Jahon | 19:02 / 09.01.2021
15670
2 daqiqa o‘qiladi

WhatsApp'ning yangi siyosati sabab Telegram foydalanuvchilari soni keskin ko‘paya boshladi

WhatsApp foydalanuvchilarining ma'lumotlarini o‘zi tegishli bo‘lgan Facebook kompaniyasiga bera boshlagani haqida ma'lum qilgach, messenjerning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi Telegram'ning foydalanuvchilari soni odatdagidan tezroq ko‘paya boshladi.

Telegram asoschisi bo‘lgan Pavel Durov bu borada o‘z fikrlarini bildirdi: «Millionlab odamlar WhatsApp'ning foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishdan hayratga tushdi. Unga ko‘ra, endi WhatsApp foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlari Facebook'ga yetkazib turiladi. Bu esa bir necha yildan buyon davom etayotgan odamlarning WhatsApp'dan Telegram'ga «ko‘chib o‘tish» tezligini yanada oshirdi», degan Durov.

Telegram'ning rossiyalik asoschisi uning messenjeri Facebook uchun jiddiy muammo bo‘lgani haqida ham gapirdi: «Eshitishimcha, Facebook'da Telegram nega bu qadar mashhurligini aniqlash uchun butun boshli guruh tuzilgan», deydi Durov. Telegram asoschisi messenjerni yomonlab xabar tarqatuvchi botlar aniqlanganini ham ma'lum qildi.

WhatsApp foydalanuvchilarning ma'lumotlarini Facebook'ga berishi haqidagi xabar butun dunyo bo‘ylab messenjerdan foydalanuvchilar tanqidiga sabab bo‘lgandi. Kompaniya bu ishni Facebook'ga tegishli ekani bilan izohlagan: «Facebook'ning bir qismi sifatida WhatsApp kompaniyaning boshqa tarmoqlaridan ma'lumotlar oladi va endilikda ularni ulashadi ham», deyilgandi WhatsApp bayonotida. Unda ma'lumot almashish siyosati Facebook'ga qarashli kompaniyalarda xavfsizlikni ta'minlashda yordam berishi aytiladi.

Dunyo bo‘ylab katta mashhurlikka erishgan WhatsApp 2014 yil Facebook tomonidan 19 milliard dollarga sotib olingandi. O‘tgan yil oktyabrda AQSh Adliya vazirligi Facebook'ni WhatsApp va Instagram'ga egalik qilishi sabab monopollikda aybladi. Biroq Facebook bu savdolarni vazirlikning o‘zi tasdiqlaganini aytib, vaziyatdan chiqib ketdi.

Telegram'ning dunyo bo‘ylab foydalanuvchilari soni 500 milliondan ko‘pligi aytiladi.

Mavzuga oid