Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va uning oilasi o‘tgan yillar uchun soliq da’volaridan butunlay ozod etildi
Qaror Trampning soliq deklaratsiyalari sizib chiqishi bo‘yicha Soliq xizmatiga qarshi da’vosini hal etish doirasida qabul qilindi.
Foto: Julia Demaree Nikhinson/AP
AQSh Adliya vazirligi Soliq xizmatiga (IRS) AQSh prezidenti Donald Tramp va uning oila a’zolarining o‘tgan yillardagi soliq deklaratsiyalarini tekshirishni taqiqladi.
Qaror Trampning soliq deklaratsiyalari sizib chiqishi bo‘yicha Soliq xizmatiga qarshi da’vosini hal etish doirasida qabul qilindi. Tramp da’vo doirasida Soliq xizmatidan 10 milliard dollar talab qilgan.
CNN nashrining ta’kidlashicha, dastlab Adliya vazirligi da’voni hal etish doirasida avvalgi prezident ma’muriyati davrida noqonuniy ta’qibga uchragan Tramp tarafdorlariga tovon to‘lash uchun 1,8 milliard dollarlik jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qildi. Trampning o‘zidan rasman uzr so‘raladi, ammo pul kompensatsiyasi to‘lanmaydi.
Adliya vazirligi saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, AQSh hukumati Trampga nisbatan soliq da’volaridan voz kechmoqda va «har qanday da’vo qo‘zg‘atish huquqidan butunlay mahrum bo‘lmoqda».
Adliya vazirligining tushuntirishicha, deklaratsiyalarni tekshirishni taqiqlash faqat o‘tgan yillarga taalluqli bo‘lib, Tramp va uning oila a’zolari kelajakda topshiradigan soliq hisobotlariga taalluqli emas.
Soliqlar bo‘yicha kichik qo‘mitaga rahbarlik qiluvchi demokrat kongressmen Richard Nil Trampning soliq deklaratsiyalarini tekshirishni taqiqlash qarorini «korrupsiya» deb atadi.
Tramp o‘zining birinchi saylovoldi kampaniyasi paytida ham, prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin ham soliq deklaratsiyalarini e’lon qilmadi va buni moliya auditining davom etayotgani bilan izohladi. U 1970-yillarning boshidan beri soliqlarni to‘lash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan birinchi AQSh prezidenti bo‘ldi.
Trampning Soliq xizmatiga qarshi da’vosi 2026 yil yanvar oyida berilgan edi. Sudga murojaat qilishga sabab, Trampning 2018-2020 yillarda prezidentlik lavozimidagi birinchi muddati davomida Amerika ommaviy axborot vositalarida soliq deklaratsiyalarining e’lon qilinishi bo‘ldi. Hujjatlar gazetalarga Soliq xizmatining sobiq xodimi Charlz Littljon tomonidan taqdim etilgan. 2024 yilda u soliq deklaratsiyalari va ular bilan bog‘liq ma’lumotlarni noqonuniy oshkor qilgani uchun besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.