O‘zbekiston | 16:08 / 29.08.2020
15765
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Odamlarimiz ham, mehmonlar ham yo‘lga qarab davlatga baho beradi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Ahmad Donish ko‘chasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘rdi. 

Ilgari bu ko‘cha o‘rtasidagi maydon beton devor bilan o‘ralgani sababli yo‘l juda ham tor edi. Yunusobod metro yo‘nalishining davomi qurilishi natijasida bu joy ochildi. Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Toshkent halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 km qismi 6 qatorli qilib qayta qurildi. 4 qatorli mavjud yo‘l rekonstruksiya qilindi. Piyodalar va velosiped yo‘lakchalari, maysazorlar tashkil etildi. Energiya tejamkor yoritish moslamalari o‘rnatildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yana bir muhim jihati – Ahmad Donish ko‘chasi o‘rtasidagi yashil hudud va ko‘cha bo‘ylaridagi daraxtlar saqlab qolindi. 1850 ta manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

- Yo‘l qurilishiga qo‘shimcha pul berib, zamonaviy texnikalar olingani bugun natijasini beryapti. Bu esa odamlarga manfaat, sifat keltirishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chorrahalarda yo‘l 92 metrgacha kengaytirilgan. Transport vositalari o‘ng tarafga to‘xtovsiz harakatlanishi ko‘zda tutilgan. Bu Ahmad Donish, Amir Temur, Bog‘ishamol kabi ko‘plab ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytiradi. Toshkent va Qibray tumanlari aholisining poytaxt markaziga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi. Ushbu yangi trassada bir kunda 60 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi mumkin.

Davlat rahbari bu yerda mutasaddilarga yo‘lsozlik sifati va ko‘lamini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

- Odamlarimiz ham, mehmonlar ham yo‘lga qarab davlatga baho beradi. Yo‘llar yaxshi bo‘lsa, xalqimiz rozi bo‘ladi. Shuning uchun bunday sifatli yo‘llarni hududlarda ham qurish, qishloq yo‘llarini ham o‘zgartirish kerak, - dedi prezident.

Shu yerda Yunusobod tumani aholisi vakillari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida amalga oshirilayotgan ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini ham borib ko‘rdi.

Turkiyaning Kalyon shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan, 8 qatorli yangi avtomobil yo‘li qurish, 2 qatorli mavjud yo‘lni rekonstruksiya qilish, energiya tejamkor yoritish moslamalari o‘rnatib, piyodalar va velosiped yo‘lakchalari, maysazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bir kilometr yo‘l qurishga yurtimiz va xorijda ketadigan mablag‘ hamda materiallar qatlamini tahlil qilish asosida yo‘l industriyasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Avtomagistrallar bilan birga ichki yo‘llarga ham alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid