Jahon | 19:00 / 11.11.2019
19457
11 daqiqa o‘qiladi

Blumberg prezidentlik poygasiga qo‘shildi. Bu kuchlar muvozanatini qanday o‘zgartiradi?

AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan nomzodlar soni yana bittaga ko‘paydi. Nyu-Yorkning sobiq meri, 77 yoshli Maykl Blumberg Alabama shtatida zarur hujjatlarni topshirdi va 2020 yilgi prezidentlik saylovlari uchun partiyaning 17-nomzodiga aylandi. 

Nega bir necha oy avval prezidentlik haqida o‘ylamasligini aytgan bu odam endi prezidentlik poygasiga qo‘shilmoqda? Bi-bi-si nashri uning imkoniyatlarini baholadi.

Blumberg iqlim o‘zgarishi va qurol savdosiga qarshi / GETTY IMAGES

Maykl Blumberg kim?

Blumbergning boyligi 52 mlrd dollarga baholanadi. Bu Donald Trampnikidan (3,1 mlrd dollar) qariyb 17 barobar ko‘proq. U Forbes jurnalidagi dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatida kuchli o‘nlikda qayd etilgan.

Blumberg Uoll-stritda bankir bo‘lgan, keyin moliya sohasi yangiliklari agentligi - o‘z nomi bilan ataladigan Bloomberg agentligiga asos solgan. U ta'lim va tibbiyot sohasiga millionlab dollar mablag‘ xayriya qiladi.

Blumberg avvaliga demokratlarni qo‘llab-quvvatlagan, ammo 2001 yil Nyu-York merligi uchun saylovlarda demokrat nomzodlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan va tarixan demokratlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan Nyu-Yorkda 50 foiz ovoz olib saylangandi. U bu saylov kampaniyasiga o‘sha vaqtda 73 million dollar sarflagan, shu bilan birgalikda sobiq mer Rudolf Juliani uni qo‘llab-quvvatlagani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

U 2012 yilgacha uch marta merlikka qayta saylangan va faqat o‘tgan yili Demokratlar partiyasiga qaytgan.

U mo‘'tadil demokrat hisoblanib, iqlim nazorati bo‘yicha xalqaro kelishuvlarda AQSh nomidan ishtirok etadi. U shuningdek, 2014 yilda asos solinishiga o‘zi hissa qo‘shgan o‘qotar qurollar sotuvini nazorat qilish harakatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Blumbergdan katta miqdorda moliyaviy yordam oladigan bu harakat shu haftada Virjiniya shtatidagi qonunchilik yig‘ilishida demokratlar g‘alaba qozonishida asosiy rolni o‘ynadi.

Harakat bu shtatda demokratlarning shtabi jamg‘armasi uchun 2,5 mln dollar ajratgandi. Bu esa respublikachilarni qo‘llab-quvvatlaydigan, shtab-kvartirasi Virjiniyada joylashgan Milliy o‘qchilar assotsiatsiyasi ajratgan mablag‘dan sezilarli darajada ko‘pdir.

U g‘olib chiqaman deb o‘ylamoqda

Maykl Blumberg va Donald Tramp avval do‘st edi, endi ular siyosiy raqiblar

Maykl Blumberg ham Oq uyga ko‘chib o‘tishga qarshimas. Albatta, milliarder odamda bunday istak tug‘ilishi ajablanarli emas.

Tramp Blumbergning poygaga qo‘shilishini kulgi bilan qarshi oldi va u «Baydenni kuchsizlantirib berishi»ga umid bildirdi.

Blumberg so‘nggi vaqtlarda ilk saylovlar o‘tkaziladigan Ayova va Nyu-Hempshir shtatlari aholisi kayfiyatini diqqat bilan kuzatmoqda.

Blumbergning maslahatchisi Hovard Vulfson esa sobiq mer o‘zining siyosiy tajribasi, yetakchilik qobiliyati va odamlarni birlashtira olishi kabi xususiyatlariga tayangan holda prezidentlik kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkazishiga ishonmoqda.

«Endi biz ishni oxirigacha yetkazishimiz va Tramp ustidan g‘alaba qozonishimiz kerak. Maykl hozirgi nomzodlarning hech biri buni uddalay olmasligi tufayli bu ishga qo‘l urdi», - degan Vulfson.

Ha, Blumberg o‘zining ustun jihatlarini biladi. Uning qo‘l ostida so‘rovlar vositasida jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi ko‘plab odamlar va polittexnologlar bor, u qo‘li uzun biznesmen.

Demokratik partiya hali-beri ikkinchi bosqich uchun nomzodini belgilab ololmaganini bilish uchun statistik tahlil bo‘yicha mutaxassis bo‘lish shart emas.

So‘rovnomalarga ko‘ra, hozircha partiyada to‘rt nafar favorit nomzod bor - sobiq vitse prezident Jo Bayden, Massachusets shtatidan senator Elizabet Uorren, Vermont shtatidan senator Berni Sanders va Indiana shtatidagi Saut-Bend shahri meri, sobiq harbiy Pit Buttijich. Ularning har birining kuchli va zaif tomonlari bor.

Elizabet Uorren haddan tashqari so‘lchi / GETTY IMAGES

Markazchi Baydenning shuhrati va Barak Obama hukumatidagi faoliyati evaziga orttirgan aloqalari hozircha unga na saylovchilar orasidagi mavqeni va na moliyaviy donorlarni jalb qila olyapti. Bundan tashqari, ko‘pchilikni uning yoshi o‘tgani va sog‘ligidagi muammolar ikkilantiradi.

So‘lchilarning manfaatlarini ilgari suradigan Uorren va Sandersning ilg‘or qarashlari saylovda keng omma tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmasligi mumkin. Qolaversa, Sandersning ham yoshi o‘tgan, unda ham sog‘lik bilan bog‘liq muammolar bor.

Buttijich yosh, ammo unda saylovlardagi tajriba yo‘q, u hozircha praymerizda g‘olib bo‘lish uchun ham yetarli saylovchilarni o‘ziga og‘dira olmayapti.

Bundan tashqari, so‘rovlarga ko‘ra, demokratlarni qo‘llovchi saylovchilarning katta qismi hali qaysi nomzodni qo‘llashini hal qilmagan.

Yaqinda New York Times/Siena College tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, demokratlarning asosiy olti shtatidan to‘rttasidagi saylovchilar debatlar ishtirokchilaridan qaysi birini tanlashi haqidagi savolga asosan «bilmayman» javobini belgilashgan.

Economist/YouGov so‘rovida ishtirokchilarning 22 foizi demokratlarda hozirgidan ko‘ra ko‘proq nomzod bo‘lishini istashini bildirgan.

Balki Blumberg shulardan kelib chiqqan holda o‘ziga asosiy nomzodlar orasida joy topilishi haqida xulosaga kelgandir. U milliarderligi hisobga olinsa, unda raqobatchilarini ortda qoldirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

Blumberg Tramp oilasi bilan avvaldan yaxshi tanish hisoblanadi

U Demokratlar partiyasiga ta'sir ko‘rsatishiga umid qilmoqda

Balki Blumberg g‘olib bo‘lishdan umid qilayotgandir, ammo, to‘g‘risi, uning imkoniyatlari katta emas. Nyu-Yorkning amaldagi meri Bill de Blazio ham o‘z nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishga harakat qilgan, lekin amalda poygani tezda tark etgandi.

Yana bir biznesmen Jon Deleyni Ayova shtatida qariyb ikki yildan buyon prezidentlik kampaniyasini olib bormoqda - ammo hozircha mutlaqo natijasiz.

Milliarder Tom Steyyer o‘z reklamasi uchun katta mablag‘ sarfladi va hatto reytingini debatlarda qatnashish uchun yetarli darajaga ko‘tardi. Ammo uning boshqa maqtanadigan jihati yo‘q.

Debatlar haqida gap ketganda aytish kerakki, Blumberg noyabr oyidagi debatlarda qatnasha olmaydi, lekin keyingi barcha debatlarda ishtirok eta olishi mumkin, chunki partiya qoidalariga ko‘ra buning uchun oddiy odamlarning yetarli moliyaviy yordamiga ega bo‘lishi talab etiladi, xolos. 

Hozircha Demokratik partiya muqaddam respublikachi bo‘lgan, soliqlar sohasida konservatorligi bilan ajralib turgan, birinchi navbatda ishbilarmonlarning manfaatlarini ko‘zlaydigan nyu-yorklik qo‘llab-quvvatlashini tasavvur qilish qiyin.

