O‘zbekiston | 09:46 / 22.05.2024
1268
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda UNWTO shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilyapti

Akademiya Samarqand shahar, Boburmirzo ko‘chasi, 3a-uy manzilidagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tegishli binoga joylashtiriladi.

Foto: Kun.uz

“Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligidagi Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bilan hamkorlikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzurida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashkil etilgan hamda akademiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili davlat budjeti hisobidan mablag‘lar ajratib borilishi belgilangan.

Belgilanishicha:

  • akademiyada ta’lim dasturlariga oid o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun zarur xomashyolarni xarid qilish uchun “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining so‘roviga ko‘ra har yili davlat budjetidan tegishli mablag‘lar ajratiladi;
  • Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ga a’zo davlatlarning fuqarolariga akademiyada joriy etilgan o‘quv kurslarida davlat granti asosida ta’lim olish uchun har yili 100 ta o‘rin ajratiladi.

Quyidagilar akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • respublikaning turizm tarmog‘ini rivojlantirishga zarur bo‘lgan kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
  • xalqaro e’tirof etilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, mehmondo‘stlik sohasida kadrlar, xususan, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish;
  • aholining turizm sohasiga oid tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan qatlamlarini o‘qitishni tashkil etish;
  • turizm sohasida faoliyat yurituvchi sub’yektlar xodimlari faoliyatiga oid o‘quv materiallarini (jumladan, elektron shaklda) tayyorlash;
  • turizm sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

Akademiya faoliyatini moliyalashtirish:

  • O‘zbekiston davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
  • davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari;
  • Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
  • ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirishdan, shartnoma asosida bajariladigan ta’lim va boshqa xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Belgilanishicha:

  • akademiya turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
  • akademiya Samarqand shahar, Boburmirzo ko‘chasi, 3a-uy manzilidagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tegishli binoga joylashtiriladi;
  • akademiyani davlat budjeti mablag‘lari hisobidan saqlash xarajatlarini moliyalashtirish 2024 yilda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2025 yildan boshlab budjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan budjet so‘rovnomalariga asosan davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
  • akademiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;
  • “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti vasiylik kengashiga zaruratga ko‘ra, akademiyaning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

Akademiya direktori belgilangan tartibda Turizm qo‘mitasi raisi bilan kelishilgan holda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Mavzuga oid