Jahon | 16:58 / 19.12.2024
9626
3 daqiqa o‘qiladi

Suriya lagerlaridan fuqarolarni qaytarishda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilik qilmoqda

Ta’kidlanishicha, Yevropa davlatlari Suriyadagi lagerlarda qolgan fuqarolari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, ularni amalda «tashlab qo‘ygan».

Foto: gov.kz

Markaziy Osiyo davlatlari, Yevropa davlatlaridan farqli o‘laroq, Suriya shimoli-sharqidagi lagerlardan o‘z fuqarolarini qaytarish (repatriatsiya) bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Bu haqda Radikallashuvga qarshi global hamjamiyat chidamlilik jamg‘armasi (GCERF) rahbari Xolid Qusir ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari 2200 nafarga yaqin o‘z fuqarolarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan: Qozog‘iston – 754, Qirg‘iziston – 533, O‘zbekiston 531 va Tojikiston 381.

Qusirning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari lagerlarda qolgan fuqarolari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, ularni amalda «tashlab qo‘ygan».

«Masalan, agar Belgiyani Tojikiston bilan solishtirsangiz, Tojikistonda «bular bizning fuqarolarimiz, biz ular oldida javobgarmiz» deyishadi. G‘arbiy Yevropa esa bu muammo o‘z-o‘zidan yo‘qolishi, fuqarolar lagerlarda o‘lib ketishidan umid qilmoqda. Bunga ko‘z yumishning o‘zi kifoya, deb hisoblamoqda», deb tushuntirdi Qusir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, GCERF Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Suriya shimoli-sharqidagi lagerlardan repatriatsiya bo‘yicha ishlagan tajribasi shuni ko‘rsatdiki, ba’zi narsalarni hali ham yaxshilash mumkin, chunki repatriatsiya qilingan ba’zi ayollar va bolalar yana Suriyaga qaytib kelgan.

«Ammo yana, biz asosan ayollar va bolalar haqida gapiramiz. Endi erkaklarga kelsak, jang qilgan, terrorchi bo‘lgan, hech kim ishga olmaydigan odamlarni vataniga qanday qaytaramiz? Ularning aksariyati qamoqqa tushadi, bu esa qamoqxona dunyosida radikallashuvga olib keladi», deb qo‘shimcha qildi Qusir.

Suriyaning shimoli-sharqida - Suriya demokratik kuchlarining (SDF) arab-kurd otryadlari va AQSh nazorati ostidagi hududda turli manbalarga ko‘ra, 65 mingdan 70 minggacha qochqin yashaydigan lagerlar mavjud. U yerda asosan IShID terrorchilik tashkiloti jangarilari oilasidagi ayollar va bolalar saqlanmoqda. Lagerlar aholisi orasida suriyaliklardan tashqari boshqa davlat fuqarolari ham bor. Kurd jangchilari qochqinlarning bu lagerlarni tark etishiga ruxsat bermaydi, ammo ular rasman qamoqxona hisoblanmaydi.

Mavzuga oid