Agar Blumbergning o‘zi buni tushunsa, uning poygada qatnashishidan maqsad faqat Demokratik partiya juda so‘l pozitsiyani egallamasligini ta'minlash, partiyani biznes uchun maqbul bo‘lgan siyosiy markazga yaqinlashtirishdan iborat bo‘lishi ham mumkin.

U Demokratik partiya juda so‘llashib ketmasligini istaydigan yagona milliarder emas. Bill Geyts va Leon Kuperman ham Elizabet Uorrenning 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ga ega amerikaliklarga 6 foizlik soliq joriy etish bo‘yicha taklifidan xavotirlarini bildirishga ulgurdi.

Blumbergda prezident bo‘lish uchun moliyaviy resurslar yetarli

Blumberg balki poygaga o‘zi radikal deb hisoblaydigan Uorren va Sanders keyingi bosqichga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shilgandir. Katta ehtimol bilan Blumbergning yaxshi moliyalashtirilgan kampaniyasi Uorren va Sandersning barcha umidlarini chippakka chiqaradi. Aksincha bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas: Blumbergning poygaga qo‘shilishi ularga yordam berishi ham mumkin, u Bayden va Buttichijga ovoz berishi mumkin bo‘lgan mo‘'tadil saylovchilarning ovozini olib qo‘yishi mumkin.

So‘nggi variant ehtimoli yuqori, Blumberg Baydenni qo‘llab-quvvatlashi aniq bo‘lgan ozchiliklarni o‘ziga og‘dira olmasada, hozircha Buttijichga ovoz berishni rejalashtirayotgan, moliyaviy jihatdan farovon bo‘lgan oq tanli saylovchilar uchun ideal nomzoddir.

Bundan tashqari, Blumberg kampaniyasi moliyaviy qudratiga qaramay jamoatchilik fikrini tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi siyosiy maslahatchilarni boyitishdan ortiq hech narsaga erisha olmasligi ham mumkin.

U uddalay oladi

Fil qayerda uxlaydi? O‘zi istagan joyda.

Milliarder nega prezident bo‘lishni istadi? Chunki bunga erisha oladi.

Ehtimol, barchasi oddiydir. Blumberg yillar davomida prezident bo‘lish haqida o‘ylab kelgan. Ammo hozir u 77 yoshda va haqiqatga tik qarasak, bu uning uchun so‘nggi imkon.

Avvaliga Baydenning ishtiroki uni bu g‘oyadan voz kechishga undagandi, ammo prezident bo‘lish imkoniyati qarorni o‘zgartirish uchun yetarli sabab.

Blumberg nomzod bo‘lishi Trampning asabiga tegmay qolmadi - xuddi avvalgi safar de Blazio bilan bo‘lgani kabi. AQSh prezidenti uni «kichik Maykl» deb atadi va uni osongina yengishini aytib maqtandi.

Albatta, demokratlarga Tramp va Blumberg o‘rtasida g‘avg‘o chiqishi ma'qul kelsada, moliyaviy imkoniyatlari cheklanmagan shaxs boshqa nomzodlarga yordam ko‘rsatish o‘rniga o‘z shaxsiy kampaniyasini boshlashi yoqmasligi tayin.

«Agar men milliarder va markazchi bo‘lganimda, Jo Bayden Uorren yoki Sandersga yutqazib qo‘yishi mumkinligidan xavotirlanganimda, o‘z nomzodimni qo‘ymagan bo‘lardim. Men muqobil nomzod uchun cheklanmagan mablag‘ ajratgan bo‘lar edim», deya yozadi Nation nashri jurnalisti Jit Hir tvitterdagi sahifasida.

U muqobil nomzodlar sifatida Buttijich, Kori Buker yoki Stiv Ballokni nazarda tutgan. Bularning barchasi allaqachon poygaga qo‘shilgan, bir necha debatlarda ishtirok etishga ulgurishdi va siyosatda Blumbergdan ko‘ra tajribaliroq hisoblanishadi.

Ammo unutmaslik kerakki, to‘rt yil muqaddam hech kim Nyu-Yorkdan chiqqan boshqa bir milliarder prezident bo‘lishini xayoliga keltirmayotgandi.

O‘shanda barchasi qanday yakunlangani barchaga ma'lum...

Mavzuga oid