O‘zbekiston | 12:00 / 06.06.2024
2730
2 daqiqa o‘qiladi

TIV: Tailand viza rejimi uzaytirilishi bo‘yicha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilgani yo‘q 

Tailand OAV 1 iyundan 36 ta davlat (jumladan, O‘zbekiston) uchun vizasiz rejim joriy qilinishi haqida yozgandi. O‘zbekiston TIV bu bo‘yicha hali rasman ma’lumot berilmaganini ma’lum qildi. 

Foto: Getty Images

Tailand 1 iyundan O‘zbekiston uchun vizasiz rejim joriy qilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu bo‘yicha Tailand tomoni hozircha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilmaganini bildirdi.

29 may kuni Tailand ommaviy axborot vositalarida mamlakat iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida hukumat viza qoidalarini yumshatishni o‘z ichiga olgan iqtisodiy rag‘batlantirish rejasini e’lon qilgani to‘g‘risida axborot tarqatildi. Unga ko‘ra, Tailandga 60 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni amaldagi 57 tadan 93 taga ko‘payadi, 36 ta yangi davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan.

Ushbu masala bo‘yicha mamlakatning Bangkokdagi bosh konsulxonasi Tailand Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘langan. Tailand TIV konsullik departamenti ma’lumotiga ko‘ra, viza rejimining uzaytirilishi to‘g‘risida hozircha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilingani yo‘q.

Tailand TIV mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori mavjud va bu bo‘yicha konsullik departamenti tomonidan Tailandning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga tegishli yo‘riqnoma yuboriladi va TIV saytida rasmiy ma’lumot chop etiladi.

TIV Tailand tomonidan rasmiy nota olinishi bilan qo‘shimcha xabar berilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq tegishli yangi ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlar fuqarolari uchun vizasiz qolish muddati 30 kundan 60 kungacha uzaytirilishi xabar qilingandi.

O‘zbekiston vizasiz rejim amal qiluvchi 36 ta yangi davlatdan biri bo‘ladi. China Daily xabariga ko‘ra, ro‘yxatga Hindiston, Kamboja, Laos, Qozog‘iston va boshqa davlatlar ham kiritilgan. 

Mavzuga oid