ronning eng og‘ir davrida safar taqiqlari joriy etildi.
Milliy ob-havo xizmati «nor'easter» deb ataluvchi bo‘ron seshanba kuni AQShdan uzoqlashib, Kanadaning sharqiy qirg‘oq hududlari bo‘ylab harakatlanishini prognoz qilmoqda. Biroq kuchli shamollar saqlanib qoladi. Shu bilan birga, shimoli-sharqiy qirg‘oq yaqinida qor qoplami 30–61 smga yetishi kutilgan.
AQShning eng kichik shtati — Rod-Aylend bo‘ron davomida eng ko‘p qor yog‘gan hudud hisoblanmoqda. Shtat poytaxti Providensda 91 sm qor yog‘ib, 1978 yil fevralida o‘rnatilgan 72,6 smlik rekordni ortda qoldirdi. Mahalliy OAVga ko‘ra, bu shtat tarixidagi eng kuchli qor bo‘roniga aylandi.

Noqulay ob-havo tufayli — Rod-Aylend, unga qo‘shni Konnektikut va Massachusets shtatlarida zarur bo‘lmagan safarlarga taqiq joriy etildi. Massachusetsda qariyb 300 ming kishi elektrsiz qolgan.
Nyu York shahrida esa dushanba kungi safar taqiqi sakkiz milliondan ortiq aholiga ega shahar hayotini deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Lekin bu taqiq mahalliy vaqt bilan tushlikdan so‘ng bekor qilindi. Shunga qaramay, barcha yo‘llar, magistrallar va ko‘priklar yopilgan edi.
Shu bilan birga, dushanbadan boshlab AQSh ichida sayohat qilmoqchi bo‘lganlar qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Flight Aware kuzatuv tizimiga ko‘ra, AQSh ichida, Qo‘shma Shtatlarga yoki undan xorijga amalga oshiriladigan bekor qilingan reyslar soni 5 706 tadan oshdi.
Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, La Guardia aeroportidan uchadigan reyslarning 98 foizi, Nyu Yorkning asosiy aeroport JFKʼdagi reyslarning esa 91 foizi bekor qilindi. Bu aeroportlar odatda kuniga 335 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek Boston, Nyu-Jyersi va Filadelfiya aeroportlaridan ham reyslarning katta qismi bekor qilindi.
BBC nashriga ko‘ra, seshanba kuni ham AQSh bo‘ylab 2 mingdan ortiq reys allaqachon bekor qilingan. Bunda Boston, Nyuark va La Guardia eng ko‘p zarar ko‘rgan aeroportlar bo‘lib qolmoqda.
