Jahon | 22:02
1187
5 daqiqa o‘qiladi

Qrim bir oyda «qulagandi», kichik Pokrovsk hamon «oyoqda»: 11 yilda nima o‘zgardi?

Oxirgi bir necha hafta ichida Pokrovsk Ukraina — Rossiya urushida frontning eng qaynoq nuqtasiga aylandi. Tinchlik davrida 300 ming atrofida odam yashagan bu shahar maydoni 30 km kvadrat ham chiqmaydi, lekin Rossiya juda katta kuch tashlaganiga qaramay, shaharni hamon to‘liq egallay olmayapti. Vaholanki, xuddi shu Rossiya 11 yil avval xuddi shu Ukrainaning yirik regioni, taqqoslash uchun maydoni butun boshli Isroildan katta bo‘lgan Qrimni uzog‘i bir oyda, urushsiz, biroz mubolag‘a bilan aytsak, bitta ham o‘q otmay olgandi. Xo‘sh, 11 yil ichida nima o‘zgardi?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hech kim sezmay qolgandi

Aslida 2022 yil fevralda boshlangan Rossiya —Ukraina urushining tamal toshi bugun biz eslayotgan 2014 yil fevralida qo‘yilgandi. O‘shanda Rossiya bir oy ichida Qrimni egallab, huquqiy jihatdan o‘z tarkibiga qo‘shib olishga ham ulgurgandi. Dunyo bu voqeani sezmaganini Rossiya 2014 yil qishki olimpiada, 2018 yil futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazganidan bilish mumkin. Hammasi shunchalik tez va puxta o‘ylangan reja bilan amalga oshirilgandiki, Ukraina qarshilik qilishga ham ulgurmagandi.

YouTube'da Qrim egallab olinishi haqida videolar ko‘p, ularni ko‘rishni maslahat beraman. Bilasizmi, hammasi juda kulgili kechgan: hech qanday belgilarsiz kiyingan bir guruh askarlar avval harbiy, keyin fuqarolik aeroportini egallab u yerga hech kimni, hatto aeroport direktorini ham kiritishmaydi.

Keyin prezident Poroshenko Ukrainaga tegishli hudud rahbariyati bilan muzokaraga kelib bunga ruxsat ololmaydi. «Yashil kiyimdagi odamlar» (Rossiyada shunaqa deyishni yaxshi ko‘rishadi) qisqa vaqt ichida butun Qrim hukumatini qo‘lga olib, u yerda referendumga tayyorgarlik boshlashadi. Va ko‘z ochib yumguncha Qrim Rossiya tarkibiga o‘tib ketadi.

So‘zimiz boshida Pokrovsk va Qrim maydonlarini bejizga keltirmadim, Pokrovsk juda kichik shaharcha, shunday bo‘lsa-da to‘liq urush holatidagi Rossiya uni egallab ololmayapti. Qrim butun boshli davlatlardan katta hudud, joylashuvi-ku alohida masala — Qora dengiz yuragida, u yerda floti bor davlat dengiz qiroli bo‘ladi. Darvoqe, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra 2014 yilgacha ham Qrimda Rossiya Qora dengiz floti joylashgandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Qrim Ukrainaning eng ko‘rkam va strategik jihatdan muhim regioni edi. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya urush holatida bo‘lmay turib, asosan o‘zi tayinlagan mahalliy siyosatchilar yordamida, imi-jimida, hatto xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmay Qrimni osongina egallab olgandi.

Hozir shunaqa bo‘lishini tasavvur qila olasizmi? Ukraina qaysidir shahrini jangsiz tashlab chiqishi mumkin deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, albatta. «18-kvadrat» degan ajoyib kinoda aytilganidek, urush boshlangach qo‘rquv yo‘qoladi. Ukrainlarda ham o‘shanda kuchli qo‘shnisiga qarshi jang qilish imkonsiz degan qo‘rquv, hayiqish, balki paranoya bor edi. Lekin otishma boshlangach, Kiyevdagi uylar tepasigacha raketa borib tushib, poytaxt biqinidagi aeroportga desant tashlangach, qo‘rquv ukrainlarni tark etdi.

Insonning tabiati shunaqa, o‘lim undan uzoq bo‘lsa, o‘lishdan juda qo‘rqadi, lekin ajal yaqin kelsa, uni, bolalarini o‘ldirishi muqarrar bo‘lgan raketa uyining tomiga kelib tushsa, insonda qo‘rquvdan asar ham qolmaydi. Axir odam boy berishi mumkin bo‘lgan oxirgi narsa uning joni, bu oxirgi bekat.

Urush shunchalik dahshatliki, inson o‘lmaslik uchun o‘zi bilmagan holda donoga aylanadi. Insonlik instinkti ishlab ketib, hech kim kutmagan ixtirolarni qiladi. Bugun Ukraina sharqiy shaharlaridan ajralay deb turibdi, bunga ko‘nishmaydi, lekin endi bu shaharlarni qaytarish qiyin masala. Lekin shunisi aniqki, endi bu davlat hech bir shahrini Qrimni topshirgandek qo‘shqo‘llab hech kimga berib qo‘ymaydi. Bizning ota-bobolarimiz to‘g‘ri aytgan: har ishda hikmat bor... Omon bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid