Jahon | 13:44 / 28.02.2023
17410
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask yana dunyodagi eng boy odamga aylandi

Maskning boyligi Tesla aksiyalarining o‘sishi fonida oshdi. U oxirgi ikki oy davomida reytingda yetakchilik qilgan Bernard Arnoni birinchi o‘rindan chetga surib qo‘ydi, deb xabar berdi Bloomberg.

Foto: Shutterstock

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Bloomberg talqiniga ko‘ra, sayyoraning eng boy odamlari reytingida yana birinchi o‘rinni egalladi. Maskning boyligi, agentlikning 28 fevral, seshanba kungi ma’lumotlariga ko‘ra, Tesla aksiyalari o‘sishi fonida 187,1 milliard dollargacha oshgan. Elektr avtomobil ishlab chiqaruvchisining aksiyalari 6 yanvardagi eng past ko‘rsatkichdan 70 foizga oshib, bir aksiya uchun 207,63 dollarni tashkil qildi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Twitter egasi Ilon Maskning shaxsiy boyligi Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalar guruhi rahbari Bernard Arnoning boyligidan oshib ketgan, u so‘nggi ikki oy davomida ro‘yxatda ustunlik qilgan. Bloomberg Arnoning aktivlarini 185,3 milliard dollarga baholamoqda.  

Shu bilan birga, real vaqt rejimida milliarderlar reytingini tuzuvchi Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatda birinchi o‘rinda Bernard Arno (206,3 milliard dollar), ikkinchi o‘rinda Ilon Mask (197,7 milliard dollar) turibdi. Mask dekabr oyida reytinglarda yetakchi sifatida Bernard Arnoga o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi. 

Bloomberg dekabr oyida Ilon Mask tarixda 200 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘qotgan birinchi odam bo‘lganini xabar qilgan edi. 2021 yil noyabrida uning boyligi eng yuqori cho‘qqisida 340 milliard dollarga, 2022 yil oxirida esa 137 milliard dollarga baholangan. 

Mavzuga oid