O‘zbekiston | 18:37 / 02.05.2026
22150
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Surxondaryoda sel kuzatildi, Samarqandda ko‘chalarni suv bosdi

Tojikiston tog‘laridan oqib tushgan sel Beshariqda aholi xonadonlariga kirib borgan. Boysunda sel vaqtincha neft saqlash handaqlarini yana yuvib ketgan bo‘lsa, Sangardakda do‘l yog‘ishi kuzatildi. Samarqandda esa ikki kundan beri davom etayotgan jala oqibatida irrigatsiya tarmoqlari toshib, yo‘llarni suv bosdi. Navoiy shahrida bozor yo‘laklari suvga to‘lgan.

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani / Foto: "O‘zgidromet"

O‘zbekiston bo‘ylab mavsumiy yog‘ingarchilik ortidan birmuncha talafotlar kuzatilmoqda.

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 1 may soat 22:20 larda Tojikistonning Sug‘d viloyati tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida Isfara daryosi orqali Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi “Rovot” gidrouzeliga 100 m³/s miqdorida sel oqimi kelgan.

Sel suvlarining 30 m³/sek qismi Isfara to‘yintiruvchi beton (IPK) kanali orqali “Baxmal” STBga, qolgan qismi sel suvlarini qabul qiluvchi havzalarga yo‘naltirilgan.

Shunga qaramay, sel suvlari Beshariq tumanidagi Vorux, Voruxdasht, Yangiqo‘rg‘on va Rapqon mahallalari hududlariga ham oqib tushgan.

Rapqon shaharchasi / Uzb_Meteo Telegram-kanali e’lon qilgan videolardan kadrlar

Telegram'dagi Uzb_Meteo kanali tarqatgan videolarda Rapqondagi suv bosgan va elektr tarmog‘i o‘chgan hovlini ko‘rish mumkin. Shaharchaning yoritilmagan ko‘chalari suv bilan qoplangan.

Surxondaryoda ham sel kuzatildi

2 may kuni taxminan soat 08:46 va 08:55 atrofida tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Boysun tumani Chilonzor MFYda joylashgan Sherobod Chilonzor kuzatuv gidropostiga taxminan 15-20 m3/s atrofida kelgan sel suvlari oqib keldi, deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Ekologiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2 may kuni tonggi 06:30 da kuchli sel kelishi natijasida Boysun tumanidagi neft handaqlari yana buzilgan va tabiiy havzalarga neft aralash suyuqlik oqib chiqqan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Uzb_Meteo'ning yozishicha, 2 may soat 16:40 lar atrofida Sariosiyo tumani Sangardak qishlog‘ida do‘l yog‘gan.

Samarqand va Navoiyda jala

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi yo‘llarni suv bosgani aks etgan videolar tarqaldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ko‘ra, bunday holat 1-2 may kunlaridagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida kelib chiqqan.

Xususan, 1 may kungi kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Urgut, Samarqand, Oqdaryo va Payariq tumanlari, shuningdek Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida yomg‘ir suvlari to‘planishi, ayrim joylarda esa yomg‘ir suvlari irrigatsiya tarmoqlariga sig‘masdan avtomobil yo‘llariga toshib chiqishi holatlari kuzatildi.

Samarqand viloyati / Foto: Telegram_Yulduzlari
Samarqand viloyati / Foto: FVB

Bugun, 2 may kuni esa viloyatning Paxtachi tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi tumanning ba’zi ko‘chalarida yomg‘ir suvlari to‘planish holatlariga olib keldi.

FVB xabarlarida mahalliy mas’ullar zarur amaliy choralar ko‘rayotgani, turar joylarga zarar yetgani yoki aholi orasida jabrlanganlar borligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagani aytilgan.

Navoiy shahri, Yangi bozor

O‘zgidrometga ko‘ra, 2 may soat 15:00 holatiga Navoiy shahrida kuzatilgan kuchli yomg‘ir dehqon bozori yo‘laklarini suv bosishiga olib kelgan.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid