Jahon | 18:49 / 05.08.2025
9695
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: agar neft narxi yana 10 dollarga tushsa, Putin odamlarni o‘ldirishni to‘xtatadi

Oq uy rahbari Rossiyaning iqtisodiyoti ayanchli ahvolda ekanini, agar neft narxi arzonlashaversa, Putinda boshqa chora qolmasligini aytdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, neft narxi tushishda davom etsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan urushni to‘xtatadi. Bu haqda u CNBC efirida aytib o‘tdi, uning so‘zlaridan The Guardian iqtibos keltirdi.

«Agar energiyatashuvchilari narxlari yetarlicha pasaysa, Putin odamlarni o‘ldirishni to‘xtatadi. Agar energiyatashuvchilari bir barrel uchun yana 10 dollarga arzonlashsa, unda shunchaki tanlov qolmaydi, chunki uning iqtisodiyoti dahshatli ahvolda», dedi Tramp.

Shuningdek, u Rossiya neftini sotib olishda davom etayotgan Hindiston uchun bojlarni oshirishga va’da berdi.

«Biz 25 foizga kelishib oldik, lekin o‘ylaymanki, keyingi 24 soat ichida men bu miqdorni sezilarli darajada oshiraman, chunki ular Rossiya neftini sotib olmoqda, ular harbiy mashinani oziqlantirmoqda. Va agar ular shunday qilishda davom etsa, bundan juda norozi bo‘laman», dedi AQSh prezidenti.

5 avgust kuni Londonning ICE birjasida Brent neftining oktyabr fyucherslari narxi 1,19 foizga tushib, bir barrel uchun 67,94 dollardan pasaydi. Brent markali neft narxi 28 iyuldan beri birinchi marta bir barrel uchun 68 dollardan past narxda sotildi. RBK ta’kidlaganidek, OPeK+ davlatlari sentabr oyida neft qazib olishni yana sezilarli darajada oshirishga kelishib olganidan so‘ng, «qora oltin» kotirovkalari bir hafta ichida eng past darajaga tushdi. Tahlilchilarga ko‘ra, OPeK+ qarori tufayli neft narxi bosim ostida qolmoqda.

8 avgust kuni Tramp Putinga qo‘ygan ultimatum muddati tugaydi. Bu muddatgacha AQSh prezidenti Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan. Rossiya prezidenti bu talabga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi. AQSh prezidenti bu muddat tugagach, Vashington Moskvaga nisbatan «bojlar va boshqa choralar» joriy etishini aytgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Putin Trampni «g‘azablantirishni» istamaydi va Vashington va umuman G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatini qo‘ldan boy berayotganini tushunadi, ammo unga «harbiy maqsadlar muhimroq».

Mavzuga oid