Jamiyat | 22:10 / 06.03.2018
26525
4 daqiqa o‘qiladi

Jom qishlog‘i «Obod qishloq» dasturi doirasida obodonlashtiriladi

Jom nafaqat Samarqand viloyati, balki respublikamizning eng qadimiy, yirik aholi maskanlaridan biri hisoblanadi. Jom haqidagi ma'lumotlar Makedoniyalik Iskandar yurtimizga bostirib kelgan chog‘lardagi bitiklarda esga olinadi.

Bugungi kunda Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘i atrofidagi mahallalarda 32 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

Samarqand viloyat hokimligi yurtimizda boshlangan «Obod qishloq» dasturi doirasida Jom qishlog‘ini obod maskanga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi.

Viloyat hokimligining ishchi guruhi mazkur hududning infratuzilmasi, ijtimoiy soha obektlari va aholi xonadonlarining holatini o‘rganib, xalq bilan muloqot uyushtirdi. Qishloqda mavjud muammolarni o‘rgandi. Shu asosda dastur tuzilib, Jom va Girdiqo‘rg‘on qishloqlarini obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.

Kuni-kecha Jom qishlog‘ida ushbu loyihalarning taqdimoti o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Unda viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev hamda barcha sektorlar rahbarlari, tuman, shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, viloyatdagi boshqarma, idoralar, jamoat tashkilotlari boshliqlari ishtirok etdi.

Dastur asosida ikki qishloqda zamonaviy mahalla markazlari, istirohat bog‘i, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, ikkita maktabgacha ta'lim muassasasi quriladi.

Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilinadi. Ta'lim va tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlari ta'mirlanadi. Aholini toza ichimlik suvi, suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, qishloqda elektr ta'minotini yaxshilash, yo‘llarni ta'mirlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

Jumladan, Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilinadi. Qishloq hududidagi 5,4 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi, 22 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilib, tekislanadi. Hozirda yo‘l qurilishi korxonalari tomonidan zarur texnika vositalari va ishchi kuchi jalb etilib, bu ishlar boshlab yuborildi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida ikkita artezian qudug‘i qazilib, suv minoralari o‘rnatiladi. Mavjud suv tarmoqlari ta'mirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur tashlash rejalashtirilgan. Qishloq aholisining tarqoq joylashgani va elektr tarmoqlari pala-partish tortilgani tufayli bu borada ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Eski, yaroqsiz simyog‘ochlar yangisiga almashtiriladi va yangi tarmoqlar tortiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1000 ga yaqin simyog‘och o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. 15 ta zamonaviy, kichik transformator qo‘yiladi.

Loyihani amalga oshirish davomida hududdagi aholining barcha qatlami malakali mutaxassislar jalb etilgan holda, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu maqsadda ayni paytda viloyatdagi yetakchi tibbiyot markazlarining 30 nafardan ortiq malakali mutaxassislari jalb etilib, Jom qishloq oilaviy poliklinikasida ushbu jarayon boshlangan. Kasalligi aniqlangan ehtiyojmand fuqarolar yo‘llanma asosida ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yuborilib, davolanadi. Hudud aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun «Damas» rusumli avtomashina ajratiladi va doimiy ravishda tez yordam ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etiladi.

4300 dan ortiq ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlash hamda kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan kishilarga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatiladi.

Maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning chekka qishloqqa ham kirib kelishini ta'minlash, odamlarda o‘z maskani, taqdiri uchun mas'uliyat hissini kuchaytirish, xalqimizdagi bunyodkorlik, tadbirkorlik, hamjihatlik fazilatlarini namoyish etishdan iborat.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid