10:11 / 30.05.2024
23192

Abituriyentlar uchun muhim – qabulda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2024 yilgi qabuldan abituriyentlar yangi tartib asosida OTMga hujjat topshiradi. Bu yilgi hujjat topshirish oldingi yillardan farq qiladi. Kun.uz o‘zgarishlar bo‘yicha Bilimlarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshidbek Odilov bilan suhbatlashdi.

Abituriyentlar hujjatlarini qanday tartibda topshiradi?

Abituriyentlar joriy yildan “avval test, keyin tanlov” mexanizmi bo‘yicha hujjat topshiradi.

Birinchi bosqich qabuli 5 iyundan 25 iyungacha amalga oshiriladi. Bunda abituriyent test sinovida qatnashishga tegishli ma’lumotlarni kiritadi. Fanlar majmuasi: 1- va 2-fanlar, test topshiradigan tili, test sinovi topshiradigan joyini kiritish birinchi bosqichda hujjat topshirish uchun yetardi.

Kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar esa yo‘nalish tanlashi ham kerak. Sababi imtihon shu asosida o‘tadi. Bundan tashqari, bu yo‘nalishdagi abituriyentlar o‘zi kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan OTMni ham tanlaydi. Qayerda imtihon topshirgani abituriyentning o‘sha yerda o‘qishi shartligini anglatmaydi. Qayerda o‘qishlarini keyingi bosqichda to‘plagan balliga qarab tanlashadi.

Keyin iyul-avgust oyida imtihonlar bo‘lib o‘tgach to‘plagan balliga qarab o‘z imkoniyatlarini baholay oladi va keyin yo‘nalish tanlashi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi bosqichda hujjat topshirishga 15 kun vaqt beriladi. Bu paytda abituriyent 5 tagacha yo‘nalish, tanlov ustuvorligi, ta’lim shaklini tanlaydi. Qabul tugagach, 1 haftadan so‘ng yakuniy mandat e’lon qilinadi.

Sertifikat olishga ulgurmaganlar uchun yechim bormi?

Bu yildan hujjat topshirishning oldinroq amalga oshirilishi abituriyentlar uchun noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Sababi chet tilidan sertifikat olish uchun iyun oyida imtihon topshiradiganlar bo‘lishi mumkin. Masalan, iyun oyida IELTS imtihoni 13, 26 iyun sanalarida, iyulning boshida esa 6 iyulda o‘tkazilishi ko‘rsatilgan ekan. Abituriyentlar bu sanalarda ham hujjat topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi mumkin, sababi ular qabul kechroq, 20 iyundan 20 iyulgacha bo‘lishini hisobga olishgan. Lekin bu yil bu muddat o‘zgaryapti va bunga abituriyentlar aybdor emas. Ular uchun qandaydir yechim taklif qilinadimi?

Jamshid Odilovning javobiga ko‘ra, ularga qo‘shimcha muddat berilishi haqida hech qanday reja qilinmagan. Sababi agar ro‘yxatga olish muddati uzaytiriladigan bo‘lsa, mandat javobi chiqishi kechikib ketishi va yangi o‘quv yili boshlangungacha ishlarni tugatishga ulgurib bo‘lmasligi mumkin.

Shuning uchun barcha abituriyentlar 25 iyunda qabulning birinchi bosqichi tugashini hisobga olishi shart.

Imtiyozli abituriyentlar uchun

Qabul muddatining ilgariroqqa surilishi tavsiyanomalar bilan OTMga hujjat topshiradigan abituriyentlarga, imtiyozlilarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Ularning tavsiyanoma va imtiyoz beruvchi boshqa hujjatlari tegishli vazirlik, idoralar tomonidan Bilimlarni baholash agentligi bazasiga vaqtida yuklab beriladi.

Bundan tashqari, ular uchun imtihon tartibi ham o‘zgarmagan. Imtiyozli abituriyentlar ham barcha abituriyentlar qatori avval imtihon topshirib keyin yo‘nalish tanlashadi va to‘plagan ballariga qarab avval alohida kvota doirasida tanlovda qatnashishadi.

Kvotalar taqsimlanishi – abituriyentlar foydasiga

Bu yil kvotalar OTM kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida bo‘lishi aytildi. Bu degani talaba qaysi OTMga kirish imkoniyati bo‘lishi yoki yo‘qligini oldindan baholay olmaydimi?

“Yo‘q, unday emas. prezident farmoniga qaralsa, unda davlat granti asosida shakllantiriladigan kvotada o‘zgarish bo‘lgan. To‘lov-kontrakt kvotasida o‘zgarish yo‘q. Kontrakt kvotasi odatiy tarzda OTM kesimida shakllantiriladi.

Soddaroq qilib aytsak, Toshkent davlat tibbiyot akademiyasining “Davolash ishi” yo‘nalishiga 300 ta kvota ajratilgan va 50 tasi grant tarzida belgilab berilgan. Joriy yildan esa grant kvota OTM kesimida bo‘linmasdan faqat yo‘nalishning o‘ziga ajratiladi. Masalan, “Davolash ishi” yo‘nalishiga respublika bo‘yicha jami 500 ta kvota ajratiladi. Grant kvotaning OTMga qanday taqsimlanishi bilimli abituriyentlarning qaysi yo‘nalish va OTMni tanlaganiga bog‘liq bo‘ladi. Qancha ko‘p bilimli abituriyent bir OTMni tanlasa, o‘sha OTMda grant kvota ko‘proq bo‘ladi”, deb tushuntirdi agentlik mas’ul xodimi.

Bu yil qancha abituriyent hujjat topshiradi?

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2024/2025 yilgi qabulda 1 mln abituriyent OTMga hujjat topshirishini prognoz qilmoqda. Lekin 1 mln 200, 1 mln 250 ming nafar abituriyent imtihon topshirishi uchun sharoit qilinmoqda.

OTM va professional ta’lim muassasalariga qabul bitta bo‘ladi

Prezident farmonida abituriyentlar to‘plagan balliga qarab avval OTMning bakalavriatiga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga tanlovda qatnashadi, deyilgan.

Jamshid Odilovga ko‘ra, bu OTM va professional ta’lim muassasalariga qabul va imtihonlar bir vaqtda amalga oshirilishini anglatadi. Abituriyent hujjat topshirish payti faqat imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi va test topshiradi.

So‘ng to‘plagan balliga qarab xohlasa, ikkinchi bosqichda OTM va yo‘nalish tanlab ro‘yxatdan o‘tadi. Balli yetsa, OTMda o‘qishni tanlashi yoki o‘sha balli asosida professional ta’lim muassasalaridan birini tanlashi mumkin.

Abituriyentlarga tavsiya

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tayotgan payti imtihon topshiradigan fanlarni tanlayotganda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Sababi ular yo‘nalishni keyingi bosqichda tanlashadi. Shuning uchun qaysi yo‘nalishga qaysi fandan imtihon bo‘lishini batafsil o‘rganib chiqishlari kerak.

 

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Top