Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hasharot chaqishi oqibatida yuzaga keladigan og‘ir allergik holatlarga qarshi immunoterapiya muolajasi yo‘lga qo‘yildi
Mazkur terapiya Markaziy Osiyo miqyosida ilk bor qo‘llanayotgan bo‘lib, uning yordamida organizmda hasharot zahriga nisbatan immunitet hosil qilinadi. Ya’ni tana ari va boshqa hasharotlar nishiga asta-sekin moslashadi, oqibatda ichki tizim zaharni “dushman” sifatida qabul qilib, kuchli allergik reaksiyalar ko‘rsatmaydi. Shu tariqa inson hayotini xavf ostiga qo‘yuvchi anafilaktik shok kabi holatlarning oldi olinadi.
Foto: Shutterstock
Anafilaktik shok deb ataladigan og‘ir holatlarning 20–30 foizi hasharot chaqishi sababli yuz beradi. Bu juda xavfli allergik reaksiya bo‘lib, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, inson hayoti xavf ostida qoladi, ba’zi hollarda o‘lim bilan yakunlanishi ham mumkin.
Uning asosiy sababi insekt allergiya, ya’ni hasharot chaqishiga nisbatan tanada paydo bo‘ladigan allergik reaksiyadir. Tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikovaning so‘zlariga ko‘ra, bunday allergiya asosan pardaqanotli hasharotlar chaqishidan keyin paydo bo‘ladi. Ular qatoriga asalari, oddiy ari, qovoqari (qizil ari), tuproq arisi va ba’zan chumolilar kiradi.
Ushbu hasharotlar chaqqanda zahri tanaga kiradi va ayrim insonlarda immun tizimi mazkur moddalarga haddan tashqari kuchli reaksiya bildiradi. Oqibatda tanada kuchli holsizlanish, teri oqarishi, qichishish, toshma yoki qavarchiq paydo bo‘lishi, yuz va tomoq sohasida shish kuzatiladi. Og‘ir holatlarda esa bemor nafas ololmay qoladi, qon bosimi keskin tushadi va hushdan ketadi, bu esa anafilaktik shokning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, hasharot chaqqanda yuzaga keladigan og‘ir allergik reaksiya bolalarga qaraganda kattalarda ko‘proq uchraydi. Chunki ular hayot davomida hasharot zahariga bir necha bor duch kelgan bo‘lishi mumkin, bu esa organizmni kuchliroq javob berishga moyillashtiradi.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Markaziy Osiyo bo‘yicha ilk bor bunday holatlarga qarshi yangi immunoterapiya usuli joriy qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida aytilishicha, hayot uchun xavfli bo‘lgan shu kabi holatlarning oldini olish imkonini beruvchi yagona samarali usul allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) hisoblanadi. Ushbu muolaja turida allergenlar (masalan, ari zahri, o‘simlik changi)ning tuzli-suvli eritmasi bemor organizmiga kichik dozalarda titrlab yuboriladi. Shundan so‘ng spetsifik antitana miqdori kamayishi, ya’ni allergenga nisbatan javob reaksiyasi pasayishi kuzatiladi.
Natijada qondagi umumiy IgE miqdori ozayib, bloklovchi antitana, ya’ni IgG4 ko‘payadi va kasallik simptomlari ozayadi, ayrim hollarda xastalik bemorni umuman bezovta qilmasligi ham mumkin.
“Joriy yil markazimizda Markaziy Osiyoda ilk bor ari zahri asosida tayyorlangan maxsus immunoterapiya preparati yordamida bemorlarni davolashni yo‘lga qo‘ydik. E’tiborli jihati, hozirgacha bu muolaja usuli dunyo bo‘yicha atigi ikki mamlakat – Gruziya va Turkiyada amalga oshirib kelinayotgan edi. Endilikda ular safiga O‘zbekiston ham qo‘shilib, mazkur ilg‘or texnologiyani joriy etgan uchinchi davlat sifatida jahon tibbiyot hamjamiyati e’tiboriga tushdi”, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Ilmira Razikova.
Mavzuga oid
20:24 / 03.06.2019
Makkajo‘xorida uchrovchi zararkunanda butun dunyo qishloq xo‘jaligiga xavf solmoqda
22:25 / 12.02.2019
Olimlar global ekologik falokat yuz berishidan ogohlantirdilar
20:26 / 04.06.2017
Immunoterapiya eng xavfli ko‘krak bezi saratonini yengdi
19:23 / 08.12.2016