Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron bilan vaqtinchalik sulhni uzaytirdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, sulh Tehron o‘z tinchlik shartlarini taqdim etmaguncha va muzokaralar yakunlanmaguncha amal qiladi. Eron esa muzokaralarda ishtirok etishni istamayapti.
Foto: Alex Brandon / Getty Images
AQSh Eron bilan vaqtinchalik sulh muddatini uzaytirdi. Prezident Donald Tramp bu haqda sulh muddati tugashi arafasida, 21 aprel kuni kechqurun e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorni muzokaralarda vositachilik qilayotgan Pokiston hukumati iltimosi bilan qabul qilgan. Tramp Eron vakillari tinchlik kelishuvi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etmaguncha va muzokaralar yakunlanmaguncha o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirganini ta’kidladi. Tramp AQSh qurolli kuchlariga Eron portlarini qamal qilishni davom ettirishni va «jangovar shay holatda turish»ni buyurganini aytdi.
Eron vaqtinchalik sulh uzaytirilganini tan olishdan bosh tortdi. Eron parlamenti raisi maslahatchisi Mahdi Muhammadiy sulhning Tramp tomonidan uzaytirilishi «hech qanday ma’noga ega emasligi»ni aytgan. «Yutqazgan tomon shart qo‘ya olmaydi. Qamalning davom etishi bombardimonlardan farq qilmaydi va unga harbiy yo‘l bilan javob qaytarish kerak. Bundan tashqari, Trampning o‘t ochishni to‘xtatishni uzaytirishi – shubhasiz, kutilmagan zarba berish uchun vaqtdan yutishga urinishdir. Hozir – Eron qarshi hujumga o‘tishining ayni vaqti».
Eron Trampning bayonotidan biroz oldinroq AQShni vaqtinchalik sulh shartlarini buzishda ayblagandi. «Eron portlari blokadasi – bu urush akti, shuning uchun bu o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishidir. Savdo kemasiga hujum va uning ekipajini garovga olish – yanada qo‘polroq qoidabuzarlikdir», – degandi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 21 aprel kuni kechqurun. U Eron «o‘z manfaatlarini qanday himoya qilishni va bosimga qanday qarshi turishni bilishi»ni qo‘shimcha qilgan.
AQSh va Eron 8 aprelga o‘tar kechasi tuzilgan ikki haftalik vaqtinchalik sulh muddati tugashi arafasida muzokaralar o‘tkazishga chog‘langan edi. Muzokaralarning birinchi bosqichi 11-12 aprel kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tgan, ammo tomonlar kelisha olmagandi. Ular yana bir bor Islomobodda uchrashishi kutilgandi. Tramp 19 aprel kuni AQSh delegatsiyasini muzokaralar uchun yuborayotganini ma’lum qilgandi, Eron esa o‘z portlari amerikalik harbiylar tomonidan qamal qilinishi davom etarkan, muzokaralar stoliga o‘tirmasligini bildirgan. Axios ma’lumotiga ko‘ra, Eron delegatsiyasiga 20 aprel kuni oliy rahbar Mujtaba Xominaiy tomonidan «yashil chiroq» yoqilgan. Shu bilan birga, Erondagi Tasnim agentligi Tehrondagilar 22 aprelga belgilangan muzokaralardan uzil-kesil bosh tortganini xabar qilgan.
AQSh vaqtinchalik sulh vaqtida Eron portlarini blokada qilishni boshlagandi. Ho‘rmuz blokadasi Islomoboddagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ortidan, 13 aprel kuni kechqurun boshlangandi. Amerikalik harbiylar Eron yuklarini tashuvchi tankerlar hamda Eron hududiy suvlariga kirgan boshqa kemalar yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Eron rasmiylari bayonotlariga ko‘ra, aynan dengiz blokadasi Tehronning muzokaralardan bosh tortishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishning asosiy shartlaridan biri – dengiz orqali neft yetkazib berishda muhim yo‘nalish hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish edi. Tehron aksariyat kemalar uchun bo‘g‘ozni ochishdan bosh tortdi, ammo Eron bilan aloqada bo‘lganlarga undan o‘tishga ruxsat berdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ikki haftalik sulh davomida atigi bir kun, 17 aprel kuni to‘liq ochildi, biroq keyingi kuni Eron uni yana ko‘pchilik kemalar uchun yopib qo‘ydi.