Jamiyat | 16:00 / 26.07.2017
16340
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim sifatini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi inspeksiya kuzatib boradi

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi 515-son “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. 

Norma.uz’ning yozishicha, uning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

•  ta'lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;
•  idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, ta'lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
•  o‘quvchilar, talabalar va tinglovchilar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari, davlat talablari va malaka talablariga muvofiqligini tahlil qilish, ta'lim muassasalari reytingini aniqlash;
•  Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi sifatida nodavlat ta'lim muassasalariga litsenziyalar berish;
•  xorijiy mamlakatlarda berilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash)ni tashkil etish;
•  respublika hududida xorijiy ta'lim muassasalarining ta'lim faoliyatini yuritish huquqiga ruxsatnomalar berish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish;
•  ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish.

Davlat inspeksiyasiga boshliq boshchilik qiladi, u o‘rinbosarga ega. Ular Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadi. Boshliq maqomiga ko‘ra vazirga, boshliq o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 108 nafarni tashkil qiladi. Davlat inspeksiyasi xodimlariga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi.

Davlat inspeksiyasi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Nurxon ko‘chasi, 21-uy manzilida joylashgan.

Har bir oliy ta'lim muassasasida  - Nazorat bo‘limi

Respublikaning barcha oliy ta'lim muassasalari tuzilmasida o‘z shtatlari doirasida ta'lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari tashkil etiladi. Bo‘limda 3 nafar  xodim bo‘ladi: boshliq (oylik ish haqi dekan lavozimiga tenglashtirilgan) va 2 nafar bosh mutaxassis. Ular Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
 
Bo‘limlar talabalar bilimlarining davlat ta'lim standartlariga muvofiqligini o‘rganish, kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish hamda oliy ta'lim muassasasini ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va ichki attestatsiya natijalarini, ta'lim sifatiga ta'sir etgan omillar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oliy ta'lim muassasasi rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etish bilan shug‘ullanadi.

Yangi yig‘imlar joriy qilinadi

Joriy yilning 1 oktabridan:

•  umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'lim muassasalarida birinchi va oliy malaka toifali, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimidagi hamda mazkur malaka toifalari va lavozimlarga talabgor pedagog kadrlarga malaka toifasini berishda  - EKIHning 1 barobari miqdorida;
•  nodavlat ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun - EKIHning 10 barobari miqdorida yig‘im joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid