Jahon | 09:58 / 11.06.2023
65659
11 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» va chechenlar: mojaro jiddiylashdi. Qodirov Prigojin bilan «erkakchasiga gaplashib oldi»

Yaqingacha bir-birini og‘a-ini deb atab kelgan, frontdagi eng qalin ittifoqchidek ko‘ringan Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning odamlari o‘rtasidagi mojaro jiddiylashdi. Endi har ikki tomon «to‘daboshilari» to‘g‘ridan to‘g‘ri bir-birini tanqid qildi. Prigojin chechenlarni go‘yoki «mayda millat» deb kamsitishga urindi. Qodirov esa jang maydonida chechenlar «Vagner»dan ancha samarali bo‘lganini iddao qildi.

Prigojin nima dedi?

Mojaroning bu galgi to‘lqini Yevgeniy Prigojinning Qodirov bilan telefon muloqoti haqida aytgan gaplaridan keyin boshlandi. Avvalroq Qodirovning odamlari Adam Delimxanov va Magomed Daudov Prigojinga «strelka urib», qayerdaligini aytsa, erkakchasiga gaplashib olishlarini aytib chiqishgandi.

«O‘sha kuni menga Ramzan qo‘ng‘iroq qildi. Gaplashib, hammasiga chek qo‘yishga kelishib oldik», dedi Prigojin Qodirov bilan suhbati haqida. U Qodirov odamlarining chiqishlariga ommaviy javob qaytarishni xohlamagani, chunki Rossiyada har qanday millatlararo ziddiyatlar cho‘zilib ketishini qo‘shimcha qildi.

«Rossiyada shunaqa bo‘lib qoldi: milliy ozchilik vakillari ruslar haqida bemalol o‘z fikrlarini bildirmoqda. Ruslar esa ularning manziliga nimadir degani uchun jazosiz qolmaydi. Shu sababli menga millatlararo nizo keltirib chiqarganim uchun jazo berishmasin deb jim turishga qaror qildim», degan «Vagner» asoschisi.

U Checheniston rahbariga yaqin odamlarning bayonotlari 90-yillar ritorikasini eslatib yuborishini qayd etgan. Prigojinga ko‘ra, bu nizoni Kremldagi katta o‘yin o‘ynashni maqsad qilganlar tashkil etgan bo‘lishi mumkin.

«Ishoning, «Axmat» hamda «Vagner» orani ochiq qilib olsa, g‘olib kim bo‘lishi aniq, lekin orada juda ko‘p qon to‘kilgan bo‘lardi», degan Prigojin o‘z navbatida «Axmat» batalonini haqorat qilmaganini aytar ekan.

Prigojin bu muammo davom etadigan bo‘lsa, hech qanaqa «uchrashuv joyiga bormasligi», 90-yillarda bunday uchrashuvlarga rosa duch kelgani, hozir esa masalani katta odamlarday hal qilishini aytgan.

Qodirov ikki qismli post yozdi

Avvalroq «Vagner»ga qarshi Qodirovning odamlari videomurojaat qilgandi. Prigojinning gapidan keyin esa Qodirovning o‘zi 3,1 milliondan ortiq obunachisi bor Telegram-kanalida ikki qismdan iborat post qoldirdi.

«Bilaman, ko‘pchilikni Qodirov va Prigojin o‘rtasida nima bo‘lgani haqidagi savol qiziqtiryapti. Hammasini to‘liq aytib beraman. Shuningdek, bu holatda nima noto‘g‘ri ekani va qanday prinsiplarga sobit ekanimni tushuntirib beraman.

Nimadan boshlandi?

Hammasi men Prigojinni qo‘llab video e’lon qilganimdan boshlandi. Men o‘shanda (Prigojin «Vagner» Baxmutdan ketishini e’lon qilgani nazarda tutilmoqda) katta og‘am Prigojin va «Vagner» [Baxmutdan] ketadigan bo‘lsa, o‘rniga inisi Qodirov va «Axmat» borishini aytgandim. Agar Prigojin chindan ketadigan bo‘lsa, reputatsiyasiga salbiy ta’sir qilmasligi uchun unga o‘z taklifim orqali yelkadosh bo‘lishimga chin dildan ishongandim.

Ammo shundan keyin Prigojinning ohangi o‘zgarib qoldi. U bizga nisbatan dushmanona bayonotlar qildi, mudofaa vazirligi va Bosh shtab sha’niga yana haqorat yog‘dirdi. Bu gaplardan keyin Prigojin bilan bog‘lanib, axmatchilarga nisbatan ommaviy agressiv muomalaning sababi nimaligini so‘ramoqchi bo‘ldim. Ammo go‘shakning narigi tomonidan javob bo‘lmadi. Shu sabab hammaning oldida gapni ko‘paytirmaymiz-da, ko‘rishib erkakchasiga gaplashib olamiz, dedim.

G‘arb bizning har bir so‘zimizni poylab o‘tirgan va Rossiyadagi vaziyatni izdan chiqarishga intilayotgan bir vaqtda bunday bayonotlar berish, rahbariyatni bunday tanqid qilish yaramaydi. Hozir 1941 yil emas, internet va gibrid urushlar davri. O‘zim ham mudofaa vazirligini bir-ikki marta tanqid qildim-da, keyin bosh qo‘mondonga hammasi yaxshiroq ko‘rinayotganini tushunib yetdim. Qabul qilinayotgan qarorlar uni qoniqtirayotgan ekan, demak, bu to‘g‘ri va Rossiya uchun manfaatli bo‘lgan qaror. Buning ustiga, «maxsus harbiy amaliyot»da (Rossiyada urushni shunday atashadi) ham, iqtisodiyotda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Demak, tepada yaxshiroq va to‘g‘riroq o‘ylashmoqda».

Nega telefon suhbati o‘tkazildi?

Vaziyat soviganidan keyin ham Prigojin «Axmat» manziliga kinoyali bayonotlar qilishni to‘xtatmay, chechen jangchilari butun «DXR»ni emas, faqat bir nechta aholi yashash punktlarini ozod qila olishga qodir deb aytdi. Vaholanki, Qodirov bunday bayonot bermagan.

«Mening bayonotlarimni kuzatadiganlar juda yaxshi bilishadi: «Axmat»ning hujum brigadalari «DXR»ni ozod qilishga qodir. Agar buyruq bo‘lsa, Polsha va Germaniyani ham. Chechen jangchilari «LXR»da 36 ta aholi yashash punktini ozod qilgani bu ma’lumotlarni mustahkamlaydi. Xususan, «LXR»ni ozod qilish yo‘lidagi oxirgi ikki shahar Severodonetsk va Lisichansk. Popasnayada shahar markazini «Axmat-Grozniy» chechen OMONi egalladi. Albatta «Vagner»ning ham yordami katta bo‘lgandi.

Butun dunyo e’tibori qaratilgan Mariupol rekord muddat ichida, juda kam qo‘shin bilan egallandi. Mariupoldan uch baravar kichik Baxmut kabi 10 oyda emas. Farq sezilyaptimi? U yerda ham snaryad yetishmagan, lekin mudofaa vazirligi manziliga birorta bayonot bo‘lgani yo‘q. Minglab qo‘rquvdan titragan azovchilar va natsionalistlar shahardan qochib ketish imkoni bo‘lmagani uchun ishtonini osiltirib taslim bo‘lgandi. Va mana shu faktlardan keyin qaysi bo‘linmani samaraliroq deb baholash mumkin? Javob aniq.

Va yana bir narsaga e’tibor bering, biz vagnerchilar manziliga biror marta kinoya, sarkazm yoki har qanday ayblovlar bildirishdan tiyildik. Darvoqe, hozir frontda tanqidchilarimiz kinoya qiladiganidek bitta emas, uchta «Axmat» bataloni bor.

Prigojinning navbatdagi bayonotidan keyin u bilan telefonda gaplashdik. Men qo‘ng‘iroq qildim. Telefonda muhokama qilish uchun emas, Prigojindan u bilan yuzma-yuz gaplashish uchun qayerda ekanini so‘rash maqsadida. Telefon suhbatining to‘liq rasshifrovkasi menda yo‘q, lekin Prigojinda bo‘lsa kerak. Chunki suhbat u menga bergan maxsus mobil telefonda bo‘lib o‘tdi.

