Jahon | 09:00
1751
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp 80 ga kirmoqda. 48-bo‘lish uchun zimdan kurash boshlangan

Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytganiga bir yil bo‘ldi. 80 yoshga qarab ketgan Tramp Amerikani yana uch yil boshqaradi. 2029 yil 20 yanvar kuni, o‘sha kungacha eson-omon yetib borsa, tantanali tarzda ikkinchi va oxirgi prezidentlik muddatini yakunlaydi. 2028 yil kuzda allaqachon keyingi prezident aniqlangan bo‘ladi. Shu bois amerikaliklar hozirdan keyingi prezident kim bo‘ladi, degan savolga javob izlamoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vens – «siyosiy voris»mi?

Amerikada allaqachon prezidentlik uchun kurash boshlanib ketgan. O‘zi u yerda shunaqa, bir prezident saylanganidan ko‘p o‘tmay keyingi saylov haqida o‘ylay boshlashadi. Avval ikki partiya ichida yakka nomzod bo‘lish uchun kurash kechadi, praymerizlar xuddi APLdagi Boxing Day kabi keskin o‘tadi. Partiyalar yakka nomzodni aniqlagach, asosiy saylov kampaniyasi start oladi. Hamma bir-biriga kompromat izlaydi, nomzodlarning bog‘chada nima yeb-ichganigacha titkilab chiqishadi. Orada Kongress, Vakillar palatasi saylovi ham bor: ha, amerikaliklar saylovdan saylovgacha yashaydi. Hali mahalliy gubernatorlik, merlik va yana o‘nlab lavozimlar uchun saylovlarni sanamadim. Amerikada bir kun gazeta o‘qimasangiz, siyosatdan orqada qolib ketasiz. Ana shunaqa, amerikalik bo‘lish ham oson emas.

Xullas, hali Tramp ikkinchi muddatining bir yilligini tugatib ulgurmay Oq uydagi chinovniklar orasida zimdan kurash boshlangan. Jyey Di Vens o‘zini Trampning siyosiy vorisi deb biladi, Marko Rubio ham bir vaqtlar prezidentlik orzusida edi, Oq uyda salkam xo‘jayinga aylanib keyin haydalib ketishga ham ulgurgan Ilon Maskni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Demokratlar ham asta-sekin uyg‘ona boshlagan, partiya a’zolari kuchli nokautdan keyin o‘zlariga yangi, yosh, samolyot trapiga yiqilmay chiqadigan, debatda zaboni burro lider izlayapti.

Lekin AQShning 48-prezidenti bo‘lishni hammadan ko‘p vitse-prezident Jyey Di Vens istamoqda. O‘zi shundog‘am vitse-prezidentlarda keyingi saylovlarda qolganlardan ko‘proq imkon bo‘ladi. Masalan, Jo Bayden Baraka Obama vaqtida, Kamala Harris Jo Bayden vaqtida vitse-prezident edi. Saylovchilar faqat prezidentga emas, u tanlagan vitse-prezidentga ham ovoz berishadi aslida.

Lekin Jyey Di Vens halitdan saylov kampaniyasini boshlab yuborgan ko‘rinadi. Charli Kirk degan Trampning tarafdori otib o‘ldirilgani esingizda bo‘lsa kerak. Yaqinda ana shu odam xotirasiga tadbir o‘tkazildi. Amalda respublikachilar partiyasi targ‘ibotiga aylanib ketgan tadbirda Trampning o‘g‘li va vitse-prezident Jyey Di Vens ham qatnashdi. Vens tadbir oxirida so‘zga chiqdi, xuddi targ‘ibot kampaniyalarida bo‘ladigani kabi. Yetmaganiga marhum Charli Kirkning bevasi Erika Kirk «Jyey Di Vens AQShning 48-prezidenti bo‘lishiga erishamiz», dedi. Bevaning bu gapini olqishlar bilan qarshi olishdi.

Ana shunaqa gaplar grin-kartani bekor qilgan Trampning Amerikasida. Populist Vens hali prezidentlikka nomzod bo‘lishi haqida gapirgani yo‘q, chunki hozirdan bu haqda gapirishi uning xo‘jayiniga yoqmasligi aniq. Lekin Tramp ham Vens o‘zidan keyin Oq uy rahbari bo‘lib qolishini istashiga bir necha marta ishora qilgan. Hali demokratlarda yaqqol nomzod yo‘qligi hisobga olinsa, Vensning imkoniyatlari yaxshi.

Yana bir gap, Jyey Di Vens prezidentlikka saylansa, Oq uyga boradigan boshqa davlat prezidentlariga oson bo‘lmaydi. Ular so‘zlarini rahmat aytish bilan boshlab, rahmat aytish bilan tugatishiga to‘g‘ri keladi. Bo‘lmasa, 28 fevral kuni Oq uyda mehmon bo‘lgan bir prezident holiga tushmasliklariga hech kim kafolat bermaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid