O‘zbekiston | 19:08 / 08.07.2021
14194
3 daqiqa o‘qiladi

Advokat: O‘zimizni xuddi yurisprudensiyaning “o‘gay farzandiday” his qilamiz

DXX vakili advokatlar amaliyotda jinoyatchining daxlsizlik huquqiga ega jinoiy sherigiga aylanib qolayotgani haqida fikr bildirgandi. Advokat Razzoq Altiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu fikrga munosabat bildirdi.

Razzoq Altiyev davlat mansabdorlaridan bunday fikrlarni eshitish advokatlarga juda og‘ir ta'sir qilishini ta'kidladi.

“Biz o‘zimizni xuddi yurisprudensiyaning o‘gay farzandiday his qilamiz. O‘sha nutqni eshitganimizda ham ranjidik”, – deydi u.

Advokatning aytishicha, aybdor shaxsga nisbatan ayblov pozitsiyasi yuritilayotganida ham uning himoyalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan.

“Birinchidan, himoya huquqi ­­­­– bu konstitutsiyaviy huquq hisoblanadi. Ikkinchidan, shaxs o‘zining himoyasi uchun zarur bo‘lgan va hech kimga aytmagan holatni oydin qilib advokatga aytadi va bu advokatlik siri hisoblanadi. Advokatlik siri qonun bilan himoyalanadi. Har bir fuqaroda o‘z siriga ega bo‘lish huquqi bor. Qachonki unga nisbatan ayblov e'lon qilinganda, uning shaxsiy sirlarini advokat saqlaydi. Agar biz himoya ilinjida bizga murojaat qilgan shaxsning sirlarini va uning aybliligiga daxldor ma'lumotlarni ommaga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oshkor qilsak, bizga kim ishonadi?

Advokat Razzoq Altiyev

Biz tabiiy huquqlarga egamiz. Inson mukammal yaratilmagan va xato qilish tabiatiga ega. Hammamiz xato qilamiz. Qaysidir hollarda bizning xatomiz ijtimoiy xavfli bo‘lib qolishi mumkin. Ayrim hollarda o‘sha qilmish jinoyat ekanini bilmasligimiz mumkin.

Yoki (himoyam ostidagi shaxs) qandaydir maslahat soladi – tergovga noma'lum, lekin jinoyat alomatlariga ega qaysidir qilmishini o‘zi aytishi mumkin. Lekin bunday holatlarni aytishga bizning haqqimiz yo‘q. Advokatura institutining mohiyati shunda.

Har bir shaxsning himoyalanish huquqi Konstitutsiyada kafolatlangan.

Shunday holatlar bo‘ladiki, hatto shaxsning yaqin qarindoshlari uning uyiga kelmaydi, xabar olmaydi. Jarayondan qo‘rqadi: “Hozir borsam, meniyam javobgar qilib qo‘yishadi”, deydi. O‘sha jarayonda kim uning yonida turadi? Advokat turadi”, – deydi Razzoq Altiyev.

Avvalroq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura sohasi vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda DXX rasmiysi amaliyotda advokat jinoyatchining daxlsizlik huquqiga ega jinoiy sherigiga aylanib qolayotganini aytgandi va bu fikr advokatlarda norozilik uyg‘otgandi.

Mavzuga oid