Jahon | 21:59 / 10.05.2022
25768
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada bir kun ichida to‘rt gubernator iste’foga chiqdi

Tomsk, Kirov va Saratov oblastlari gubernatorlari hamda Mariy El rahbari iste’foga chiqishini e’lon qildi.

Bu 2022 yil bahoridagi dastlabki iste’folar hisoblanadi. Yana bir gubernator esa sentabrdagi saylovlarda yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymasligini aytdi. Bu yil Rossiya prezidentining Ukrainaga qarshi boshlagan urushi ichki siyosatga soya solmoqda. OAV gubernatorlik saylovlari urush va sanksiyalar sababli bekor qilinishi yoki qoldirilishi mumkinligi haqida yozgandi. Ammo hozircha bunday bo‘lmadi. Saylovlarga to‘rt oy qoldi.

Tomsk oblasti

«20 yanvar kuni 65 yoshga to‘ldim. Barcha erkaklar qalban bola bo‘lsalar-da, baribir men mamlakatdagi eng yoshi ulug‘ gubernatorlardanman. Va albatta, yoshlarga yo‘l bo‘shatish kerak», deyiladi Tomsk oblasti gubernatori Sergey Jvachkinning bayonotida.

Sergey Jvachkin

Jvachkin 2012 yil 17 martdan buyon gubernatorlik qilib kelayotgandi. Undan oldinroq u «Gazprom» tuzilmalarida ishlagan.

Gubernator prezident Vladimir Putin «uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani»ni aytdi. Putin 69 yoshda.

Putin avvalgi yillarda muntazam tarzda gubernatorlarning iste’folarini qabul qilib kelgan, ular doim o‘z ixtiyorlari bilan ariza yozishardi. Odatda kuzgi va bahorgi gubernatorlar iste’fosi to‘lqini yuz berardi. Joriy bahor boshida iste’folar bo‘lmadi - 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandi.

Kirov oblasti

Jvachkin ortidan Kirov oblasti rahbari Igor Vasilev iste’fo haqida e’lon qildi. U 60 yoshda.

Igor Vasilev

Putin 2016 yil iyulda uni gubernator vazifasini bajaruvchi etib tayinlagandi. U keyingi yilgi saylovlarda ushbu lavozimga saylandi. Vasilev korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Nikita Belix o‘rnini egalladi.

U o‘z telegram-kanalida «vakolat muddati yakunlanishi yaqinlashayotgani sababli» bo‘shayotgani va «ishini federal miqyosda davom ettirmoqchi»ligini ma’lum qildi. Ilgari Vasilev Rosreyestrni boshqargan. U ham Jvachkin singari Putin uning qarorini qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi.

Saratov oblasti va Mariy El

Iste’foga chiqishi haqida uchinchi bo‘lib Saratov oblasti rahbari Valeriy Radayev e’lon qildi. U Kirov gubernatoridan bir yoshga katta va regionni 10 yil davomida boshqardi.

Valeriy Radayev

Radayev qarori sababini aytmadi, faqat matbuot xizmati orqali yaqinlashib kelayotgan saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ymasligi va «e’tiborini boshqa yo‘nalishga qaratishi»ni bildirdi.

To‘rtinchi bo‘lib Mariy Elning 63 yoshli rahbari Aleksandr Yevstifeyev iste’foga chiqishini ma’lum qildi. U 2017 yildan buyon egallab turgan lavozimini tark etishini aytdi. Muddatidan oldin iste’foga chiqishi sababi haqida esa boshqalardan ko‘ra kamroq ma’lumot berdi: vakolat muddati tugagani sababli (vaholanki muddat sentabrda tugaydi).

Aleksandr Yevstifeyev

Hozircha «nollashtirish» yo‘q

Shuningdek, seshanba kuni Ryazan oblastining 50 yoshli gubernatori Nikolay Lyubimov ham bayonot berdi. U iste’foga chiqmaydi, ammo yangi muddatga nomzodini qo‘ymasligini bildirdi (u ham Yevstifeyev singari 2017 yildan buyon gubernatorlik qilayotgandi).

Nikolay Lyubimov

Uch gubernatorning vakolati gubernatorlik saylovlari o‘tkaziladigan sentabrda tugashi kerak edi. O‘tgan yil sentabrida davlat dumasiga gubernatorlarga ketma-ket ikki martadan ortiq saylanish imkonini berish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgandi. Loyiha hozircha birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Ekspertlar bu tashabbus konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli 2024 yildan keyin ham prezidentlik kursisida qolish imkoniyatini qo‘lga kiritgan Putindan keyin gubernatorlarga ham o‘z muddatlarini «nollashtirish»ga imkon berishiga e’tibor qaratishdi. 

Qonun loyihasining qabul qilinishi, xususan, 2023 yilda vakolat muddatlari tugaydigan Moskva meri Sergey Sobyanin va Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobevga uchinchi muddatga o‘z nomzodlarini qo‘yish imkoniyatini taqdim etadi. Ekspertlar Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovni ham o‘z lavozimlarini saqlab qolishi mumkin bo‘lganlar qatoriga kiritishdi. 

Nega?

Jvachkin tuzatishlardan foydalanishga ulgurmadi. «Gubernatorlarning ikki muddat ishlashini cheklaydigan qonun bor. Men qonunlarga rioya qilishga o‘rganganman. Hech qachon aylanma yo‘llarni qidirmaganman va bunday qilmoqchi emasman», dedi Jvachkin. Vasilev faqat bir muddat gubernatorlik qilgan va ikkinchi marta saylanish huquqiga ega edi.

Sentyabrda to‘g‘ridan to‘g‘ri gubernatorlik saylovlari o‘tkazilish-o‘tkazilmasligi haligacha noma’lum. Aprel oxirida birdaniga uch nashr - «Kommersant», RBK va «Vedomosti» o‘z manbalariga tayanib saylovlar kechiktirilishi yoki hatto bekor qilinishi mumkinligini yozgandi. «Interfaks» agentligi manbasi Ukrainaga bostirib kirilgani va uning ortidan «keskin sanksiyalar» kiritilgani uchun «mamlakatdagi vaziyat nostandartligi»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «kuch va vositalarni saylov kampaniyasiga sarflash maqsadga muvofiq emas».

Putin 27 aprel kuni gubernatorlik saylovlari muzlatilishi to‘g‘risida e’lon qilishi kutilgandi, biroq u bu mavzuda so‘z ochmadi. Ammo ertasi kuni Kremlning ichki siyosat bo‘yicha boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Vladimir Mazur gubernatorlikka saylovlar protsedurasini o‘zgartirish bo‘yicha maslahatlashuvlar ketayotgani va bu boradagi qaror «yaqin kunlarda» qabul qilinishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga, OAV Mazurni Tomsk oblasti gubernatori lavozimiga asosiy nomzod deb atagandi. RBK 55 yoshli bu amaldor regionga rahbar bo‘lishi mumkinligi haqida fevral boshidayoq yozgandi.

RBK Jvachkinning iste’fosiga uning yoshi va 2020 yildagi Tomsk shahar dumasiga saylovlardagi muvaffaqiyatsiz natijasini sabab qilib ko‘rsatgan. O‘shanda 27 okrugdan 19tasida Aleksey Navalniy qo‘llab-quvvatlagan nomzodlar g‘olib bo‘lgandi. 

Vasilev borasida esa Kreml Kirov gubernatorini regionni yaxshi boshqara olmaganlikda ayblagan va uning «juda past reytingi» sabab, degandi RBK suhbatdoshlari o‘tgan yil oktyabrda. 

Siyosiy texnologlar Radayevning ham iste’foga chiqishini taxmin qilgan. Saratov gubernatori yangi muddatga nomzodini qo‘ymasligini aytgan. O‘n yil avval davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Radayevning nomzodini qo‘llab-quvvatlagandi, deb yozgan «Vedomosti».  

Mariy El rahbari to‘g‘risida RBK manbalari Yevstifeyev gubernatorlik lavozimida ishlashni «mutlaqo xohlamayotgani»ni aytgan, shu bois uning iste’fosi ehtimoli «100 foizga yaqin».

«Bular rejali iste’folar, kuzdan beri ma’lum edi»

«Ilgari ehtimoliy o‘zgarishlarga shama sifatida qabul qilingan va aholi tomonidan ma’qullangan iste’folar to‘lqini hozirgi vaziyatda boshlanayotgan kema halokati isboti sifatida qabul qilinishi mumkin», - deya izoh berdi siyosatshunos Abbas Gallyamov o‘z telegram-kanalida.

«Bular rejali iste’folar, kuzdan beri stolda turgandi. Beshalasining ham vakolati sentabrda tugaydi. Almashtiruvlar fevral-aprelda bo‘lgani ma’qul edi. Ammo ma’lum sabablar tufayli cho‘zildi. Darhaqiqat, ularning hech biri ishni davom ettirishni istamadi, hozir esa yanada ko‘proq istamaydi. Shunday ekan, markaz ichki siyosatni eslay boshladi deyish mumkin», deb yozdi siyosatshunos Aleksandr Kinev telegram-kanalida.

«Hammaning o‘z sababi bor, umumiy sabab esa rotatsiya cho‘zilib ketdi. Iste’folarga maxsus operatsiyaning aloqasi yo‘q va bu demarsh emas», deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid