Sport | 15:09 / 05.07.2021
22564
8 daqiqa o‘qiladi

15 yilda 15 jamoada ishlagan «darbadar». Yurgen Gede O‘zbekistonga qaytsa, milliy jamoani o‘zgartira oladimi?

O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2022 saralash bosqichidagi muvaffaqiyatsizligidan keyin Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi to‘liq tarkibda iste'foga chiqarilib, yaqin oylar ichida yangi murabbiylar shtabi ish boshlashi, Yevropadan mutaxassis olib kelinishi haqida ma'lum qilingandi.

Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, hozirga kelib O‘FA asosan xorijlik mutaxassislar bilan muzokara olib bormoqda va ular orasida milliy jamoamiz sobiq bosh murabbiyi germaniyalik Yurgen Gede varianti ham bor. Qayd etilishicha, Gede nomzodi texnik direktor lavozimiga ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, aynan uning taklifi bilan bosh murabbiy lavozimiga yevropalik mutaxassis chaqirilishi mumkin. Quyida 64 yoshli murabbiyning O‘zbekistonni tark etganidan keyingi 15 yillik faoliyatiga nazar solib, milliy jamoa taqdiri unga topshirilsa, ahvol qay daraja o‘zgarishini tasavvur qilish qiyin emas.

Yurgen Gedeni qanday eslaymiz?

Nemis mutaxassisi 2003-04 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasida avvaliga bosh murabbiy yordamchisi, keyinchalik bosh murabbiy sifatida ishlagan bo‘lsa-da, faoliyatini muvaffaqiyatli baholab bo‘lmaydi.

Dastlab bosh murabbiy Ravshan Haydarovga yordamchi sifatida faoliyat yuritgan Hans-Yurgen Gede JCh-2006 yakuniy saralash bosqichi oldidan milliy jamoa bosh murabbiyiga aylangandi. Ungacha u assistent bo‘lib ishlagan paytda O‘zbekiston 2-saralash bosqichida 6 o‘yinda 5ta g‘alabaga erishib, 1-o‘rin bilan 3-saralash bosqichiga yo‘l olgandi.

Haqiqiy sinov odatdagidek hal qiluvchi bosqichda kuzatilgan. 2005 yilning fevral va mart oylarida Gede boshchiligidagi O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan bahsda Toshkentdagi o‘yinning so‘nggi soniyalarida Anvar Soliyevning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolgan bo‘lsa (1:1), Kuvayt va Janubiy Koreyadagi muhim o‘yinlarda milliy jamoa bir xil – 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Natijada milliy jamoa Toshkentga qaytgach, O‘FF rahbariyati nemis mutaxassisini iste'foga chiqargan, Yurgen Gede so‘nggi matbuot anjumanida ham ishtirok etmay, Germaniyaga qaytib ketgan edi.

Uning o‘rniga Bob Xouton taklif etilgan va angliyalik murabbiy guruh bosqich 2-davra o‘yinlaridagi Janubiy Koreya (1:1), Saudiya Arabistoni (0:3) va Kuvayt (3:2) bilan bahsda durang, mag‘lubiyat va g‘alaba qayd etib, milliy jamoani ilk marta pley-off sari yetaklagandi. Ammo Bahrayn bilan dastlabki o‘yin (1:0) bekor qilingach, qayta o‘tkazilgan va takroriy bahsdan keyin (1:1, 0:0) alamli tarzda Germaniyadagi JCh-2006dan chetda qolgan edik.

Ozarboyjondan Vetnamgacha: Gede o‘tgan 15 yil davomida qayerlarda ishladi?

2005 yildagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin jurnalistlar bilan uchrashuvdan ham qochib, O‘zbekiston milliy jamoasini tark etgan Hans-Yurgen Gede o‘tgan 15 yil davomida Yevropa va Osiyoning bir qator mamlakatlarida faoliyat yuritdi. Qizig‘i, germaniyalik mutaxassis qayerda ishlamasin, faoliyati uzoqqa cho‘zilmagan.

Jumladan, 2005 yilda O‘zbekiston milliy jamoasidan iste'foga chiqarilgan Yurgen oradan 2 oy o‘tib, Eronda faoliyat boshlagan. O‘z tarixida ilk marta Eron yuqori ligasiga yo‘l olgan «Shahid G‘andi» klubi bosh murabbiyiga aylangan Gede ilk mavsumdayoq jamoasi bilan turnirda so‘nggi 16-o‘rinni egallab, klubni qayta quyi ligaga ravona qilgan va o‘zi ham jamoadan haydalgan.

Erondagi missiyasi o‘xshamagan Yurgen 2006 yilda Bahraynning «Al Ahli» klubida ish boshlagan. Klub rahbariyati 2005 yilda jamoaning chempionlik kurashida 2-o‘rinni olganidan qoniqmay, Gedeni bosh murabbiy sifatida chaqirganiga qaramay, Yurgen bu safar ham omadsizlikka uchraydi – «Al Ahli» 8-o‘ringa tushib ketgan. Natijada, Manama klubi rahbariyati germaniyalik murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatadi.

Bir yillik tanaffusdan keyin – 2008 yilning yanvar oyida Malayziyaning «Kuala-Lumpur» klubi Yurgen Gedeni taklif etadi. Ammo ular ham bosh murabbiy tanlovida xato qilganliklarini uch oydayoq sezishadi – aprel oyida kuala-lumpurliklar Gede bilan xayrlashishadi. Klub esa 13 jamoa orasida 12-o‘rinni egallaydi.

Futboli haminqadar bo‘lgan Malayziyada ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan qahramonimiz uch oy o‘tib, Ozarboyjondan taklif oladi. Chempionlik kurashida 2-o‘rinni egallagan Bokuning «Neftchi» klubi rahbariyati O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyiga ishonch bildirib, chempionlik maqsadini qo‘yadi. Biroq bokuliklar ham Gede nomzodida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganliklarini tez anglagan bo‘lishsa-da, 6 oy sabr qilishdi. Ozarboyjonning bayroqdor klubi o‘z tarixidagi antirekord – turnir jadvalida 10-o‘ringa tushib ketgach, rahbariyatning toqati toq bo‘lib, 2009 yilning fevral oyida Gede bilan shartnoma bekor qilingan.

Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin ham futbol agentlari Yurgen Gedega ish topib berishgan. 2009 yil yozida Osiyoning eng quyi saviyadagi chempionatlaridan biri Myanmaning hozirda nomi o‘zgargan «Okta Yunayted» jamoasida ish boshlagan mutaxassis noma'lum sabablarga ko‘ra 4 oydayoq klubni tark etgan.

Osiyoda bor obro‘yini to‘kib bo‘lgan Gede 2009 yil hisobidan uchinchi ish joyi – Afrika qit'asida faoliyat boshlaydi. Liviyaning «Tahaddi» klubi Gedening navbatdagi «qurboni» bo‘ldi. Bengazi shahri jamoasi Gedeni ne niyatlar bilan taklif etganiga qaramay, «Tahaddi» 2009/10 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, 14 jamoa orasida 13-o‘rinni egallab quyi ligaga tushib ketgan. Gede esa odatdagidek bu klubni ham «omadsiz» yorlig‘i bilan tark etgan.

Bosh murabbiylik faoliyatidagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin Yurgen nihoyat o‘zi uchun xulosa yasagan ko‘rinadi, 2011 yildan yana yordamchi murabbiy bo‘lib ishlashni afzal ko‘rgan. 2011 yilda Eronning «Istiqlol» klubida Parviz Mazlumiga assistent-murabbiy sifatida yordam bergan bo‘lsa, 2012 yilda «Zob Ohan»da shu lavozimda ishladi. 2013-14 yillarda esa Xormozganning «Alyumin» klubida faoliyat yuritdi.

2016 yilda Vetnam futbol federatsiyasida terma jamoalar texnik direktori sifatida ish boshlagan Gede Vetnam o‘smirlar jamoasi (U16), yoshlar (U19) va olimpiya (U23) jamoalaridagi faoliyatidan keyin poytaxt Xanoy klubi sharafini himoya qiladigan «Viyettel» jamoasi texnik murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda.

Xulosa

Yurgen Gede O‘zbekistonga qaytish variantiga qiziqish bildirgani va o‘zi bilan milliy jamoaga bosh murabbiy sifatida germaniyalik murabbiy olib borishi mumkinligi haqida xabar berildi. Ammo so‘nggi 15 yillik faoliyati davomida uch qit'a jamoalari orasida darbadar yurgan omadsiz murabbiyning milliy jamoamizga yangicha ish uslubi yoki qandaydir yordami tegishiga ishonish qiyin. Ehtimol, bu variant O‘FA ro‘yxatidagi nomzodlar qatorida asosiysi emasdir, shunga qaramay milliy jamoa sobiq murabbiylari qaytib ham ahvolni battarlashtirgan hozirgi vaziyatda, 64 yoshigacha murabbiylikda boshi sarson-sargardonchilikdan chiqmagan Yurgen Gede singari mutaxassislar nomzodlar qatorida ko‘rilishga ham munosib emas.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid