17:57 / 01.06.2024
2741

“Insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur” – Xalqaro bolalar kuni nega nishonlanadi?

“Bola – inson, uning huquqlari – asosiy inson huquqlaridir. Unga xuddi shunday munosabatda bo‘lish shart”. Rasman e’lon qilingani va muhim sana sifatida nishonlanayotganiga yarim asrdan oshgan Xalqaro bolalar kuni dunyoda qanday nishonlanadi? Uning tarixi qanday? Nega dunyo hamjamiyati bu kunni muhim hisoblaydi? Kun.uz'ning sanaga bag‘ishlangan maqolasida shular haqida bilib olishingiz mumkin.

Foto: Shutterstock

Xalqaro bolalar kuni dunyoda turlicha sanalarda nishonlanadi. Aksariyat g‘arb mamlakatlarida bu kun 20 noyabrga to‘g‘ri kelsa, barcha possovet hamda ba’zi dunyo davlatlarida 1 iyun Xalqaro bolalar kuni sifatida bayram qilinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda 145 dan ortiq davlat bu kunni bayram qiladi, aynan 1 iyunni nishonlovchi davlatlar soni 49 tani tashkil qiladi.

Bu kunda jamiki bolalarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning farovonligini ta’minlash masalalari ko‘tariladi, muammolarga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkaziladi, bolalar ishtirokida ko‘ngilochar shoular uyushtiriladi.

Kunning qisqacha tarixi

Dunyo mamlakatlarining Xalqaro bolalar kunini nishonlash taklifi berilishi bir nechta sanalar bilan bog‘lanadi. Ba’zi manbalarda bu sana 1920 yil Turkiyada paydo bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilsa, yana ba’zilarida 1950 yilda boshlangani aytiladi.

Lekin axborotlarning deyarli barchasida 1 iyun 1954 yilda BMT rezolyutsiyasi bilan bolalar huquqlarini himoya qilish, mehnatiga chek qo‘yish va ta’lim olish imkoniyatini kafolatlash maqsadida “Xalqaro bolalar kuni” sifatida ta’sis etilgani qayd etiladi.

Umumjahon bolalarni himoya qilish jamiyati sana haqida gapirar ekan, bolalarga nisbatan qarash, munosabatni o‘zgartirish hamda bolalar farovonligini oshirish zarurligini aytadi. Ya’ni “bola – inson, uning huquqlari – asosiy inson huquqlaridir. U xuddi shunday munosabatda bo‘lishga haqli va maxsus kunda shu masalalar eslanishi lozim”.

“Insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur”

1925 yilda bolalar farovonligi bo‘yicha o‘tkazilgan butunjahon konferensiyasida 1 iyun “Dunyo e’tiborini bolalar bilan bog‘liq muammolarga qaratish” kuni deb e’lon qilingan. Unda qatnashgan mamlakatlar “insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur” ekanini anglab yetgan. Shu sabab konferensiyada “Bola huquqlari bo‘yicha Jyeneva deklaratsiyasi” qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, 5 ta ustuvor vazifalar ilgari surilgan.

Ya’ni:

1. Bolaga moddiy va ma’naviy jihatdan normal rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan vositalar berilishi;

2. Och qolgan bola ovqatlantirilishi, kasali davolanishi, qolog‘iga yordam berilishi, huquqbuzari o‘nglanishi, yetim va go‘dak bo‘lgani esa boshpana va yordam berilishi kerak;

3. Qiyin vaziyatlarda birinchi navbatda bolaga yordam berilishi;

4. Bolaning yashashi uchun sharoit yaratilishi va har qanday ekspluatatsiyadan himoyalanishi;

Bola o‘z iqtidorini yaqinlarining xizmati uchun safarbar etishi mumkinligini uqtirgan holda tarbiyalanishi lozim.

Ta’kidlanishicha, 1959 yilda BMT yuqorida eslatilgan Jyeneva deklaratsiyasiga asoslangan “Bola huquqlari deklaratsiyasi”ni qabul qildi va “insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur” ekanini yana bir bor rasman tasdiqladi.

Bu yangi deklaratsiya bolalarni tug‘ilishdan oldin ham, tug‘ilgandan keyin ham himoya qilishning 10 ta tamoyilini o‘zida aks etgan. Shundan so‘ng 1989 yilda inson huquqlari bo‘yicha tarixdagi eng tez va keng ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnoma aynan “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” bo‘ldi, yuqoridagi deklaratsiyalar shu konvensiyaning qabul qilinishiga asos bo‘lib xizmat qildi.

