Jamiyat | 08:39 / 06.01.2026
3496
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon va Farg‘onada “opiy” va “gashish”ning katta partiyalari musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida bir qator narkojinoyatlar fosh etildi. Amaliyotlar davomida “opiy” va “gashish”ning katta partiyalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Foto: Videodan kadr

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Tojikistondan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroning Qo‘qon shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.

Natijada xonadon oshxonasidan 4 kg 572 gr “opiy” hamda 1 kg 58 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar WhatsApp messenjeri orqali yuborgan geolokatsiya asosida, muqaddam Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gr “opiy” moddasi ham olindi.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, iste’molga tayyor holatga keltirishda yordam bergan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi. Uning xonadonidan ham 7 kg 226 gr “opiy” moddasi olindi.

Yana bir holatda Qo‘qon shahri hududida harakatlanayotgan 1980 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSh dollariga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan 1985 yilda tug‘ilgan hamshahari hamda uning jinoiy sherigi bo‘lgan 1985 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning O‘zbekiston tumanidagi xonadonidan 2 kg 362 gr “opiy” moddasi olindi.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1992 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Qo‘qon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gr “gashish” moddasini xaridorga 150 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid