Jahon | 21:56 / 30.06.2023
28519
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyevning sobiq kelini ikkita jinoyat ishi bo‘yicha 8 yilga qamaldi

Qozog‘iston birinchi prezidentining sobiq qarindoshi avvalroq boshqa bir jinoyati uchun sud tomonidan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Foto: Videodan kadr

Qizilo‘rda shahar sudi Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev jiyanining sobiq xotini Gulmira Satibaldini 440 mln tenge (11,2 mlrd so‘m) mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topdi va uni 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Hukm chiqarishda Gulmira Satibaldi boshqa bir jinoyati uchun Ostona sudi tomonidan shu yilning 4 may kuni 7 yilga qamalgani inobatga olindi. O‘shanda sudlanuvchi o‘zboshimchalik va odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan hamda Qozog‘iston davlat mukofoti – «Kurmet» ordenidan mahrum qilingandi. Biroq sud ayolning mol-mulkini musodara qilmaslikka qaror qilgandi.

Qizilo‘rda shahar sudi 8 yillik qamoq jazosidan tashqari Gulmira Satibaldining 10 yil muddatga tijorat sohasida rahbar lavozimini egallashini taqiqlab qo‘ydi.

Gulmira Satibaldi Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldining sobiq xotini hisoblanadi. Qayrat 2018 yilda Qozog‘istonning Forbes nashri tomonidan mamlakatning eng nufuzli biznesmenlari ro‘yxatiga kiritilgan, uning boyligi 163 million dollarga baholangan.

2022 yilning sentabrida Ostona sudi Qayrat Sotiboldini davlat mulkini o‘zlashtirishda aybdor deb topgan va mol-mulkini musodara qilgan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum etgandi. Bundan tashqari, u 10 yil davomida davlat xizmatida ishlash huquqidan ham ayrilgandi.

Mavzuga oid