Jahon | 14:01 / 04.03.2026
6667
4 daqiqa o‘qiladi

“Biz Yaqin Sharqdagi urushlardan charchadik” - amerikalik senator

AQSh Senatidagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer parlamentdagi yopiq eshituvlarda hukumat vakillarining javoblarini “mutlaqo qoniqarsiz” deb atadi. “Bu – Trampning urushi. Bu urushni boshlashga zaruriyat yo‘q edi”, dedi u. Senatning razvedka qo‘mitasi a’zosi Mark Uornerga ko‘ra, bu urushda amerikalik harbiylar Isroilning manfaatlari uchun o‘lyapti. “Erondan AQShga bevosita tahdid mavjud emas edi”, dedi siyosatchi.

Chak Shumer (chapda) va Mark Uorner / Foto: Kevin Dietsch / Getty Images

2-3 mart kunlari AQSh Kongressidagi yopiq sessiyalarda Amerika va Isroil tomonidan Yaqin Sharqda boshlangan yangi urush yuzasidan hukumat vakillari so‘roq-savol qilindi.

Prezident Tramp Eronga hujum qilishdan oldin Kongress roziligini olmagan edi.

Kongressdagi eshituvlarda davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshlig‘i Jon Retkliff va mudofaa vaziri Pit Hegset ishtirok etdi.

“Bu – zaruriyatsiz boshlangan urush”

Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer yopiq eshituvlardan keyingi bayonotida hukumat a’zolarining javoblaridan umuman qoniqmaganini aytdi:

“Ko‘plab savollar berildi, men ularning javoblarini mutlaqo qoniqarsiz deb hisoblayman. Shaxsan menda bu brifing javob olganimdan ko‘ra ko‘proq yangi savollarni uyg‘otdi.

Bu – Trampning urushi. Bu – zaruriyatsiz boshlangan urush. Trampning strategiyasi yo‘q, u urushni qanday tugatishni bilmaydi”.

Shumerning so‘zlariga ko‘ra, AQSh aholisi hukumatdan urushni emas, narx-navoni pasaytiradigan choralarni kutayotgan edi:

“Bu – Amerika xalqi xohlagan narsa emas. Amerika xalqi ularni ezayotgan narx-navo oshishiga qarshi samarali harakatlarni istayapti”.

“Bu – zaruriyat emas, tanlov asosida boshlangan urush. Demokratlar ham, respublikachilar ham, umuman siyosatga qiziqmaydiganlar ham – deyarli hamma bir fikrda yakdil: biz Yaqin Sharqdagi nihoyasiz urushlardan zada bo‘lib, charchadik”, – dedi demokratlar yetakchisi.

“Isroilning maqsadlari uchun amerikalik harbiylar qurbon bo‘lyapti”

AQSh Senatining razvedka qo‘mitasi a’zosi, demokrat Mark Uorner bu urushni boshlashdan AQSh emas, Isroil manfaatdor bo‘lganini aytdi.

“Ochiq-oydin ta’kidlashimiz kerakki, eronliklardan Amerika Qo‘shma Shtatlariga bevosita tahdid mavjud emas edi. Isroilga tahdid bor edi. Agar biz Isroilga tahdidni Qo‘shma Shtatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidga tenglashtirsak, unda biz xaritada yo‘q hududga tushib qolamiz.

Bu amaliyotdan ko‘zlangan maqsad 5-6 marta o‘zgarganini ko‘rib turibmiz. Bir hafta oldin Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish haqida gapirilayotgan edi. Bir necha kun oldin esa ballistik raketalarini yo‘q qilish maqsadini aytishdi. Keyin esa prezidentning o‘zi “maqsadimiz rejimni o‘zgartirish” dedi. Endi esa biz “Eron flotini cho‘ktirish” haqidagi gaplarni eshityapmiz.

Men shunday savol berdim: “AQSh prezidenti Eron xalqiga: “Ko‘tariling, bu mamlakatingizni qaytarib olish uchun imkoniyat” deb aytdi, lekin yuz ming eronlik Tehron ko‘chalariga chiqsa va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining shafqatsiz kuchlari ulardan 5 ming, 10 ming, 20 mingtasini o‘ldirsa, nima bo‘ladi?

Bu – zaruriyatsiz boshlangan urush bo‘ldi. Boshqalar ham e’tirof etganidek, bu urushning boshlanishida Isroilning maqsadlari va xronologik harakatlari ustuvorlik qildi. Isroil – AQShning buyuk ittifoqchisi, men Isroilni qat’iy qo‘llab-quvvatlayman, lekin yakunda ishonchim komilki, biz amerikalik harbiylar hayotini xavfga qo‘yayotgan ekanmiz, amerikaliklar orasida qurbonlarni ko‘rib turgan ekanmiz va ularning soni oshishi aniq bo‘lib turgan ekan, bevosita Amerikaning manfaatlariga tahdid bo‘lganini isbotlovchi dalillar bo‘lishi shart edi”, – dedi Uorner.

Ma’lumot uchun, 28 fevraldan boshlangan Yaqin Sharqdagi yangi urushda allaqachon 6 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lib ulgurdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid