Jahon | 15:07 / 06.12.2025
6111
9 daqiqa o‘qiladi

Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

«Nega Hindiston olmasin?»

5 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hindistonga «uzluksiz yoqilg‘i yetkazib berishni davom ettirishga tayyor» ekanini aytdi. Bu gaplar uning o‘zi – AQShning Hindistonga bosimini tanqid qilganidan keyin yangradi.

Hindiston esa bu taklifga ehtiyotkorona yondashdi: Hindiston energetika kompaniyalari «o‘zgarib borayotgan bozor sharoitlari» va «ta’minot manbalarini tanlashda duch kelayotgan tijoriy omillar» asosida qaror qabul qiladi. Bu esa sanksiyalar va narxlarning bosimi haqida ishora edi.

Putin bilan katta hukumat va biznes delegatsiyasi ham Hindistonga kelgan. Tomonlar imzolagan bitimlar orasida quyidagilar bor:

  • hindlarning Rossiyada ishlashiga yordam berish;
  • Rossiyada qo‘shma o‘g‘it zavodi qurish;
  • qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va kema qatnovi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish.

Payshanba kuni India Today telekanali efirida Putin AQShning Hindistonga bosim o‘tkazayotganini shubha ostiga olgandi.

«Amerika bizning (yadroviy) yoqilg‘imizni sotib olishga haqli bo‘lsa, nega Hindiston xuddi shu huquqqa ega bo‘lmasligi kerak?» dedi. Putin bu masalani Tramp bilan muhokama qilishga tayyorligini ham aytgan.

Hindiston ham Tramp tariflarini adolatsiz deb hisoblaydi, chunki AQSh va Yevropaning o‘zi Moskva bilan savdoni davom ettirmoqda.

Dehli shu bilan birga AQSh bilan ham muzokara olib bormoqda. Xususan, Putin ortidan AQSh savdo vakili o‘rinbosari Rik Svitser dushanba kuni Hindistonga safar qiladi.

Fransiyaning Xitoydan iltimosi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pekinga qilgan tashrifi chog‘ida yana bir bor Xitoydan Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatishga ko‘proq yordam berishini so‘radi.

Ammo bu safar ham G‘arb yetakchilari tomonidan qayta-qayta iltimos qilingan bo‘lsa-da, Si Jinping bunga rozi bo‘lishga qiziqmagan.

Ikkala yetakchi ham uchrashuvga geosiyosiy maqsadlar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlov olish umidi bilan keldi. Ukraina urushi to‘rt yillikka yaqinlashar ekan, Yevropa – kelishuvlar Ukraina suverenitetiga putur yetkazmasligini ta’minlashga shoshilmoqda. Ular Xitoy — Moskvaga muayyan yon berishlar qilish uchun bosim o‘tkazishi mumkin deb hisoblaydi.

Bu orada Xitoy Fransiya kabi davlatlarni Yaponiya bilan Tayvan borasida yuzaga kelgan diplomatik kelishmovchilikda o‘z tomonini tanlashga undamoqda. Ammo yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvdan keyin berilgan izohlar shuni ko‘rsatdiki, tomonlarning pozitsiyalarida sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda, deb yozmoqda New York Times.

«Menimcha, biz ikkovimiz ham vaziyatning naqadar og‘irligini yaxshi anglaymiz», dedi Makron uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.

Tashrifda ikki hukumat vakillari yadro energetikasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, ta’lim va atrof-muhitga oid bitimlarni imzoladi. Sining aytishicha, Xitoy «yuqori sifatli fransuz mahsulotlarini ko‘proq import qilishga» tayyor va Fransiya Xitoy kompaniyalari uchun «adolatli muhit» yaratishiga umid qilmoqda.

G‘azo bo‘yicha rejaning keyingi bosqichiga tayyorgarlik boshlandi

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uols Yaqin Sharqqa kelmoqda. «Elchi Mayk Uols 6 dekabrdan 10 dekabrgacha Iordaniya va Isroilga safar qiladi», deyiladi AQShning BMTdagi missiyasi bayonotida.

Bayonotga ko‘ra, «mazkur safar AQShning mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, prezident Trampning G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat rejasini amalga oshirish» masalasida bo‘ladi.

Uols Iordaniya qiroli va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashib, G‘azoga humanitar yordam yetkazishda Iordaniyaning hal qiluvchi rolini muhokama qiladi. Isroilda esa elchi — bosh vazir Binyamin Netanyahu va prezident Isxak Gersog bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Uning safari davomida BMT rezolyutsiyasi bo‘yicha brifinglar, Karem Shalom punkti va G‘azo uchun muvofiqlashtirish mexanizmi markaziga tashriflar bo‘ladi.

BMTning G‘azoga doir rezolyutsiyasi – sektorda Tinchlik kengashi, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari va ma’muriy qo‘mita tashkil etilishini nazarda tutadi.

Tramp uchun shouga aylangan FIFA tadbiri

Zamonaviy dunyoda “milliardlar aylanadigan” futbol ham siyosiy jarayonlarning bir qismi, siyosatchilar uchun shouga aylanib ulgurdi. Xususan, kecha — 2026 yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimida AQSh prezidenti Donald Tramp mukofot oldi.

Kelasi yili AQSh, Kanada va Meksika birgalikda jahon chempionatini o‘tkazadi. Shu sababli Kanada bosh vaziri Mark Karni va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham Vashingtondagi marosimda ishtirok etdi. Biroq tadbir boshidan oxirigacha Trampning shousiga aylandi deyish mumkin.

Bu yil Nobel tinchlik mukofoti uchun faol kampaniya olib borayotgan Trampga qilgan sa’y-harakatlari uchun FIFAʼning ilk tinchlik mukofoti berildi. Mukofot taqdimoti oldidan ko‘rsatilgan videoda Tramp G‘azodagi urushni hal qilgani va Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatishga urinayotgan lider sifatida madh qilindi.

«Menga mukofotlar kerak emas. Menga hayotni asrash kerak», dedi Tramp. «Men millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldim va bu — men qilishni istagan eng asosiy ish».

Aslida Trampning bu yil sakkizta urushni tugatganini aytishi keng e’tirozga sabab bo‘lgan. Chunki bu mojarolarning aksariyati, jumladan, Isroil–Hamas mojarosi ham haligacha yakunlangan deb bo‘lmaydi.

Bu mukofot o‘tgan oyda, yillik «FIFA Tinchlik mukofoti» sifatida ta’sis etilgandi. U «tinchlik yo‘lida favqulodda va mislsiz harakatlar qilgan shaxslarni taqdirlash» uchun mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun, ilk marta 48 jamoa qatnashayotgan ushbu mundial 2026 yil 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu turnirda 16 shaharda rekord darajada — 104 ta o‘yin o‘tkaziladi.

Grozniyga dronlar hujumi

Juma tongida Ukrainaga tegishli ekani aytilgan dronlar Checheniston poytaxti Grozniydagi baland binoga hujum qildi. Mahalliy pabliklarga ko‘ra, bu hodisa — Ramzan Qodirov qarorgohiga eng yaqin zarbalardan biri bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarda 28 qavatli «Grozny-City Business Center»ning bir qancha qavatlarida oynalar singani va kuygan holatlar ko‘rinadi.

Mazkur bino Chechenistonning qayta qurilishi ramzi sifatida bunyod etilgan “Grozny-City” majmuasining bir qismi. Unda bir nechta mintaqaviy hukumat idoralari: Checheniston Xavfsizlik kengashi va boshqa agentliklar joylashgan.

Minora Grozniy markazidagi Qodirov qarorgohidan taxminan 830 metr masofada joylashgan.

Shundan so‘ng fuqaro aviatsiyasi organlari Grozniy va qo‘shni viloyatlardagi bir nechta shaharlarda vaqtincha parvoz cheklovlarini joriy qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi tungi dronlar urib tushirilgan hududlar ro‘yxatida Chechenistonni tilga olmadi. Checheniston rasmiylari ham xabarda aytilgan dron hujumi yuzasidan izoh bermadi.

Agar zarba tasdiqlansa, bu Chechenistonda so‘nggi haftalar ichida qayd etilgan uchinchi dron hujumi bo‘ladi. 27 noyabr kuni Grozniydagi harbiy qismga, undan bir kun oldin esa FSB binosiga dron zarbalari haqida xabar berilgan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligi havo mudofaasi o‘sha kuni besh hududda, shuningdek anneksiya qilingan Qrimda jami 41 ta dronni urib tushirganini bildirdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid