O‘zbekiston | 20:46 / 07.11.2024
9629
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi

Sel suv omborlari Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi 9 ta tumanda barpo qilinadi. Natijada, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni yaratiladi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qayd qilinishicha, hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sug‘orishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.

Fermer xo‘jaliklarida 1 ming 700 ta nasos yiliga 1 milliard kilovatt elektr sarflaydi. Ularga elektr xarajati uchun bu yilgi budjetda 170 milliard so‘m subsidiya reja qilingan edi. Kelgusi yil bunga yana 250 milliard so‘m ajratilmoqda.

Masalan, xorazmlik 92 nafar dehqon zamonaviy nasos o‘rnatib, elektrni 20 foiz tejayapti. Quyosh paneli o‘rnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7-8 million so‘m daromad olayapti.

Xorazm tajribasini kengaytirish maqsadida elektr xarajati uchun subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari o‘rnatishga bog‘lash kerakligi qayd etildi.

Ushbu tajriba asosida har yili 1000 tadan fermerni yangi tizimga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilning o‘zida 2 milliard kub metr suv tejaldi. 50 dan ortiq mahalliy korxona bunday texnologiyalarni o‘zimizda chiqarayapti.

Shunday bo‘lsa-da, tomchilab sug‘orish joriy qilindi, deb hisobot berilgan barcha dalalarda ham bu tizim ishlamayapti. Qoraqalpog‘istonda esa lazerli tekislashga 10 milliard so‘m subsidiya berilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ ishlatilmasdan qolgan.

Mas’ul idoralarga lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Qoraqalpog‘istonda mavjud lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham joriy etiladi.

Umuman, kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar uchun 700 milliard so‘m subsidiya, 2,5 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilandi.

Yana bir muhim masala – bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatilishi. Masalan, Qo‘shrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi.

Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.

Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor. Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.

Prezident suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish ekanini ta’kidladi. Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q.

Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.

Hozirda suv solig‘idan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.

Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum budjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilarining hisobotlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlarining takliflari tinglandi.

Shavkat Mirziyoyev, irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi

Mavzuga oid