Jahon | 22:39 / 14.10.2020
23019
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Yevropa davlatlari «g‘amgin haftalar»ga tayyorlanmoqda

Yevropa rahbarlari o‘z davlatlarini «qiyin va g‘amgin haftalar»ga tayyorlashmoqda, Jahon banki rivojlanayotgan mamlakatlar aholisini emlash uchun milliardlab mablag‘ ajratmoqda, Parijda komendantlik soatini qayta joriy etish taklifi muhokama qilinmoqda.

Polshaning Zakopane hududida birinchi qor yog‘di / EPA/Vostock-photo

Yevropaning ba'zi mamlakatlarida maktablarning navbatdan tashqari ta'tillari tashkil etilmoqda, ko‘plab shifoxonalarda rejalashtirilgan operatsiyalar bekor qilinyapti, so‘nggi oylarda allaqachon katta moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelgan do‘kon, restoran va kafe egalari qish oldidan yangi yopilishlar to‘lqinidan xavotirga tushishmoqda. 

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi boshlanganidan beri dunyoda 38,1 million odam virusni yuqtirib olgan, deyarli 1,1 million kishi vafot etgan. 

Jahon banki rivojlanayotgan mamlakatlarga koronavirus vaksinasini yetkazib berishda foydalaniladigan 12 milliard dollarlik yordam paketini tasdiqladi. 

Pul mablag‘lari dori-darmonlarni sotib olish va yetkazib berishga, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri emlash, testlar va bemorlarni nazorat qilishga sarflanadi.

Jahon banki ajratilgan mablag‘ bir milliardga yaqin odamni emlash uchun yetarli bo‘lishi kerak deb umid qilmoqda.

Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini oldidan Suriya hukumati Damashqdagi sport majmuasida koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun vaqtinchalik kasalxona tashkil etilishiga buyruq berdi.

Kasalxona 220 o‘ringa mo‘ljallangan, shundan 120tasi qo‘shimcha kislorodga muhtoj bemorlar uchun ajratiladi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya hukumati nazorati ostidagi hududlarda mart oyidan beri 4774 kishi koronavirusga chalingan va 228 kishi vafot etgan, ammo mutaxassislar ularning haqiqiy soni ancha yuqoriligini ta'kidlashadi.

Britaniya mahalliy karantin tizimiga o‘tadi
14 oktyabrdan Buyuk Britaniyada uch bosqichli cheklovlar tizimi ishlay boshladi. Darajalar tasnifi quyidagicha: o‘rtacha, yuqori va eng yuqori xavfli. Amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning qat'iyligi mamlakatning turli mintaqalaridagi epidemiologik vaziyat bilan belgilanadi. Ayni paytda eng qoniqarsiz mintaqa Liverpul bo‘lib, u yerda spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi maskanlar - qovoqxona va barlar yopiladi, ammo issiq ovqat tayyorlovchilar bundan mustasno. Shahar kengashi ma'lumotlariga ko‘ra, kasalxonalardagi reanimatsiya bo‘limlari bemorlar bilan deyarli to‘lgan.

Hukumatning tegishli rasmiylari Manchester va uning atroflari, Lankashir grafligi va boshqa bir qancha tumanlarni eng yuqori xavf toifasiga kiritish imkoniyatlarini muhokama qilishmoqda. Shu kabi darajadagi tizim Shotlandiyada ham amalda. 

Shimoliy Irlandiya bugun amal qilish muddati hozircha bir oy etib belgilangan qisman lokdaun doirasida maktablar, restoranlar va qovoqxonalarning to‘liq yopilishini e'lon qildi. Soat 20:00dan keyin spirtli ichimliklarni sotishga taqiq joriy etildi, bino ichidagi sport mashg‘ulotlari, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordamdan tashqari har qanday kontaktli muolajalar man etiladi. Mamlakat bo‘ylab birgalikda yashamaydigan odamlarning olti kishidan ortiq bo‘lib to‘planishiga ham taqiq qo‘yilgan. 

Yevropada «qiyin va g‘amgin haftalar»

Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Roman Primula televizion murojaatida xalqni yaqin bir necha hafta qiyin va g‘amgin bo‘lishidan ogohlantirdi. Mamlakatda qisman lokdaun joriy qilingan, maktablar, talabalar yotoqxonalari va barlar yopilmoqda. So‘nggi kunlarda Chexiyada kasallanish holatlari keskin ortdi. 

Niderlandiyada chorshanba oqshomidan boshlab kafe va restoranlar yopiq, bir qator mintaqalarda qisman lokdaun joriy etildi. Cheklovlar to‘rt haftaga mo‘ljallangan, ammo uzaytirilishi mumkin. Mamlakatda kasallanish sur'atining bahorda kuzatilgan miqyosdan oshib ketishi kuzatildi. Shuningdek, bundan bir kun avval Niderlandiyada dunyodagi Covid-19 bilan qayta kasallangan bemorlar orasida birinchi o‘lim holati qayd etilgandi - virusni ikkinchi marta yuqtirib olgan keksa yoshli ayol vafot etdi.

Germaniyada aprel oyidan beri birinchi marta bir kunda 5 mingdan ortiq odamga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi, 43 kishi vafot etdi. Qator mahalliy rahbarlarning qaroriga ko‘ra, virus eng keng tarqalgan mintaqalar aholisi mamlakatning boshqa qismlaridagi mehmonxonalarda tura olmaydi, ideal holda esa ushbu hududlarni tark etish ham cheklanishi kerak. Kansler Angela Merkel vaziyat butun Yevropa bo‘ylab jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ta'kidlagan.

Germaniya aeroportlarida yuqori xavf darajasiga ega mamlakatlardan keluvchilar uchun majburiy koronavirus testi joriy etilmoqda. Ilgari bunday yo‘lovchilar faqat 14 kun davomida o‘zini izolyatsiya qilishi kerak edi. Bar va restoranlarda aloqa ma'lumotlarini taqdim etishdan bosh tortganlik uchun jarimalar joriy etildi. Bunday ma'lumotlardan ko‘plab mamlakatlarda bemorlar kontaktlarini kuzatish uchun foydalaniladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bugun tunda televideniye orqali yangi cheklovlar to‘g‘risida chiqish qiladi. Ehtimoliy choralar qatoriga Parij, Lion va Lill kabi nisbatan qoniqarsiz vaziyatdagi shaharlarda komendantlik soati joriy etilishi kiritilgan. 

Ispaniya shimoli-sharqidagi Kataloniya hukumati bar va restoranlarni oktabr oyining oxirigacha yopish haqida o‘ylamoqda. Covid-19 bilan kasallanganlar soni mintaqadagi shifoxonalarda tez sur'atlarda o‘sib bormoqda. 

Bolgariyada o‘tgan kun davomida 785ta yangi holat aniqlandi, sakkiz kishi vafot etdi. Mamlakat bo‘yicha eng yomon ahvol Sofiyada kuzatilmoqda.

Mavzuga oid