«Real» derbida yutqazdi, «Arsenal» «Siti»ga yaqinlasha olmadi. Kun o‘yinlari
Yevropa futbolida yakshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Arsenal» ochko yo‘qotdi, «Chelsi» cho‘kishda davom etmoqda
«Arsenal» – «Tottenhem» 2:2
Gollar: 1:0 – 26, avtogol Romero, 1:1 – 42 Son Hyon Min, 2:1 – 54, penalti Saka, 2:2 – 55 Son Hyon Min.
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko, Edegor, Rays (Jorjino, 46), Fabiu Viyeyra (Haverts, 46), Saka (Smit-Rou, 90), Gabriel Jyezus (Nelson, 77), Nketia.
Tottenhem – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udodji, Meddison (Heyberg, 78), Bissuma, Kulusevski, Sarr, Son Hyon Min (Risharlison, 79), Jonson (Solomon, 63).
Ogohlantirishlar: Edegor (15), Udodji (15), Sarr (45), Bissuma (45), Haverts (57), Nketia (67), Romero (75).
«Arsenal» va «Tottenhem» 6-turdagi o‘zaro uchrashuvda bir xil statistika bilan kirib keldi: to‘rttadan g‘alaba, bittadan durang va mag‘lubiyatsiz. «Shporlar»ning yangi bosh murabbiyi Angelos Posteko‘g‘li qisqa muddatda «Tottenhem»ni zamonaviy 4-2-3-1 sxemasida intensiv ishlaydigan pressing-mashinaga aylantirgani o‘yindagi intrigani yanada ko‘tarib yuborgandi.
Shu bilan birga, yevrokuboklarda qatnashmayotgan mehmonlarda qo‘shimcha ustunlik bor edi. «Arsenal» esa hafta o‘rtasida Chempionlar ligasidagi ishtirokini boshlagandi. «Kanonirlar» PSV bilan o‘yinda 4:0 hisobida oson g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, futbolchilar maydonda katta kuch sarflashgan va bu hafta oxiridagi o‘yinga ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi.
O‘yin oldidan favorit «Arsenal» edi — uning g‘alabasi ehtimoli 60 foizga baholanayotgandi. Mehmonlar durangga erishishi yoki g‘alaba qozonishi imkoniyati 20 foizdan baholangandi.
Amalda o‘yin kutilganidanda shiddatli kechdi: 3-daqiqada Son Hyon Min burchak zarbasidan keyin to‘pni darvozaga yo‘lladi, ammo koreyalik hujumchi zarba berishdan oldin yaqqol ofsaydda qolib ketgandi. 10 daqiqa o‘tib «Tottenhem» o‘z fanatlarini yurak hovuchlashga majbur qildi: avvaliga Udodji sariq kartochka oldi, keyingi epizodda ortga pas berishda xatoga yo‘l qo‘ydi, to‘pga ega chiqqan Nketia pastki burchakka kuchli zarba yo‘lladi, ammo «Tottenhem»ni yangi darvozaboni Vikario goldan qutqardi.
Bu epizoddan keyin mehmonlar himoyaga yotishdi. Posteko‘g‘lining o‘n bir do‘sti Rayya darvozasi tomon borishni bas qilishdi, 26-daqiqada esa Saka jarima maydoni chizig‘i yaqinida to‘pni egallab, o‘z uslubida markaz tomon ko‘chdi va aylanma zarbasi bilan uzoq «to‘qqizlik»ni nishonga oldi. Bukayoning rejasiga himoyachi Romero to‘sqinlik qildi, ammo «Arsenal» fanatlari ham, vingerning o‘zi ham bundan ranjigani yo‘q — to‘p rikoshet orqali baribir darvoza to‘riga borib tushdi.
32-daqiqada esa «Arsenal» hisobdagi farqni oshirishga juda yaqin kelgandi. «Tottenhem» futbolchilari to‘pni o‘z jarima maydonida o‘ynashda sust harakat qildi va himoyadan chiqib keta olmadi. Meddison yordamga keldi, ammo uni Gabriel Jyezus pressing qildi: braziliyalik futbolchi fol ishlatmasdan to‘pni olib qo‘ydi, ammo juda qulay pozitsiyadan bergan zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. Besh daqiqa o‘tib mehmonlar javob zarbasini berishdi: jamoa debyutanti va mavsum boshida «Nottinghem» safida «Arsenal»ga qarshi o‘ynab ulgurgan Jonson o‘n bir metrlik zarba nuqtasi hududidan kutilmaganda darvoza tomon zarba berib qoldi, ammo Rayya fantastik seyv bilan jamoani qutqardi. Rejissyorlar esa Ramsdeylning reaksiyasini ilg‘ab qolishdi — u o‘zini asosiy tarkibdan chiqarib yuborgan hamkasbini chin dildan olqishladi.
Ammo Rayya raqibning keyingi kuchli hujumiga dosh bera olmadi, avvaliga Sarrning qanotdan uzatmasi darvoza to‘sinidan maydonga qaytib, Jonsonga kelib tushdi - Brenan yana qulay pozitsiyadan zarba berdi, ispaniyalik kiper yana qutqardi. Ammo mehmonlar hujumi bu bilan to‘xtab qolmadi va Meddison chap qanotda Sakani ortda qoldirib, Sonni to‘p bilan ta’minladi, hujumchi esa raqibning uch futbolchi orasida turib aniq zarba berdi.
Ikkinchi bo‘lim Artetaning ikkitalik almashtirishi bilan boshlandi: u maydondan Rays va Viyeyrani olib, ularning o‘rniga Haverts va Jorjinioni tushirdi. Buni Mikelning shogirdlarining to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkichidan (40 foiz) noroziligi sifatida tushunish ham mumkin edi, ammo keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Rays kichik jarohat olgan va o‘zini noqulay his qilgan.
«Arsenal» 50-daqiqada penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Uaytning zarbasidan keyin to‘p qo‘lga tegdi — kechaning antiqahramoni Romeroning qo‘liga. Videotakrordan keyin hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va to‘pga yaqinlashgan Bukayo to‘pni darvoza markaziga yo‘llab, jamoasini yana oldinga olib chiqdi.
Bir daqiqa o‘tib esa bu mavsum o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Jorjinio pressing ostida xatoga yo‘l qo‘ydi va raqib qarshi hujumga chiqib ketdi. Meddison jarima maydonigacha bordi va Sonni to‘p bilan ta’minladi — koreyalik hujumchi yana bir teginishda to‘pni uzoq ustun tomon aniq yo‘lladi.
Keyinroq Sonda yana bir qulay vaziyat bo‘ldi, ammo Kulushsevskining uzatmasiga darvoza yaqinida ochilgan futbolchi aniq zarba bera olmadi. Keyingi daqiqalarda mehmonlar durangga rozidek o‘ynay boshlashdi, Son va Meddison maydondan olindi, Heyberg va Risharlison tushirildi. Bu vaqtda tashabbusga ega bo‘lgan mezbonlarning zarbalariga esa aniqlik yetishmadi.
Hakam hushtagi chalingunicha tabloda 2:2 hisobi saqlanib qoldi. Ikki jamoa ham turnir jadvalida pastlab, mos ravishda 4 va 5-o‘rinlarga joylashdi. «Tottenhem» to‘plar nisbatiga ko‘ra bir pog‘ona oldinda. Arteta jamoasi turnir jadvali yetakchisi «Siti»dan to‘rt ochko ortda qolib ketdi, endi londonliklar 8-turda ushbu raqib bilan o‘zaro o‘yinda yangi chempionlik poygasini tiklashga harakat qilib ko‘radi.
«Liverpul» – «Vest Hem» 3:1
Gollar: 1:0 – 16, penalti Saloh, 1:1 – 42 Bouen, 2:1 – 60 Nunes, 3:1 – 85 Diogu Jota.
Liverpul – Alisson, Gomes, Matip, van Deyk, Roberson, Soboslai, Mak Allister (Endo, 88), Jons (Gravenberh, 77), Saloh, Dias (Diogu Jota, 81), Nunes (Gakpo, 81).
Vest Hem – Areolya, Tsoufal, Zuma, Agerd, Emerson, Uord-Prouz, Souchek (Fornals, 74), Lukas Paketa (Ingz, 87), Alvares, Bouen, Antonio (Quddus, 74).
Ogohlantirishlar: Alvares (36), Zuma (82).
Mavsum startida «Chelsi» bilan o‘yindagi durangdan keyin «Liverpul» barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda olti o‘yinda g‘alaba qozondi va APLdagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 17 o‘yinga (+12=5) yetkazdi. Aytish mumkinki, qizillar «Vest Hem»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida raqib mudofaasini saviya hisobiga yengib o‘tdi. Londonliklar to‘psiz qoldirildi, Nunes avvaliga Salohning ideal pasini yo‘qqa chiqarib, jarima maydoni markazidan xato zarba bergan bo‘lsa ham, keyinroq qiyinroq vaziyatda chiroyli gol urdi. Urugvaylik futbolchi Mak Allister himoyachilar ortiga tashlab bergan to‘pni to‘xtatmasdan butsasining tashqi qismi bilan darvoza burchagiga joylashtirdi. Diogu Jotaning goli esa o‘yinga nuqta qo‘ydi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan portugaliyalik hujumchi doimgidek kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘ldi va burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda van Deyk tashlab bergan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Qayd etish mumkinki, «bolg‘achilar» ustozi Devid Moyyesda grand jamoalarga qarshi kompleks davom etmoqda. U faoliyati davomida «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul» va «MYu» kabi klublarga qarshi 72 safar o‘yini o‘tkazib, birorta g‘alabaga erisha olmagan (=21-51).
«Chelsi» – «Aston Villa» 0:1
Gol: 0:1 – 73 Uotkins.
Chelsi – Sanches, Gyusto, Tiago Silva, Disasi, Koluill, Gallaher, Mudrik (Chiluell, 61), Fernandes (Palmer, 68), Kaysedo (Broya, 79), Sterling, Jyekson (Ugochukvu, 68).
Aston Villa – Martines, Kesh, Pau Torres, Konsa, Din, Makginn (Remzi, 75), Kamara (Dendonker, 90), Duglas Luis, Dzaniolo (Beyli, 75), Diabi (Tilemans, 81), Uotkins (Duran, 90).
Ogohlantirishlar: Din (44), Jyekson (50), Chiluell (90), Duglas Luis (90), Martines (90).
Chetlatish: Gyusto (58).
«Chelsi»ning qulashi davom etadi. Bu yosh va iste’dodli futbolchilardan iborat jamoa, ammo ularda «Aston Villa»ning hozirgi tarkibidagi tajriba yetishmadi. Qolaversa, 58-daqiqada Gyusto qizil kartochka olgach, vazifa yanada qiyinlashdi. Maurisio Pochettinoda zaxiradan Ugochukvu, Broya va Palmer kabi nomlarni tushirgani ham ko‘p narsani ko‘rsatib turibdi. Unai Emeri esa Tilemans va Beyli kabi futbolchilarni jokerlik vazifasi uchun asrab qo‘ygandi, shuningdek, mavsumni juda yorqin boshlagan kolumbiyalik iste’dodli futbolchi Duranga dam bergandi. Qolaversa, hujumda Uotkins tanlovi bor. O‘tgan chempionatning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bu mavsumda faqat Konferensiyalar ligasida gol urgandi, ammo «Stemford Brij»da u APL o‘yinlarida bir oyga cho‘zilgan golsiz seriyasiga barham berdi. Bu g‘alabadan keyin «Villa» turnir jadvali yetakchilari safiga qo‘shildi, so‘nggi uch o‘yinda gol urmagan «Chelsi» esa turnir jadvalining quyi qismiga yaqin joylashgan.
«Sheffild Yunayted» – «Nyukasl» 0:8
Gollar: 0:1 – 21 Longstaff, 0:2 – 31 Bern, 0:3 – 35 Botman, 0:4 – 56 Uilson, 0:5 – 61 Gordon, 0:6 – 68 Almiron, 0:7 – 73 Bruno Gimaraes, 0:8 – 87 Isak.
Sheffild Yunayted – Foderinghem, Bogl (Traore, 46), Robinson, Igan, Ahmedhojich, Tomas, Norvud (Devis, 62), Hamer (Sliman, 66), Vinisius, Makati (Bashem, 75), Archer.
Nyukasl – Poup, Trippiyer (Livramento, 70), Sher, Botman, Bern, Anderson, Bruno Gimaraes (Holl, 81), Longstaff, Almiron (Tonali, 70), Barns (Gordon, 12), Uilson (Isak, 70).
Ogohlantirishlar: Ahmedxojich (28), Robinson (34), Sliman (75), Igan (90).
So‘nggi vaqtlarda «Nyukasl»ga ikki frontda kurash olib borish uchun kuch yetmayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Ammo Eddi Hau uch mag‘lubiyatdan iborat seriyadan keyin uch o‘yinda gol o‘tkazmadi, Sheffilddagi o‘yinda esa «qarg‘alar» istalgancha gol urishdi. Mehmonlar o‘yin davomida uch bor APL rekordini yangilashdi, chunki bungacha bir o‘yinda bir jamoaning besh nafardan ortiq futbolchisi gol urmagandi. Bu o‘yinda esa sakkiz gol sakkiz futbolchi nomiga yozildi! Bunday o‘yinda faqat assistentlik het-trigi amalga oshirgan Trippiyerni yaqqol ajratib ko‘rsatish mumkin, uning jarima maydoniga uzatgan uchta uzatmasi «ikkinchi qavat»dan berilgan zarbalar orqali golga aylandi. «Qarg‘alar»ning bir o‘yinda urgan gollari soni «MYu» (7) va «Chelsi» (5) jamoalari mavsum boshidan buyon urgan gollar sonidan ko‘proq bo‘ldi.
Begonaning spektaklida dekoratsiya vazifasini o‘tagan «Sheffild» esa o‘z tarixida ilk bor — chempionatdagi 4998 o‘yindan keyin — sakkiz to‘p farqi bilan yutqazdi. Jamoaning yakshanba kungi mag‘lubiyati — 1933 yil noyabridan buyon kuzatilgan eng yomon natijasi bo‘ldi, o‘shanda «Midlsbro»dan 3:10 hisobida mag‘lub bo‘lingandi.
Ispaniya: «Real»ning ilk mag‘lubiyati
«Atletiko» – «Real» 3:1
Gollar: 1:0 – 4 Morata, 2:0 – 18 Grizmann, 2:1 – 35 Kroos, 3:1 – 46 Morata.
Atletiko – Oblak, Molina (Aspilikueta, 65), Savich, Himenes (Korrea, 86), Ermoso, Koke (Vitsel, 46), Saul, Liorente, Lino (Galan, 87), Grizmann, Morata (Depay, 82).
Real – Arrisabalaga, Alaba, Ryudiger, Fran Garsiya (Mendi, 57), Valverde, Kroos (Braim Dias, 70), Modrich (Hoselu, 46), Kamavinga (Tchuameni, 57), Vaskes (Nacho, 57), Bellinghem, Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Modrich (45), Ximenes (45), Mendi (67), Bellinghem (90).
Dam olish kunlaridagi asosiy o‘yin «Atletiko» ssenariysi bo‘yicha boshlandi. «Matraschilar» dastlabki yigirma daqiqalikda ikkita bir-biriga o‘xshash gollarni urishdi. Ikki golli hujumda ham chap qanotdan uzatma berildi, Morata va Grizmann bosh bilan ideal zarbalar berishdi. «Real» himoyalanishda xatolarga yo‘l qo‘yishda davom etdi va Kepa jarima maydoni markazidan yo‘llangan murakkab zarbani qaytarib, uchinchi goldan qutqarib qoldi. Ammo «Qirollik klubi» baribir iroda ko‘rsatdi. Kroos bir harakat bilan raqibni yo‘ldan olish bilan birga to‘pni o‘ng oyog‘iga to‘g‘rilab oldi va Oblak qo‘riqlayotgan darvozaning o‘ng burchagiga qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Bu Chempionlar ligasida «Latsio»ga qarshi o‘yinni eslata boshladi, o‘shanda Diyego Simeone jamoasi to‘liq ustunlik qilgan, lekin yakunda o‘z jarima maydoni ichiga qamalib olib, darvozabon Provedeldan gol o‘tkazib yuborgandi. Faqat bir marta pand yegan jamoa tajriba evaziga bo‘lim oxiriga chidab berdi. Bunda jamoaga omad ham kulib boqdi, «Real»ning ikkinchi goli hujum boshlanishida ofsayd qayd etilgani tufayli bekor qilindi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Modrich o‘rniga forvard Hoselu tushirilganidan keyingi bo‘shliq hali yopilmagan mahalda, Morata dublni rasmiylashtirdi.
Oradagi farq yana ikki golga yetgachgina Karlo Anchelotti jamoasidagi eng bo‘sh chiziqni qayerligini tushundi. Bir qanotdan uch golli uzatma — bu o‘ta yomon. Bir vaqtning o‘zida ikki qanot himoyachilari almashtirilishi — o‘ziga xos noyob hodisa bo‘ldi. Ammo endi bu hech narsani o‘zgartira olmasdi. «Real» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini tan oldi, o‘yin oxirida Bellinghem maydon markazida keraksiz vaziyatda fol ishlatib, sariq kartochka olishi ham jamoaning shu kechadagi ilojsiz vaziyatini yaqqol ko‘rsatib turardi.
«Atletiko» derbida 2022 yil mayidan buyon ilk bor g‘alaba qozondi. Simeone «Real» bilan so‘nggi 13 o‘yindan faqat ikkitasida ustun kela olgan, yetti o‘yinda yutqazgan. O‘yinda dubl qayd etgan Alvaro Morata La Ligadagi gollari sonini beshtaga yetkazib oldi va to‘purarlar poygasida Bellinghem va Levandovskiga yetib oldi. «Real» turnir jadvalida uchinchi o‘ringa tushib ketdi, oldinda bu turda «Selta» bilan o‘yinda mo‘jiza tufayli mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirgan «Barsa» va bu mavsum boshidan buyon mo‘jiza ko‘rsatayotgan «Jirona» joylashgan.
«Real» keyingi turda «Las-Palmas»ni qabul qiladi, keyin esa aynan «Jirona»ga mehmonga boradi. «Atletiko» beshinchi o‘ringa ko‘tarildi va endi turnir jadvali yetakchilari qatorida mustahkam o‘rnashib olishi mumkin, chunki keyingi turlarda «Osasuna» va «Kadis» kabi oson raqiblar kutmoqda.
Italiya: namunali «Inter» va «Napoli»ning nursiz o‘yini
«Empoli» — «Inter» - 0:1
Gol: 0:1 – 51 Dimarko.
Empoli – Berisha, Ebuyexi, Luperto, Ismayli (Valyukevich, 51), Pessella, Marin (Fassini, 69), Male, Ranokkiya (Grassi, 69), Baldansi, Kambyagi (Destro, 79), Shpendi (Kancheleri, 79).
Inter – Zommer, Darmian, Acherbi, Pavar, Bastoni (de Vrey, 72), Dimarko (Karlos Augusto, 82), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Frattezi (Barella, 71), Tyuram (Sanches, 81), Martines (Arnautovich, 72).
Ogohlantirishlar: Acherbi (26), Petssella (33), Male (62), Bastoni (65).
«Empoli» Rimdagi 0:7 hisobidan keyin «Inter» bilan o‘yinda himoyada yaxshi o‘ynashga harakat qildi. Lekin birinchi bo‘limdan keyin tabloda nollar qolishi — faqatgina mezbonlarning xizmati emas, bunda milanliklarning ham aybi bor. Ammo tanaffusda Simone Indzagi butun jamoani silkitdi va jamoa ikkinchi bo‘limda tezlikni oshirdi. Bir xavfli zarba burchak zarbasi belgilanishiga olib keldi, burchakdan uzatilgan to‘p himoyachilar tomonidan qaytarilganida Dimarko uni katta kuch bilan darvoza «to‘qqizligi»ga yo‘lladi. «Inter» g‘alabali seriyasini davom ettirishi oson kechmadi: Zommer Ranokkiyaning jarimadan yo‘llagan kuchli zarbasini qaytarishiga to‘g‘ri keldi.
«Bolonya» – «Napoli» 0:0
Bolonya – Skorupski, Posh (De Silvestri, 10), Lukumi (Kalafiori, 66), Bekema, Kristiansen, Froyler (Al-Azzuziy, 82), Ebisher, Fergyuson, Karlsson (Orsolini, 82), Ndoyye (Salemakers, 65), Zirkzeye.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Estigor, Natan, Olivera (Mariu Ruy, 46), Lobotka (Kayuste, 86), Zelinski, Zambo-Angissa, Kvaratsxeliya (Elmaz, 76), Raspadori (Politano, 67), Osimxen (Simeone, 86).
Ogohlantirishlar: Olivera (6), Ebisher (30), Lobotka (49), Kvaratsxeliya (53), Ndoyye (55), Skorupski (72), Froyler (81), Politano (81), Mariu Ruy (90).
«Napoli» Luchano Spalletti ketganidan keyin o‘ziga o‘xshamayapti. Tashqaridan qaraganda, barchasi to‘g‘ri qilinayotgandek - jamoa o‘z o‘yinlarida to‘liq ustunlik qilmoqda, ammo natija yo‘q. Bolonyada ham mehmonlar o‘yinni juda tetik boshlangandi, hujumlardan biri Osimhenning kuchli zarbasi bilan yakunlanganida mezbonlarni darvoza ustuni goldan qutqardi. Bunday vaziyatlardan keyin raqib ertami kechmi baribir taslim bo‘lishi odatiy hol. Ikkinchi bo‘limda Kvaratsxeliyaning qanotdan uzatmasidan keyin to‘p raqib futbolchisi qo‘liga tegdi va penalti belgilandi. Ammo Osimhen to‘pni xato yo‘lladi, qolgan vaqt davomida ham chempionlar o‘z maqsadiga erisha olmadi. Ko‘tarinki ruhiyat va raqibni ezib tashlash o‘tgan mavsumda qolib ketgan, besh turdan keyin sakkiz ochko to‘planishi esa — «Napoli»ning so‘nggi sakkiz yildagi eng yomon starti bo‘ldi.
Germaniya: Bonifase Holand ritmida
«Bayyer» – «Haydenhaym» 4:1 (1:0, 3:1)
Gollar: 1:0 – 9 Bonifase, 1:1 – 58 Dinkchi, 2:1 – 63 Hofmann, 3:1 – 74, penalti Bonifase, 4:1 – 82 Adli.
Bayyer – Gradetski, Frimpong (Tella, 79), Ta, Tapsoba, Kossunu, Grimaldo (Inkapie, 85), Chaka, Hofmann, Palasios (Andrix, 71), Virts (Adli, 71), Bonifase (Glojyek, 85).
Haydenhaym – Myuller, Traore, Maynka, Zirsleben, Ferenbah, Toyyerkauf (Pik, 70), Melouni, Beste (Tomalla, 82), Dovedan (Bek, 63), Klyayndinst (Piringer, 82), Dinkchi (Zessa, 82).
Ogohlantirishlar: Palasios (31), Toyyerkauf (37).
Mavsumni ajoyib boshlagan «Bayyer» o‘z o‘yinini o‘tkazganidan keyin kutilganidek «Bavariya»ga yetib oldi va faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bormoqda. Leverkuzenliklarning Xabi Alonso boshqaruvidagi o‘yini o‘tgan mavsumdayoq kashfiyot bo‘lgandi. Klub o‘tgan vaqt ichida tarkibini yanada kuchaytirdi va bu mavsum gegemon bilan chempionlik uchun kurashmoqchi. Jamoaga yangi kelganlardan ayniqsa nigeriyalik Bonifas porlamoqda. U «Bude-Glimt»da o‘ynaganida ham, Belgiyaning «Yunion» klubida ekanida ham jamoasining asosiy futbolchilaridan edi, faqat bundesliga — butunlay boshqa daraja.
Ushbu forvard Germaniyada Holand grafigi bo‘yicha ketmoqda, u yangi chempionatdagi besh o‘yinida uch marta ikkitadan gol urdi, yana ikki pasga muallif bo‘lgan, shuningdek, Yevropa Ligasida ham bir gol urgan. Yakshanba kungi o‘yinda Bonifasdan tashqari Palasios ham dispetcherlik mahorati bilan ajralib turdi. Argentinalik futbolchining maydon markazidan g‘alaba goli muallifi Hofmannga uzatgan pasini mutaxassislar e’tirof etishmoqda.
Fransiya: «Marsel» imkonsiz qoldirildi
«PSJ» – «Marsel» 4:0
Gollar: 1:0 – 8 Hakimi, 2:0 – 37 Kolo-Muani, 3:0 – 47 Gonsalu Ramush, 4:0 – 89 Gonsalu Ramush.
PSJ – Donnarumma, Hakimi (Mukiyele, 83), Markinos, Shkrinyar, Ernandes (Danilu Pereyra, 69), Ugarte, Zair-Emeri, Dembele (Fabian Ruis, 69), Mbappe (Gonsalu Ramush, 32), Kolo-Muani, Barkolya (Soler, 83).
Marsel – Lopes, Kloss (Nadir, 84), Mbemba, Jigo, Balerdi (Meite, 83), Lodi, Veretu, Ronjye, Unai (Harit, 46), Obameyang (Korrea, 75), Vitinya (Ndiay, 46).
Ogohlantirishlar: Jigo (73), Veretu (82), Lodi (85).
O‘tgan turda «PSJ» uyida «Nitssa»dan uchta gol o‘tkazib yutqazganida Luis Enrike bunga bosiqlik bilan qaradi. U o‘shanda bundan fojia yasamaslik kerakligini aytgandi va voqealarning keyingi rivoji u haq bo‘lganini ko‘rsatdi. Avvaliga Chempionlar ligasida «Borussiya» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonildi. Endi — Fransiya klasikosida «Marsel» yirik hisobda tor-mor etildi.
Aytish mumkinki, shu kecha raqibning ham omadi kelmadi. Hisob 1:0 ekanida Vitinyaning bosh bilan bergan zarbasi Donnarumma qo‘riqlayotgan darvoza to‘siniga tegdi, birinchi gol muallifi Hakimining uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi avval ustunga, keyin darvozabonning yelkasiga tegib, maydonda qolganida esa unga birinchi bo‘lib Kolo Muani yetib keldi. Tribunalarda jamoa rahbariyatidan norozi marsellik fanatlarning qo‘shig‘i boshlanib ketdi.
Yevropa Ligasida inqiroz holatidagi «Ayaks» bilan safar o‘yinidagi 3:3 hisobi — aldamchi tasavvur uyg‘otishi mumkin. Amsterdamda ham jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsata olmagandi. «PSJ»ning keng zaxira o‘rindig‘i esa barchasini hal qildi. 32-daqiqada jarohat olib maydonni tark etgan Mbappe o‘rniga tushgan Gonsalu Ramush ikkita gol urdi.
Niderlandiya: «Ayaks»ning xo‘rlanishi
«Ayaks» – «Feyyenoord» 0:3 (0:3, 0:0)
Gollar: 0:1 – 9 Ximenes, 0:2 – 18 Ximenes, 0:3 – 37 Igor Payshao.
Ayaks – Gorter, Goei (Rensh, 32), Shutalo, Xato, Sosa (Salohiddin, 46), van den Bomen, Taylor, Vos, Bergeys, Borjyesh, Brobbi.
Feyyenoord – Vellenroyter, Gertryuyda, Trauner, Gansko, Xartman, Timber, Viffer, Stengs, Igor Payshao, Minte, Ximenes.
Ogohlantirishlar: Taylor (41), Vellenroyter (42), Ximenes (45).
Turning «Ayaks» va «Feyyenoord» o‘rtasidagi markaziy uchrashuvi oxirigacha yetkazilmadi. Bahorda rotterdamliklar klubi fanatlari Klassenning boshiga buyum uloqtirib, kubok finali oxirigacha yetmay qolishiga sababchi bo‘lishi mumkin edi. Bu safar qizil-oqlar jamoasi muxlislari tartibsizlik keltirib chiqardi. Maydondagi fayyer-shoudan keyin arbitr 55-daqiqada jamoalarni kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi. Fanatlar esa ishini davom ettirdi va Yohan Kroyf nomidagi arenaning ichki obektlarini ham qisman vayron qilishdi.
Bunga sabab — jamoaning o‘ta yomon natijalari, amsterdamliklar mavsum boshidan buyon faqat bir uchrashuvda g‘alaba qozongan va hozirda 13-o‘rinni egallab turibdi. «Ayaks»ning hozirgi tarkibi shu qadar kuchsizki, «Feyyenoord» tanaffusga qadar uchta javobsiz gol urdi. Ammo shu yozning o‘zida Klassen, Tadich, Timber, Alvares, Quddus, Bassi, Sanches va Veyndal kabi yulduzlarini qo‘yib yuborgan va faqat tajribasiz yosh futbolchilar bilan qolgan jamoadan yana nima kutish mumkin? Muxlislarning qat’iy noroziligidan keyin ilk reaksiya qilindi — klub sport direktori Sven Mislintantni ishdan bo‘shatdi, u bu lavozimga yozda kelgandi. Aftidan, aybdorlarni qidirish bu bilan tugab qolmaydi.
Kun statistikasi
- «Ayaks» 46 yildan buyon o‘z maydonida tanaffusga qadar uch to‘p farqi bilan yutqazmagandi, ammo yakshanba kungi «Feyyenoord»ga qarshi o‘yinda amsterdamliklar juda yomon ahvolga tushib qolishdi.
- «Atalanta» yarimhimoyachisi Pashalich top-5 ligalarda urgan gollari sonini 50 taga yetkazdi. U bergamoliklar safida so‘nggi olti mavsumda uzluksiz gol urib kelmoqda.
- Son Hyon Min «Tottenhem» uchun urgan gollari sonini 150 taga yetkazdi.
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024