O‘zbekiston | 16:40 / 02.01.2023
48469
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Olmaotaga uchgan samolyot turbulentlik zonasiga tushib qoldi. Yetti kishi jarohatlandi

«Toshkent –   Olmaota» yo‘nalishida parvoz qilgan samolyot kuchli turbulentlik zonasiga tushib qolgan. Natijada yetti nafar yo‘lovchi turli tan jarohatlari olgan.

Bu haqda Air Astana kompaniyasining press-relizida aytiladi. 

«Bugun aviakompaniya Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha KC 128 reysini amalga oshirdi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 14:35 da havoga ko‘tarilgan. Parvoz vaqtida samolyot to‘satdan kuchli turbulentlik zonasiga tushib qoldi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetti nafar yo‘lovchi turli tan jarohatlari olgan. 

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 16:45 da Olmaotaga qo‘ndi. 

«Parvoz ekipaji yo‘lovchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi. Uchuvchilar voqea haqida aeroport xizmatlarini xabardor qilgan. Tez yordam mashinalari yordam ko‘rsatish uchun aeroportda yo‘lovchilarni kutmoqda», deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, aviakompaniya sodir bo‘lgan voqeadan afsusda va reys yo‘lovchilariga har tomonlama yordam beradi. 

«Hodisa vakolatli organlar tomonidan tekshiriladi», - deya xulosa qildi kompaniya. 

Mavzuga oid