Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqda yadroviy muvozanat | “Geosiyosat”
AQSh–Eron qarama-qarshiligining asosiy sababi sifatida ko‘pincha Tehronning yadro quroliga intilishi tilga olinadi. Eron buni o‘z xavfsizligining kafolati deb ko‘radi, lekin agar mamlakat yadroviy salohiyatga ega bo‘lishni uddalasa, Saudiya Arabistoni ham muqobil javob choralarini izlay boshlaydi.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar jonli efirda tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishdi
— Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistoniga o‘z yadro arsenalini joylashtirishi mumkinmi?
Oybek Sirojov: Bunday ehtimol mavjud, AQSh o‘z yadro qurollarini hududga joylashtirishi yoki Saudiya Arabistoniga mustaqil ravishda yadro dasturini rivojlantirish uchun sharoit yaratib berishi mumkin. Bu esa mutlaqo yangi va o‘ziga xos geosiyosiy jarayonni boshlab beradi. Bunday vaziyatda Turkiya ham befarq qolmaydi.
Saudiya Arabistoni va boshqa mintaqa davlatlari ham passiv kuzatuvchi bo‘lib qolmaydi. Natijada Yaqin Sharqda yana uch-to‘rtta yangi yadro quroliga ega davlatlar shakllanishi ehtimoli yuzaga keladi. Bu yerda eng murakkab masala shundan iboratki, hozirgi kunda Fors ko‘rfazi davlatlari xususan, Qatar va Saudiya Arabistoni Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarini aynan xavfsizlik kafolati sifatida mustahkamlamoqda.
Agar ular xavfsizlikni ta’minlash vositasi sifatida yadro qurolini yoki AQShga muqobil kuchni ko‘ra boshlasa, bu Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi rolini sezilarli darajada susaytirishi mumkin. Ikkinchidan, bunday sharoitda Qo‘shma Shtatlar Eronga hozirgidek bosim o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Shimoliy Koreya tajribasiga o‘xshash tarzda, Eron ham shunga yaqin strategiyani qo‘llashi mumkin. Ya’ni tashqi bosim kuchaytirilsa yoki hududiga havo zarbalari berilsa, yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilish orqali javob qaytaradi. Bu esa AQShni tiyib turuvchi omilga aylanib, hatto uning mintaqadagi harbiy bazalarini bosqichma-bosqich qisqartirishiga olib kelishi mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: Endi, xalqaro huquq nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga ko‘ra, bir davlatning yadro qurollari boshqa davlat hududida joylashtirilishi, birinchidan, qat’iyan cheklangan. Ikkinchidan, bunday holatda ham ushbu qurollarni boshqarish yoki ulardan foydalanish huquqi mezbon davlatga berilishi mumkin emas.
Masalan, Yevropadagi ayrim davlatlarda AQShning yadroviy raketalari va kallaklari joylashtirilgan.
Jumladan, Italiya va Belgiyada, shuningdek, sovuq urush davrida Germaniya hamda Turkiyadagi Injirliq bazasida ham shunday holatlar kuzatilgan. Bugungi kunda Saudiya Arabistoniga “yadroviy soyabon” taqdim etishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlardan biri — Pokiston. Biroq Pokiston hozircha bunday qadam tashlashga jur’at qilmayapti, chunki bu yadro qurollarining tarqalishini yanada kengaytirishi mumkin. Huquqiy jihatdan bunday qurollar Pokiston tasarrufida qoladi, ammo Saudiya hududida joylashtirilib, uning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilsa, bu yadro tarqalishining bilvosita shakliga aylanadi. Odatda xalqaro huquq bunday mexanizmlarga ham cheklov qo‘yadi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni aynan AQShdan bunday yordam so‘rashi mumkinmi, degan savol ham mavjud. So‘nggi yillarda Saudiya AQSh bilan aloqalarni to‘liq uzmagan holda, muvozanatli siyosat yuritmoqda, ya’ni masofani saqlagan holda hamkorlik qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya va Xitoy bilan ham ijobiy munosabatlarni rivojlantirmoqda.
Yana bir e’tiborga molik jihat Turkiya ichki siyosatida ilgari surilayotgan yangi geosiyosiy g‘oyalardir. 2025 yildan boshlab prezident Erdo‘g‘anning ittifoqchisi Davlag‘ Bahcheli parlamentda koalitsiya doirasida muhim rol o‘ynamoqda. Bahcheli tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalardan biriga ko‘ra, dunyoda yangi davr boshlangan, Sovuq urush yakunlangan va AQSh endi asosiy xavfsizlik kafolatchisi sifatida qaralmaydi.
Uning fikricha, kelajakdagi asosiy tahdid Isroildan kelishi mumkin. AQSh esa Isroilning asosiy homiysi.
Shu nuqtayi nazardan, u Turkiya NATO a’zosi bo‘lib qolgan holda, bir vaqtning o‘zida Rossiya va Xitoy bilan ham mudofaa va hamkorlik bo‘yicha yangi pakt tuzishi kerak, degan g‘oyani ilgari surmoqda. Bu esa xalqaro ekspertlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotgan, bahsli va murakkab geosiyosiy konsepsiya hisoblanadi.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
19:54
AQSh zarbxonasida Kolumbiya kartellariga tegishli oltin topildi
17:51
Britaniya qiroli 2007 yildan beri birinchi marta AQShga tashrif buyurdi
11:34
“Imperiyalar qabristoni” – nega yirik davlatlar Afg‘onistonni bo‘ysundira olmagan?
22:54 / 27.04.2026