Jamiyat | 13:44 / 19.07.2021
37890
8 daqiqa o‘qiladi

Hayit namozi o‘rniga Zuho namozi. U qanday ado etiladi?

2021 yil 16 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, Qurbon hayitini nishonlashga doir fatvosini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Qurbon hayiti namozi bekor qilindi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etildi.

Foto: Getty Images

Zuho namozi qanday namoz va u qay yo‘sinda ado etiladi?

Zuho namozi manbalarda turli nomlar bilan zikr qilingan bo‘lib, ko‘proq “Ishroq namozi”, “Shuruq namozi”, “Avvobiyn namozi” va “Choshgoh namozi” deb yuritiladi.

Hukmi: Zuho namozini ado etish nafl amal sanaladi. Nafl deb, kishini o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda bajaradigan amaliga aytiladi. Ya'ni, Zuho namozi – bir kunda besh mahal ado etilishi majburiy bo‘lgan farz namozlarini to‘ldiruvchi, ixtiyoriy suratda ado etilsa, ulkan savob bo‘ladigan namoz hisoblanadi.  

Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda, ya'ni quyosh chiqqandan taxminan 20 daqiqa keyin boshlanadi.

Oxirgi vaqti esa kun tikkaga kelgan vaqtdan bir soat avvalgi vaqtgacha hisoblanadi. Ushbu ikki vaqt oralig‘ida Zuho namozini ado etish mumkin.

Necha rakatdan iborat?

Zuho namozini ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qish mumkin. Eng afzali to‘rt rakat o‘qishdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakat o‘qiganlari Oisha raziyallohu anhodan naql qilingan. Zuho namozida ma'lum suralarni o‘qish shart qilinmagan. Ushbu namoz ovoz chiqarmasdan maxfiy, yolg‘iz holatda o‘qiladi.

Ushbu namozning fazilati

Zuho namozining fazilatiga doir ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Muoz ibn Anas al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to zuho namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim zuho namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning har bir a'zongizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz (Subhanalloh) – sadaqa, har bir hamd aytishingiz (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlilingiz (“La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz (Allohu akbar) – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namozini o‘qishingiz kifoyadir”, - dedilar (Imom Muslim rivoyatlari)

Zuho namozini o‘qish tartibi

Namozga kirishish:

- Namozni boshlashdan avval quyidagicha niyat qilinadi: “To‘rt rakat zuho namozini xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim”.

- Keyin ikki qo‘lni quloqning yumshoq joyiga olib borib, “Allohu akbar” deb namozga kiriladi.

- Keyin qo‘llar tushirilib, kindik ostida bog‘lanadi.

Birinchi rakat:

- Qo‘llar bog‘langandan keyin quyidagi “Sano” duosini o‘qiydi: “Subhaanakallohumma vabihamdika vatabaaro kasmuka vata'aalaa jadduka valaa ilaaha g‘oyruk”.

- So‘ng “A'uzu” va “Bismillah”ni aytib, “Fotiha” surasini o‘qiydi.

- Keyin “omiyn” deydi.

- So‘ngra o‘zi yaxshi bilgan bir surani zamsura sifatida o‘qiydi.

- Keyin “Allohu akbar” deb, ruku qiladi.

- Rukuda uch marta “Subhaana robbiyal 'azim”, deyiladi.

- So‘ngra “Sami'allohu liman hamidah”, deb boshini rukudan ko‘tarib, yana tik turiladi.

- Keyin “Robbanaa lakal hamd”, deb biroz tik turadi

- Keyin “Allohu akbar” deb sajdaga boradi. Sajdada uch marta “Subhana robbiyal a'laa”, deydi.

- Sajdadan “Allohu akbar” deb qaytib, xotirjam holatda, qo‘llarini soni ustiga qo‘yib o‘tiradi

 - Keyin yana “Allohu akbar” deb yana bir marta sajda qiladi. Unda ham uch marta “Subhana robbiyal a'laa”ni aytadi.

Keyin “Allohu akbar” deb ikkinchi rakatga turadi.

Ikkinchi rakat:

- Ikkinchi rakat ham birinchisi kabi bo‘ladi. Faqatgina ikkinchi rakatda “Sano” o‘qilmaydi, “A'uzu” aytilmaydi.

- Namozxon ikkinchi rakatda ikki marta sajda qilib bo‘lgandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.

- Keyin “Allohu akbar” deb uchinchi rakatga turadi.

 Uchinchi rakat:

- Uchinchi rakatda ikkinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa shuni bajaradi.

 - Uchinchi rakatning ikki marta sajdasidan keyin o‘tirmasdan to‘rtinchi rakatga turadi.

 To‘rtinchi rakat:

 - To‘rtinchi rakatda uchinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa, shuni qiladi.

- To‘rtinchi rakatning ikki sajdasini bajargandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.

- Keyin “Allohumma soli 'alo...” va “Allohumma borik 'alo...” salavotlarini o‘qiydi.

- Mazkur ikki salavotdan keyin “Allohumma mag‘firli...” yoki “Robbanaa aatinaa fid dunya...” duolaridan birini o‘qiydi.

- Keyin avval o‘ng yelkasiga qarab, “Assalamu alaykum va rohmatulloh” deb salom beradi.

- Keyin chap yelkasiga qarab “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, deb salom beradi.

Shu bilan to‘rt rakatli zuho namozi ado etilgan hisoblanadi.

2021 yil 20 iyul - Qurbon hayiti kunidagi Zuho namozini o‘qish vaqti

Qurbon hayitining birinchi kuni 2021 yil 20 iyul, seshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xabar qilingan edi. Shunga ko‘ra, 2021 yil 20 iyul kuni Zuho namozi Toshkent vaqti bilan soat 05-26 dan quyosh tikkaga kelishidan 1 soat oldingi vaqtgacha, ya'ni soat 11-30 gacha davom etadi.

Boshqa hududlardagi Zuho namozi Toshkent vaqti bilan tafovut inobatga olingan holda ado etiladi.

 Alloh taolo Qurbon hayiti kunida ado etilajak Zuho namozini barchamizdan qabul aylab, shu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to‘ldirsin! Koronavirus bilan bog‘liq pandemiya sayyoramizdan tezroq daf bo‘lishini nasib etsin!

Zuho namozining viloyatlarda o‘qiladigan vaqtlari

Eslatma: Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.

Ushbu maqola Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan.

Mavzuga oid