Suhbat hammasiga chek qo‘yish kerakligi haqida gap bilan boshlandi. Qo‘shilaman. Ukrainani ikkinchi armiya deb atash, shaxsiyatga o‘tish, asosiysi, Rossiya armiyasi, uning rahbariyati va bosh qo‘mondon haqidagi gaplarga chindan chek qo‘yish kerak. Prezident erta-yu kech xalq uchun ishlamoqda. Mamlakatni sanksiya va ayblovlar girdobidan olib chiqmoqda. Yana takrorlayman, u uzoqroqni ko‘ra oladi, kengroq ko‘radi.

Umuman olganda, erkakchasiga gaplashib oldik deyish mumkin. Bayonotlarda «Axmat»ni ham, «Vagner»ni ham tanqid qilmaslik, tilga olmaslikka kelishib oldik. Suhbat tashabbuskori sifatida tushunmovchilik bartaraf etilganini aytishim kerak, ammo...

Prigojin meni ortda qoldirishni maqsad qilgan ko‘rinadi, suhbat haqida avvalroq ma’lumot berib ulgurdi. Ertasiga esa «Vagner» komandirlari yana bir qator bayonotlar qilishdi. Prigojinga hech kim «banditcha strelka» belgilagani yo‘q. Bu bizning uslub emas. Men u bilan gaplashib olish uchun uchib borishga tayyor edim. Prigojin esa buni 90-yillar uslubiga o‘xshatib, Yamadayevning o‘ldirilishini misol qilib keltirdi. Bu orqali go‘yoki nimalargadir ishora qildi. Va go‘yoki milliy ozchilik manziliga bayonot berishdan tiyilishini aytdi. O‘zini tiyibdi emish! Chechenlar Rossiyada ozchilik emas, son bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi titulli millat hisoblanadi, buni bilib olish kerak.

Yamadayev bo‘yicha ish esa allaqachon yakunlanib bo‘lgan, javobgarlar jazosini o‘tamoqda. Bu tinchib ketgan ishlarni go‘yoki tergovchi kabi kovlashtirish o‘zini hurmat qilmaslikka kiradi.

Mana shunaqa nuqta... verguli bilan».

Oxir-oqibat nima bo‘ldi?

«Hammasini uning (Prigojinning) vijdoniga havola qilgan holda kartina to‘liq bo‘lishi uchun ba’zi jihatlarni ta’kidlamoqchiman.

Bitmas-tuganmas patron, zirhli texnika bilan urushish uchun ideal sharoit bo‘lmaydi, BO‘LMAYDI. Bu o‘z nomi bilan urush. Doim nimadir yetishmaydi: granata, patron, snaryad, ovqat, tushyonka, suv, samolyot, tank, minomyot, sapyorlar belkuragi, paypoq, aspirin... doim qandaydir kamchilik bo‘ladi. DOIM. Lekin buning uchun bosh shtab va mudofaa vazirligi yordam bermayapti deyish – xato.

«Axmat»ga ham, «Vagner»ga ham yordam berilmoqda. Strategiya, havodan yordam, tezkor razvedka ma’lumotlari, o‘q-dori, amunitsiya – hammasi. Va bu yordam emas, bosh qo‘mondon buyurgan topshiriqlarni birgalikda bajarish deyiladi. Rahbariyat 200 ming qo‘shin qayerda kerakligini yaxshiroq biladi: muhim sarhadlardami yoki mediaolam so‘rayotgan joydami.

Jangovar o‘rtoq deb ataluvchi o‘rtoq Prigojinga beradigan yana bir qator savollarimiz bor. Rossiya mudofaa vazirligiga oziq-ovqat yetkazib berishdan kim mo‘maygina pul ishlab olmoqda? Biz bu jarayonning kichik detallarigacha xabardormiz.

Hozir hammamiz bloger emas, bosh qo‘mondonning yordamchisi bo‘lishimiz kerak. Liberal muxolif OAV kabi tanqid va hayp evaziga o‘quvchi ko‘paytirish kerak emas. Axir keyin hammasi vatanimiz g‘alabasi bilan yakunlanganda, bunday o‘zini tutish bilan uyalib qolish hech gap emas», deb yakunlagan ikki qismdan iborat postini Ramzan Qodirov.

Mavzuga oid