Dunyoda bolalarga qanday yordam qilinadi?

Dunyo bo‘ylab 600 mln nafar bola o‘ta qashshoqlikda yashaydi. Har kuni ularning 22 mingtasi shundan vafot etadi. Bolalarning oilalari kuniga 1,25 dollardan kam pul topib, shu bilan yashashga harakat qiladi. Bunday bolalar ko‘pincha dori-darmon, ta’lim va boshpanadan mahrum. Ko‘pchiligi toza suvsiz yashaydi.

Qashshoqlikda tug‘ilgan ko‘plab bolalar uchun hayotning birinchi kuni ham oxirgisi hisoblanadi. Ularning ko‘pi besh yoshga to‘lmasdan hayotdan ko‘z yumishi aniqlangan. Himoyasiz va charchagan, mehr, imkoniyatdan mosuvo bo‘lgan bolalarning bunday tanglikdan chiqmasligi qashshoqlikning avloddan-avlodga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganidan beri dunyoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ikki barobarga kamaygan. Jahon hamjamiyati tomonidan bolalarga turli ko‘rinishlarda yordamlar qilinadi. Qayd etilishicha, amaliy harakatlar sabab har bir bolaning imkoniyatlarini yaxshilanadi, kasallik, to‘yib ovqatlanmaslik kabi muammolar minimallashtiriladi. Bularning hammasi mahalliy homiyliklar va xalqaro donorlar yordamida amalga oshiriladi.

Xalqaro bolalar kunini qanday nishonlash mumkin?

Bayram kuni bahonasida bolalarga unutilmas daqiqalarni, umuman olganda baxtli bolalikni hadya qilish mumkin. Bu vazifa esa kattalarning, asosan ota-onalarning zimmasida turadi.

1 iyunni, albatta, hashamatli o‘tkazish shart emas. Uni qanday ko‘rinishda o‘tkazishdan qat’i nazar, oila bilan birgalikda tashkil etish muhim. Quyida kunni qanday o‘tkazish bo‘yicha ayrim foydali tavsiyalar bilan bo‘lishamiz:

1. Maxsus tadbirlar

Bolalar kuni bu - bolalar uchun alohida kun. Bu ularning tug‘ilgan kunlari, yoki boshqa bayramlarning kombinatsiyasiga o‘xshaydi. Qiziqarli kunni nishonlash uchun ko‘pgina savdo markazlari, bog‘lar va do‘konlarda barcha yoshdagi bolalar uchun ajoyib tadbirlar rejalashtiriladi, shularda ishtirok etish mumkin.

2. Pikniklar

Maxsus kunni bolalaringiz bilan bog‘da yaxshi eski uslubdagi piknik, jumladan, bolalar uchun sevimli mahsulot va mashg‘ulotlar bilan nishonlash imkoniyati bor. (Eslatma: bunday pikniklar atrof-muhitni ifloslashga xizmat qilishi kerak emas, ask holda bu farzandga ham noto‘g‘ri “message” beradi)

3.Tabiatda hordiq olish

Bu kunda oila bilan uzoqroq masofalarga ketib, tabiat qo‘ynida dam olish, imkoniyat bo‘lsa, tunab qolish mumkin. Hozirgi ekologiya bilan bog‘liq vaziyatda vaqtni toza havo va yashillik qo‘ynida o‘tkazish bolalarning miya faoliyati hamda kayfiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

4.Kino

Issiq va tirbandlik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kunda uyda popkorn, turli shirinlik va ichimliklar bilan film tomosha qilishingiz mumkin.

5.Birgalikda taom pishirish

Ba’zida tayyorgarlikning bir qismi bo‘lish asosiy voqea kabi alohida ahamiyatga ega. Dasturxonga tortiladigan, bolalar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan jarayonlarda taomlarni birgalikda pishirish mumkin. Bu mashg‘ulot bolalarda kreativlik va ijodkorlikni oshiradi.

Bundan tashqari, hayvonot bog‘iga borish, yoshi ulug‘ insonlar bilan diydorlashish, turli o‘yin tadbirlarini uyushtirish ham rejaga qo‘shish mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlar sirasiga kiradi. Nima bo‘lsa ham kuningizni bolalar bilan unumli tashkil qiling.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Top