O‘zbekiston | 01:38 / 18.04.2018
12470
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligining vazifalari, nima bilan shug‘ullanishi tartibga solindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan tegishli farmonda batafsil ma'lumot berilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, vazirlik vazifalari qatorida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida tarmoqni kompleks modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida fan va texnika yutuqlarini, resurslarni tejaydigan zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalarni, ilg‘or tajribalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan yagona siyosatni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish orqali iqtisodiyot tarmoqlari eksport salohiyatini oshirish, bozor kon'yunkturasi yuzasidan chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, xorijiy investitsiyalar va beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlar) jalb qilish ham vazirlik vakolatida qayd etilgan.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari sifatida belgilangan:

- aholini yil davomida va uzluksiz ravishda barqaror narxlarda ta'minlash uchun zarur bo‘lgan hajmda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishni tashkil etish;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokini rag‘batlantirishni ta'minlash;

- qishloq xo‘jaligini izchil va barqaror rivojlantirish, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq aholisining bandlik darajasini va daromadlarini oshirish, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror darajasini saqlab qolishga yo‘naltirilgan kompleks maqsadli, tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqish;

- ta'lim, fan va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tizimli asosda uzviy integratsiyalashni, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining yuqori malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta'minlash.

Mavzuga oid