Jahon | 23:04 / 03.03.2026
16270
3 daqiqa o‘qiladi

Meksikada narkokartel yetakchisi «El Mencho» oltin tobutda dafn etildi

Fevral oyi oxirida Meksika xavfsizlik kuchlarining maxsus operatsiyasi chog‘ida o‘ldirilgan «Yangi avlod Xalisko» narkokarteli rahbari «El Mencho» laqabli Nemesio Osegera Servantes orkestr sadolari ostida oltin tobutda ko‘mildi.

Foto: Reuters

59 yoshli Servantes 22 fevral kuni tansoqchilari va maxsus bo‘linmalar jangchilari o‘rtasidagi otishma oqibatida olgan jarohatlari tufayli vafot etgan edi. «Yangi avlod Xalisko» narkokartelining asoschisi Meksikada eng ko‘p qidirilayotgan shaxs bo‘lgan va AQSh hukumati uni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot taklif qilgan. «El Mencho» o‘limi butun Meksika bo‘ylab tartibsizliklarga aylandi: kartel a’zolari mamlakatning 20 ta shtatida avtomobillarga o‘t qo‘yib, yo‘llarni to‘sdi.

BBC xabariga ko‘ra, Gvadalaxara yaqinidagi - kartel tayanchi bo‘lgan Xalisko shtatidagi dabdabali dafn marosimida rasmiylar xavfsizlik choralarini kuchaytirib, Milliy gvardiyaning qo‘shimcha bo‘linmalarini ko‘chaga olib chiqdi.

Foto: AFP
Foto: AFP
Foto: AFP

Marosim boshlanishidan oldin dafn marosimi zaliga katta gul kompozitsiyalari, shu jumladan xo‘roz shaklida (marhumning xo‘roz urishtirishga bo‘lgan mashhur ishtiyoqiga ishora sifatida) olib kirildi.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, gulchambarlar shunchalik ko‘p yuborilganki (asosan anonim tarzda), ularni qabristonga olib borish uchun beshta yuk mashinasi kerak bo‘lgan.

Foto: AFP
Foto: AFP

Dafn marosimiga an’anaviy ranchera va narkokorridos - narkobaronlarning hayoti va «qahramonliklari» haqidagi qo‘shiqlarni ijro etgan orkestr hamrohlik qildi.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qabriston hududidagi ibodatxonaga Osegeraning zarhal tobuti olib kirilganda, orkestr eng mashhur xalq qo‘shiqlaridan biri bo‘lgan «El Muchacho Alegre»ni («Quvnoq yigit») ijro etgan.

Foto: AFP
Foto: Anadolu
Foto: AFP

Bir soatlik dafn marosimdan so‘ng, uning ishtirokchilari (ko‘pchiligi yuzini niqob bilan yashirgan) tobut ortidan dafn marosimi joyiga bordi.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, qabrning o‘zi ko‘pincha katta maqbaralar qad ko‘targan boshqa narkobaronlarning qabrlari fonida juda kamtarona ko‘rinardi.

Foto: AFP
Foto: AFP

Servantesga qarshi maxsus operatsiya Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’muriyati uchun katta muvaffaqiyat bo‘ldi. U giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda haqiqiy natijalarni talab qilayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp bosimi ostida edi.

Biroq, ekspertlar «El Mencho» o‘limi hokimiyat bo‘shlig‘ini yaratishi va zo‘ravonlikning kuchayishiga sabab bo‘lishidan xavotirda: ko‘p ming a’zoga ega narkokartel ichidagi guruhlar Servantes imperiyasini nazorat qilish uchun qonli o‘zaro kurashni boshlashi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid