O‘zbekiston | 15:27 / 20.05.2026
4539
2 daqiqa o‘qiladi

Soliqchilarga to‘lanadigan ustamalar oshirildi

1 iyundan boshlab, soliq organiga ishga kirganiga 1 yildan oshgan xodimlarga to‘lanadigan har oylik ustamalar miqdori oshiriladi. Masalan, 1 yildan 3 yilgacha staj egalariga – 30 foiz, 3 yildan 5 yilgacha staj egalariga 60 foiz, ish staji 20 yildan oshganda 150 foiz ustama to‘lanadi. Bundan tashqari, xalqaro malaka darajalari yoki sertifikatlariga ega barcha soliqchilar 100 foizlik ustamadan bahramand bo‘ladi.

Sun’iy intellektda ishlangan infografika

19 may kuni imzolangan prezident farmoniga asosan, soliq xizmati xodimlariga ko‘p yil ishlaganlik uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori oshirildi.

2026 yil 1 iyundan boshlab, ustama miqdori quyidagicha bo‘ladi:

  • ish staji 1 yildan 3 yilgacha bo‘lganda, 30 foiz;
  • ish staji 3 yildan 5 yilgacha bo‘lganda, 60 foiz;
  • ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda, 80 foiz;
  • ish staji 10 yildan 15 yilgacha bo‘lganda, 100 foiz;
  • ish staji 15 yildan 20 yilgacha bo‘lganda, 120 foiz;
  • ish staji 20 yildan oshganda, 150 foiz.

Bundan tashqari, xuddi shu sanadan boshlab xalqaro malaka darajalari yoki sertifikatlariga ega barcha darajadagi soliq xizmati xodimlariga har oylik ish haqiga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

1 iyundan boshlab, shuningdek, soliqlarni to‘lash muddatini buzganlik uchun penyalar, shu jumladan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qo‘shimcha undirilgan summalar bo‘yicha penyalar hamda soliq qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llangan moliyaviy jazo choralari summalarining Soliq qo‘mitasi maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan qismi 40 foiz deb belgilanadi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida "Soliq xizmati fidoyisi" ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid