Jahon | 20:54 / 11.11.2024
3039
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi

Bu esa Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini 2025 yilgi sug‘orish mavsumi uchun suv bilan ta’minlaydi.

2025 yil apreligacha Qozog‘istonga Sirdaryodan 11 milliard kub metr suv va’da qilindi. Bunday qaror Ashxoboddagi yig‘ilishda qabul qilindi, deb xabar berdi Vlast.kz Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Qayd qilinishicha, vazir Nurjan Nurjigitov Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari bilan muzokaralar olib borgan. Qirg‘iziston kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Rejaga ko‘ra, 1 aprelga qadar Chordara suv omboriga kerakli hajmdagi suv quyiladi, bu esa Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini 2025 yilgi sug‘orish mavsumi uchun suv bilan ta’minlaydi.

«86-yig‘ilish yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan qo‘shma ishlarni ijobiy qayd etmoqchiman. Xususan, Qirg‘iziston bilan suv-energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilib, joriy yilning sug‘orish davrida Bahri-Tojik suv omboridan foydalanishni muvofiqlashtirish choralari ko‘rildi», dedi Nurjigitov.

Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari Sirdaryo va Amudaryodagi suv havzalarining ishlash jadvallarini tasdiqladi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumi uchun suv ta’minoti limitini taqsimladi.

Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil birinchi choragida o‘tkazilishi rejalashtirilgan va u Tojikistonda, Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid