O‘zbekiston | 18:35 / 05.05.2026
2240
9 daqiqa o‘qiladi

Telegram’dagi tuzoq – O‘zbekistonda Rossiya-Ukraina urushiga yollovchi shaxslar paydo bo‘lmoqda

Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urishayotgan o‘zbekistonliklar soni 5 mingga yaqinlashib qoldi. Rossiyada migrantlarni urushga yollash bo‘yicha har xil sxemalar, tuzoqlardan foydalanilayotgani aytiladi. Urushga yollovchi bunday shaxslar O‘zbekiston ichida ham paydo bo‘lmoqda. Maqolada shunday shaxslardan biri haqida hikoya qilinadi.

Telegram’dagi tuzoq

Internetdagi ayrim manbalarga ko‘ra, Rossiyadan 2023 yilda qariyb 45 ming, 2024 yilda 90 mingga yaqin va 2025 yilda 70 ming nafardan ortiq xorij fuqarolari deportatsiya qilingan. Albatta, bular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Rossiyadan deportatsiya qilinganlar orasida noqonuniy yo‘llar bilan ushbu davlatga qaytib borishni istaydiganlar ham topiladi. Andijonlik 32 yoshli Nursulton Tavakalov Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari buyurtmasiga asosan ma’lum bir haq evaziga ana shunday O‘zbekiston fuqarolarini urushga yollashga harakat qilgan.

Nursulton Telegram’dagi guruhlardan birida Rossiyadan deportatsiya qilinganlarni ushbu davlatga olib kirish haqida e’lon bergan.

Nursulton Tavakalov ushbu tuzog‘i Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgan vatandoshlar e’tiborini tortishini bilardi. Shunday ham bo‘ldi. Uning tuzog‘iga Nodir Olimov va Erali Ro‘ziqulov ismli shaxslar ilindi.

Sog‘ligidagi muammo qutqardi

Nodir Olimov ancha yillardan buyon Rossiyaga qatnab, qurilish ishlarida ishlab kelardi. 2023 yil oxirida u ushbu davlatda bo‘lish qoidalarini buzgan. Shu sababli, deportatsiya qilinib, 10 yil muddatga Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgan.

Nodir Olimov taqiqqa qaramay ushbu davlatga qaytib borish harakatiga tushgan. O‘sha kunlarda u Nursultonning e’lonini ko‘rib qolgan. So‘ngra darhol e’londagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Nursulton Nodir Olimovga o‘z tanishlari orqali Rossiyaga kiritib qo‘yish va’dasini bergan. Xizmat haqi sifatida 250 ming rub to‘lashi kerakligini aytgan. Nodir Olimov bu taklifga rozi bo‘lib, WhatsArr orqali pasport nusxasini jo‘natgan.

Shu tariqa, ular ko‘rishgan. Nursulton Rossiyaning barcha aeroportlarida tanishlarini borligini aytib, Nodir Olimovdan kelishilgan pulning yarmini avvaldan berishni so‘ragan. Nodir Olimov esa hozircha 400 dollar berishini, qolganini Rossiyaga kiritib qo‘yganidan so‘ng to‘lashini bildirgan. Biroz savdolashuvdan so‘ng tomonlar o‘zaro kelishgan.

2025 yil iyun oyi oxirlarida Nursulton Nodir Olimovga qo‘ng‘iroq qilib, taksi jo‘natayotganini aytgan.

Ushbu taksida “Do‘stlik” chegara punktigacha borasiz. U yerdan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga o‘tasiz. Keyin Bishkekka borib, Moskvaga uchasiz. Samolyot “Domodedova” aeroportiga qo‘nadi. U yerda sizni tanishlarim kutib oladi hamda Rossiyaga kiritib yuboradi”, degan u.

Nodir Olimov 2025 yil 29 iyun kuni aytilgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, “Domodedova” aeroportiga yetib borgan. So‘ngra o‘sha yerdan Nursultonga qo‘ng‘iroq qilgan. U esa aeroportdagi bir oynaga borishni aytgan. Aytilgan joyga borganida esa u yerdagi shaxs Nodir Olimovdan pasportini so‘ragan. Ko‘p o‘tmay ikki militsiya kelib, Nodir Olimovning qo‘lidan ushlagan holda uni alohida xonaga olib kirishgan.

Nodir Olimov sudda o‘sha holat haqida shunday ko‘rsatma bergan:

Xonada dastlab menga Rossiyaga kirishim mumkin emasligini aytib, chiqib ketishdi. Keyin 2 nafar harbiy kelib, mening Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga tayyor ekanim bilan qiziqdi. So‘ngra oldimga Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida harbiy xizmatni o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani qo‘yishdi. Unda mening ismim va boshqa ma’lumotlar bor edi. Harbiylarga shartnomaga imzo qo‘ymasligimni, boshqa davlat uchun jang qilish niyatim yo‘qligini ma’lum qildim.

Ularning jahli chiqib, meni Markaziy Osiyodan kelgan 15-20 nafar migrantlar joylashtirilgan alohida sovuq xonaga olib kirib qo‘yishdi. Xonadagilarning barchasi Ukrainadagi urushga borishga majburlanayotgandi. Norozilik bildirgan shaxslarga nisbatan kuch va zo‘ravonlik ishlatildi.

Sovuq xonada mening ahvolim og‘irlashdi. Shu sababli, tibbiyot xodimi va harbiylar kelib, meni xonadan olib chiqishdi hamda ukol qilishdi. Biroz o‘zimni yaxshi his qildim. So‘ngra sog‘ligim to‘g‘ri kelmagani sababli meni aeroportning o‘zidan Qirg‘izistonga qaytarib yuborishdi”.

Nodir Olimov ortga qaytib kelgach, Nursulton bilan bog‘langan. U ikkinchi bor yana aldashga uringan. Ammo uning so‘zlariga ishonmagan jabrlanuvchi tegishli organlarga murojaat qilgan.

Chegarachining yaxshiligi

Erali Ro‘ziqulov ham tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan ishlagani uchun 2023 yil iyun oyida Rossiyadan 5 yilga deportatsiya qilingandi. U ortga qaytib borish uchun Nursultonning “xizmati”dan foydalanmoqchi bo‘lgan. Nursultonni esa o‘sha e’lon orqali topgan.

Erali Ro‘ziqulov Nursultonga qo‘ng‘iroq qilib, rostdan ham Rossiyaga kirishga qo‘yilgan taqiqni yechib bera olishini so‘ragan. Nursulton esa faoliyati qonuniy va rasmiy ekanini, natija uchun javob bera olishini ma’lum qilgan.

Shu tariqa, Erali xizmat haqi 45 mln so‘m bo‘lishi, uning 30 mln so‘mi oldindan, 15 mln so‘mi Rossiyaga kirib olgandan so‘ng berilishi haqidagi taklifga ko‘ngan.

Ular 2025 yil 14 iyun kuni “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara posti yonida ko‘rishgan. Erali 30 mln so‘mni bergan. Nursulton esa hammasi yaxshi bo‘lishini, uning suratini Rossiya politsiyasiga berib qo‘yishini, ular muammosiz mamlakatga kiritib yuborishlarini aytgan.

Erali Ro‘ziqulov “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara posti orqali Qozog‘istonga o‘tib, avtobusda Rossiyaga yo‘l olgan. Ammo Rossiya chegarasiga yetib borganida chegara xodimlari uni ushlab, taqiq borligini, agar Ukrainaga qarshi urushga borishga rozi bo‘lsa o‘tkazishlarini, yo‘qsa ortga qaytarib yuborishlarini aytgan. Erali urushga bormasligini ma’lum qilganida unga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazishga xarakat qilib ko‘rishgan. 2 soatlardan so‘ng esa uni Qozog‘istonga qaytarib yuborishgan.

Erali Ro‘ziqulov Nursultonga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytgan. Shunda Nursulton endi Qirg‘iziston orqali jo‘natishini, bu safar aniq taqiqini yechganini bildirgan.

Nursulton Erali Ro‘ziqulovga Bishkek shahridan Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga aviachipta olib bergan. Erali uning ko‘rsatmasi asosida O‘sh shahriga o‘tgan, so‘ngra Bishkekka borgan. Biroq aeroportda pasport nazoratidan o‘tayotganda bu safar uni Qirg‘iziston chegara xodimlari to‘xtatib qolgan. Ular Rossiyaga kirishga taqiq borligini, sarson bo‘lgan holda qaytib kelishi mumkinligini aytib, bormaslik maslahatini bergan.

Shu tariqa, o‘zi sezmagan holda omadi yurishib, Erali Ro‘ziqulov ikkinchi marta ham Rossiyaga ketolmagan.

Sheriklarim yo‘q”

Nursulton Tavakalovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u 2025 yil 14 avgustda qamoqqa olingan.

Nursulton sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan va bu ishni qilishda sheriklari bo‘lmaganini aytgan.

“Ushbu fuqarolar Rossiyaga borishlari haqida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga xabar bermaganman. Ular bilan aloqam ham yo‘q”, degan o‘z ko‘rsatmasida.

Ammo sud guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, jinoyat ishi doirasida to‘plangan dalillar bilan Nursultonning jinoyati o‘z tasdig‘ini topgan, deb hisoblagan.

Jazo

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 12 fevraldagi hukmi bilan Nursulton Tavakalov Jinoyat kodeksining 28,154-moddasi (yollanish) 2-qismi va 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b,g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Unga 7 yil 2 oy oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Muqaddam boshqa jinoyat ishi doirasida tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi qo‘shilib, jazo muddati 7,5 yilga keltirilgan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash nazarda tutilgan.

Shuningdek, undan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid