O‘zbekiston | 15:19 / 30.08.2023
8499
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet» doirasida majburiy ovoz to‘plash holatlari haqida xabar berish so‘raldi

Foto: Videodan kadr

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» jarayonlari doirasida majburiy ovoz berish holatlariga duch kelgan fuqarolarni bu haqda xabar berishga chaqirdi.

Ma’lum qilinishicha, ayrim hududlarda budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy tarzda ovoz berishga jalb etish holatlari kuzatilayotgani yuzasidan e’tirozlar kelib tushmoqda.

Vazirlik 2023 yil 10 apreldagi prezident qaroriga ko‘ra, ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanishini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, majburiy ovoz to‘plash holatlari yuzasidan kelib tushgan barcha murojaatlar huquqiy baho berish uchun vakolatli organlarga taqdim etilayotganini bildirdi.

«Hurmatli fuqarolar, agar siz ham «Tashabbusli budjet» jarayonlari doirasida majburiy ovoz berish holatlariga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligining ishonch raqamlariga yoki «Ochiq budjet» axborot portalining onlayn murojaat bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

«Ochiq budjet» axborot portalining onlayn murojaat bo‘limi — Onlayn murojaatnomalar.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ishonch raqamlari:

+99871 2035141; +99871 2035050 (ichki raqam — 01115);
+99871 2031993 (ichki raqamlar — 01116, 01117).

Mavzuga oid