O‘zbekiston | 08:56 / 20.11.2020
34947
2 daqiqa o‘qiladi

Sovuq ob-havo keyingi hafta boshigacha saqlanib turadi – «O‘zgidromet»

18 noyabrda mamlakatga Ural hududlaridan juda sovuq antitsiklon kirib keldi. Antisiklon chinakam qishki ob-havo, qor va sovuqni olib kirdi. O‘zbekiston hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik, asosan qor ko‘rinishida kuzatildi, tog‘ hududlarining ba'zi joylarida qor kuchli bo‘ldi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida va cho‘l zonalarida yog‘ingarchilik kuzatilmadi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, qor yog‘ishi paytida ba'zi joylarda ko‘rinish 50-100 metrgacha yomonlashdi. Yo‘llarni yaxmalak qopladi. Kechga tomon respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida balandligi 6 sm.dan 14 sm.gacha, ba'zi joylarda 20-25 sm.gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi. Qor qoplami oldinroq shakllangan tog‘li hududlarda qor balandligi 10-30 sm.ni tashkil etdi.

Havo harorati kun davomida 3-5 daraja sovuq bo‘ldi. Kechasi deyarli barcha joylarda yog‘ingarchilik to‘xtadi, sovuq esa kuchaydi. Toshkent shahrida termometr 9 daraja sovuqni, respublikaning ba'zi joylarida 10-13 daraja sovuqni, shimolda va cho‘l zonalarida 15-18 daraja sovuqni ko‘rsatdi. Bunday harorat me'yoriy qiymatlardan (o‘rtacha ko‘p yillik) 10-15 darajaga kam bo‘ldi.

O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yarmida qor yog‘ishi odatiy hol emas. Yomg‘irning qorga aylanishi va beqaror qor qoplami shakllanishi o‘tgan yil ham qayd etilgan, 2016 yilda esa qor shu kunlarda yog‘gan. Ammo bu davrda bunday past harorat juda kamdan-kam kuzatiladi.

O‘zbekiston hududlarida sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 6-9 daraja sovuq, kunduz kunlari 2 daraja sovuq - 3 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid