O‘zbekiston | 17:34 / 25.02.2026
5951
2 daqiqa o‘qiladi

28 fevralda o‘zbekistonliklar sayyoralar paradiga guvoh bo‘lishadi

Sayyoralar paradida Quyosh tizimidagi 6 ta sayyora – Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter ishtirok etadi. Ularning faqat 4 tasini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ushbu noyob astronomik hodisa Quyosh ufqqa botganidan keyin O‘zbekistonning barcha hududidan ko‘rinadi.

Foto: Astronomiya instituti

28 fevral kuni sayyoralar paradi sodir bo‘ladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kutilayotgan paradda Quyosh tizimidagi 6 ta sayyora – Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter ishtirok etadi. 28 fevral kuni Quyosh ufqqa botganidan keyin ushbu sayyoralar paradini O‘zbekistonning barcha hududidan kuzatish mumkin bo‘ladi.

Paradda ishtirok etadigan sayyoralardan faqat 4 tasini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Bular Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter. Juda xira bo‘lgani sababli Neptun va Uranni ko‘rish uchun maxsus optik uskunalar (teleskop yoki binokl) kerak bo‘ladi. Merkuriy va Venera Quyoshga yaqin bo‘lgani uchun parad vaqtida ular ufqqa juda yaqin joylashadi. Bu esa ularni osmonda ko‘rish imkoniyatini kamaytiradi.

Saturn, Neptun, Venera va Merkuriy paradda bir-biriga juda yaqin joylashadi. Ushbu sayyoralar Quyosh botgach unga ergashib botishni boshlaydi. Shu sababli bu sayyoralarni ko‘rish uchun g‘arbiy osmon ufqini baland binolar to‘smaydigan tepalikdan kuzatish lozim.

Mars sayyorasi Yerdan qaralganda Quyoshdan avval ufqqa botib ketadi. Shu sababli u bu safargi sayyoralar paradida ishtirok etmaydi.

Astronomiya instituti sayyoralar paradi shunchaki oldindan hisoblash mumkin bo‘lgan noyob astronomik voqea ekanini, uni inson taqdiri va kelajagiga bog‘lagan holda turli bashoratlar qilish xatoligini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, sayyoralarning saf tortishi — astronomik atama bo‘lib, bunda ikki va undan ortiq sayyora Quyoshning bir tomonida to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin 20-30 gradusli burchakda joylashadi. Sayyoralar paradi esa ushbu hodisaga beriladigan norasmiy ta’rif.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid