O‘zbekiston | 18:22 / 06.10.2022
27928
6 daqiqa o‘qiladi

“Rossiyadagi vatandoshlar tinchligi uchun diplomatik ishora” - Mirziyoyevning Putinga orden bergani faollar nigohida

Shavkat Mirziyoyev 70 yoshini qarshi olayotgan Rossiya prezidentiga “Oliy darajali do‘stlik” ordenini sovg‘a qilganiga blogerlar uchta ehtimoliy sababni keltirib o‘tdi. Bu – avvalroq Putin hadya qilgan Nevskiy ordeniga javob bo‘lgani, Rossiyadagi o‘zbeklarning tinchligini o‘ylab shunday qarorga kelingani aytilyapti. Qolaversa, O‘zbekiston yetakchisi xuddi shunday ordenni o‘tgan oyda Xitoy raisiga ham bergandi: “Putinni quruq qoldirib bo‘lmasdi”.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi hamda 70 yoshga to‘lgani munosabati bilan» «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

O‘zbek jamoatchiligi vakillari tomonidan bu yangilikka tezlikda reaksiya berildi. Xususan, huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev buni oldinroq O‘zbekiston prezidentiga berilgan ordenga javob sifatida baholadi.

«Menimcha, bu ko‘proq sal avvalgi mukofotga javob sifatida berilgan bo‘lsa kerak. Ya’ni joriy yil iyul oyida Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni arafasida Putin davlatimiz rahbarini Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmonni imzolagandi.

Bugungi orden hozircha eng katta iqtisodiy hamkorimizga diplomatik «bor tovog‘im, kel tovog‘im» tarzida berilganga o‘xshaydi», deydi u.

Davletovuz kanali muallifi ham shu fikrni davom ettirib, buni Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari xavfsizligini ham ko‘zlab qilingan diplomatik harakat deb hisoblashini yozdi.

«Prezidentga ham oson emas. Butun dunyo yuz o‘girib, «toksichnyy» siyosatchiga aylangan odam bilan, xohlaymizmi-yo‘qmi, O‘zbekiston murosa qilishga majbur. Siyosatchilarimiz tili bilan aytganda, 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyada ishlayapti, hayot kechiryapti. Shu ma’noda bu mukofotni o‘sha fuqarolarimiz taqdiri uchun, tinchligi, xavfsizligi yo‘lida hadya, diplomatik ishora, deb tushunish mumkin.

Qolaversa, yaqinda Xitoy rahbari Si Jinpingga ham shu mukofot berilgandi. Putinni quruq qoldirib bo‘lmasdi», deya yozadi bloger.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston rahbariyatining bu qarorini “ancha vazmin va narigi tarafni vazminlashtiradigan”, “chiroyligina sharqona diplomatiya” deb ta’rifladi.

“O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev bugun tug‘ilgan kuni, ya’ni 70 yilligini nishonlayotgan V.Putinni O‘zbekistonning “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlabdi. Iyul oyida V.Putin O‘zbekiston prezidentini “Aleksandr Nevskiy” ordeni bilan mukofotlagan edi. Asimmetrik javob: orden berish, tug‘ilgan kun bo‘lsa, tug‘ilgan kun-da!

Kerak bo‘lsa, ancha vazmin va narigi tarafni vazminlashtiradigan javob ham. Sababi, har bir davlatda, ordenlarning iyerarxiyasi bo‘ladi. Masalan, O‘zbekistonda “Amir Temur ordeni”, “O‘zbekiston Qahramoni” ordeni kabi unvonlar eng yuqorida turuvchi oliy mukofotlar hisoblanadi. Ushbu iyerarxiyada “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni, nazarimda, eng yuqoridan pastroqda, yoki o‘rtadan yuqoriroqda turuvchi ordenlardan.

Nazarimda, O‘zbekiston tarafi vazmin va mulohazali javob qaytardi. Ordenni olishdan bosh tortish, bir tomondan boshqalarning (Qozog‘iston) ishini takrorlash, ikkinchi tomondan konfliktli demarsh bo‘lardi. Birinchi savdo-iqtisodiy hamkor bilan tep-tekis joyda zo‘riqishga borish, kimga kerak? O‘zbekiston tarafi ordenni olib, vaqti kelganda, o‘zining boshqalarga keng beriladigan ordenini berib, munosib javob qaytardi. Chiroyligina sharqona diplomatiya!” – deya yozdi Rabbimov.

“Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova ham bu borada fikr bildirib, mazkur mukofot Toshkent va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik chuqurligini ko‘rsatishini ta’kidladi.

“Millionlab o‘zbek muhojirlari, milliardlab biznes va investitsiya loyihalari hamda xavfsizlik sohasidagi aloqalar Rossiyaning ta’sir kuchi demakdir.

Moskva va Putin haqida men Toshkentdan ko‘p eshitaman: siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan Rossiyadan uzoqlashish O‘zbekiston uchun imkonsiz. Mustahkam aloqalardan ko‘rilayotgan manfaat haqida kuchli argumentlar bor. Ko‘pchilik ehtiyotkor bo‘lishga chaqirsa ham, O‘zbekiston nima uchun Rossiya bilan yaqin bo‘lishga majbur bo‘layotganini tushunadi.

Umuman olganda, o‘zbek siyosatchilari O‘zbekiston Rossiya bilan aloqalarda mustaqillikni xatarga qo‘yishi haqidagi fikrlarni rad etadi. Ular aloqalarning ikki tomonlama manfaatli ekani, Rossiya eng katta iqtisodiy va harbiy kuch sifatida hatto hozirgi holatida ham gigant hamkor ekanini aytishadi. Orden almashishlar ana shu pozitsiyani eks ettiradi”, – deya yozdi Navbahor Imomova.

Ma’lumot uchun, bu – Putinga berilgan birinchi O‘zbekiston ordeni emas. U 2008 yil 20 fevralda birinchi prezident Islom Karimov farmoni bilan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

Bundan tashqari, Putin – xorijiy va MDH davlatlarining bir qancha ordenlari laureati hamdir:

  • «Oltin Qiron» ordeni. Qozog‘iston. 2004 yil 8 yanvar.
  • I darajali Ismil Somoniy ordeni. Tojikiston. 2007 yil 6 oktyabr
  • Xalqlar do‘stligi ordeni. Belarus. 2013 yil 14 mart
  • Hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun ordeni. Turkmaniston. 2017 yil 1 oktyabr
  • I darajali Manas ordeni. Qirg‘iziston. 2017 yil 22 noyabr
  • Do‘stlik ordeni. Xitoy. 2018 yil 8 iyun
  • Qozog‘istonning birinchi prezidenti — Nursulton Nazarboyev ordeni. Qozog‘iston. 2019 yil 27 may.

Mavzuga oid