Jahon | 14:35 / 23.04.2026
2917
9 daqiqa o‘qiladi

Pentagonda yana iste’fo, Britaniyada chekishga qarshi qat’iy cheklov va qozoq nefti tranzitini to‘xtatgan Rossiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron—AQSh muzokaralari

Chorshanba kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikkita kemani qo‘lga oldi va strategik suv yo‘li ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi. Bu voqea AQSh prezidenti Donald Tramp hujumlarni noma’lum muddatga to‘xtatishini e’lon qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning ta’kidlashicha, to‘liq sulh faqat AQSh blokadasida olib tashlangan taqdirdagina ma’noga ega bo‘ladi. U Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «sulhning qo‘pol ravishda buzilishi» sharoitida qayta ochish imkonsiz ekanini aytdi.

«Siz harbiy tajovuz orqali maqsadlaringizga erisha olmadingiz va zo‘ravonlik bilan ham bunga erisha olmaysiz. Yagona yo‘l — Eron xalqining huquqlarini tan olishdir», deb yozdi G‘olibof.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi «dengiz qoidalarini buzgani uchun» ikkita kemani qo‘lga olgan va ularni Eron qirg‘oqlariga kuzatib borgan. Bu urush boshlanganidan beri Eron tomonidan kemalarning ilk bor qo‘lga olinishidir. Inqilobiy gvardiya shuningdek, bo‘g‘ozdagi tartib va xavfsizlikka qilingan har qanday aralashuv «qizil chiziq» deb hisoblanishidan ogohlantirdi.

Oq uy matbuot kotibi Eron qo‘lga olgan kemalar AQSh yoki Isroilga tegishli bo‘lmagani sababli ularning ushlanishi sulhning buzilishi emasligini aytdi.

Eron ham, AQSh—Isroil ittifoqi ham urushda g‘alaba qozonayotganini da’vo qilishda davom etmoqda. Seshanba kuni Tehronda o‘tkazilgan paradda Eron o‘zining ba’zi ballistik qurollarini namoyish etdi. Davlat televideniyesi Eron bayroqlarini hilpiratayotgan olomonni va fonda bo‘g‘ozni ushlab turgan musht tasvirlangan bannerlarni ko‘rsatdi. Umuman olganda vaziyat har ikki tomonni ham noaniq holatda qoldirmoqda.

Britaniya nikotindan zararlanmagan avlodni yaratmoqchi

Buyuk Britaniyada qonunchilar chekishga qarshi yangi qat’iy cheklovlarni ma’qulladi. Endi 17 yosh va undan kichik bo‘lgan bolalar, shuningdek, kelajakda tug‘iladigan har qanday shaxs hech qachon qonuniy ravishda sigaret sotib ololmaydigan bo‘ladi.

«Tamaki va veyplar to‘g‘risida»gi qonun tamaki mahsulotlarini sotib olishning qonuniy yoshini 2009 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug‘ilgan shaxslardan boshlab har yili bir yilga oshirib boradi. Bu esa mazkur yosh guruhlari uchun chekishga nisbatan butun umrlik taqiqni anglatadi.

Kelasi hafta qirol tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan ushbu qonun veyping ustidan nazoratni ham kuchaytiradi. Jumladan, 18 yoshga to‘lmaganlarga veyp va nikotin mahsulotlarini sotish taqiqlanadi. Shuningdek, ularning reklamasi, namoyish etilishi, bepul tarqatilishi va chegirmalar bilan sotilishi ham cheklanadi.

Hukumatning ta’kidlashicha, ushbu choralar chekishni kamaytirishga va yoshlarning nikotinga bog‘lanib qolishining oldini olishga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida sog‘liqni saqlash xizmati zimmasidagi bosimni yengillashtiradi.

«Buyuk Britaniyadagi bolalar chekishdan xoli bo‘lgan birinchi avlod vakillari bo‘lishadi hamda butun umrlik qaramlik va zarardan himoyalanadi», dedi sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Angliyada chekish har yili taxminan 64 ming kishining o‘limiga va 400 ming kishining kasalxonaga yotqizilishiga sabab bo‘ladi. Buning umumiy iqtisodiy zarari 26 milliard dollardan oshadi.

Rossiya Qozog‘iston nefti tranzitini to‘xtatdi

Chorshanba kuni Qozog‘iston energetika vaziri texnik cheklovlar tufayli may oyi davomida Rossiya orqali Germaniyaga neft tranziti amalga oshirilmasligini ma’lum qildi. Vazir Yerlan Akkenjyenov «texnik imkoniyat masalasi hal bo‘lishi bilanoq qozoq nefti tranziti qayta tiklanishini» qo‘shimcha qildi.

«Rossiya tomonidan hozircha rasmiy bayonot berilgani yo‘q. Ammo norasmiy manbalardan bilamizki, may oyi uchun «Drujba» quvuri bo‘ylab Germaniyaning Shved neftni qayta ishlash zavodiga tranzit ko‘rsatkichi haqiqatan ham nolga teng», dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «texnik imkoniyat yetishmasligi — katta ehtimol bilan Rossiya infratuzilmasiga berilgan so‘nggi zarbalar bilan bog‘liq». Vazir bu shunchaki uning taxmini ekanini ta’kidladi. Prognozlarga ko‘ra, uzilish — aprel, may, iyun oylari uchun ham bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston mazkur quvur orqali Germaniya zavodlariga kuniga 200 ming barrelgacha neft eksport qiladi. Qozoq nefti Germaniya Shved zavodi iste’molining taxminan 20-30 foizini tashkil qiladi.

Ammo «Drujba» quvuri orqali tranzit Qozog‘iston umumiy neft eksportining katta qismi emas. Endi rasmiy Ostona jo‘natilmagan neft hajmlari boshqa yo‘nalishlarga qayta yo‘naltiriladi.

Salvadorda ommaviy sud

21 aprel kuni Salvadorda jinoiy guruh a’zosi ekani aytilayotgan 486 nafar shaxsga nisbatan jamoaviy sud jarayoni boshlandi. Bu prezident Nayib Bukele favqulodda vakolatlar orqali to‘dalarga qarshi kurashi doirasida eng yirik ommaviy sudlardan biridir.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, «Mara Salvatrucha» to‘dasi a’zolariga qo‘yilayotgan ayblovlar 2012 yildan 2022 yilgacha sodir etilgan 47 mingdan ortiq jinoyatni o‘z ichiga oladi. Ayblovlar qatorida qotillik, tovlamachilik va noqonuniy qurol savdosi bor.

Hozirgi ish bo‘yicha ayblanuvchilar beshta qamoqxonada, jumladan, Salvadorning jinoiy to‘dalarga nisbatan murosasiz kurashi timsoliga aylangan mashhur CECOT qattiq tartibli qamoqxonasida saqlanmoqda.

Salvador prokuraturasi sudyadan har bir jinoyat uchun maksimal qamoq jazosini berishni so‘radi. Agar ayblanuvchi bir nechta moddalar bo‘yicha aybdor deb topilsa, u 245 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Salvadorda 2022 yilda kuchga kirgan va muntazam ravishda uzaytirib kelinayotgan favqulodda holat rejimi ostida xavfsizlik kuchlari 91 500 dan ortiq kishini hibsga oldi. Kongress esa ommaviy sud jarayonlariga ruxsat beruvchi farmonni qabul qildi.

Inson huquqlari tashkilotlari bunday jamoaviy ta’qiblar huquqiy tartib-qoidalarni buzishi va ayblanuvchilarning advokatdan foydalanishga to‘sqinlik qilishini aytmoqda.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari rahbari ishdan olindi

22 aprel kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari kotibi Jon Felan lavozimidan ozod etildi. Pentagon uning ketishini qisqa bayonotda e’lon qilib, u «darhol kuchga kiruvchi» tartibda ketishini bildirdi. Biroq vazirlik ketish sababini ochiqlamadi yoki bu Felanning shaxsiy qarori ekani haqida ham ma’lumot bermadi.

Manbalarga ko‘ra, Felan kemasozlikni tezlashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda juda sekin harakat qilgani hamda Pentagonning asosiy rahbariyati bilan kelisha olmay qolgani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Shuningdek, manba Felan idorasiga nisbatan olib borilayotgan etika tekshiruvini ham sabab sifatida ko‘rsatdi.

2 aprel kuni Hegset armiya shtabi boshlig‘i Rendi Jorjni ham hech qanday sabab ko‘rsatmasdan ishdan bo‘shatgandi.

So‘nggi kadrlar almashinuvi Eron bilan beqaror sulh davriga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, AQSh harbiylari Eron blokadasini amalga oshirishda dengiz flotiga tayanmoqda.

Dengiz floti o‘z kemalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha kuchli bosim ostida qolgan. Chunki Xitoyning kemasozlik sanoati — bir paytlar global yetakchi bo‘lgan AQShni ortda qoldirmoqda.

Trampning 2027 moliya yili uchun 1,5 trillion dollarlik mudofaa budjeti so‘roviga — yangi quriladigan 18 ta harbiy kema va 16 ta yordamchi kemani sotib olish uchun 65 milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritilgan.

Bu Pentagon tomonidan «Oltin flot» tashabbusi deb atalayotgan rejaning bir qismi bo‘lib, 1962 yildan beri kemasozlik uchun so‘ralgan eng yirik mablag‘dir.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid