Jahon | 22:42 / 17.03.2017
7064
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlandi

Fransiyada prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imzolar qabul qilinishi 17 mart kuni yakunlandi. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 18 mart kuni chop etiladi. 

Fransiya qonunchiligiga ko‘ra, prezident saylovlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi kamida 500 nafar xalq deputatining imzosi talab etiladi.

Imzolar qabul qilinishi muddati 17 mart mahalliy vaqt bilan 18.00 da yakunlanishi kerak edi. Konstitutsion kengashning oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, quyidagi nomzodlar zarur miqdordagi imzolarni to‘play olganlar: sobiq bosh vazir Fransua Fiyon — 2953 imzo, sobiq ta'lim vaziri Benua Amon — 1717, "Olg‘a" harakati yetakchisi, sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron — 1548, "Fransiya, uyg‘on" partiyasi raisi Nikolya Dyupon-Enyan — 672, "Ishchi kurash" partiyasi vakili Natali Arto — 623, "Milliy front" partiyasi raisi Marin Le Pen — 618 va "Xalq-respublika ittifoqi" yetakchisi Fransua Aselino — 569 imzo.

Nomzodlikka ro‘yxatdan o‘tish uchun imkoniyatni yana 3 da'vogar saqlab qolayotgandi: "Birdamlik va taraqqiyot" partiyasi asoschisi Jak Sheminad (469 imzo), deputat Jan Lasal (453 imzo) va "Yangi aksilkapitalistik partiya" yetakchisi Filipp Putu (357 imzo). 

Fransiyada 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida 10 nomzod ishtirok etgandi.

Fransiyada joriy prezidentlik saylovlari ikki bosqichda 23 aprel va 7 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid