Iqtisodiyot | 11:07 / 29.04.2026
1704
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Inflatsiya pasayishda davom etayotgan bo‘lsa-da, narxlarni beqarorlashtiruvchi tashqi omillar kuchayyapti.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 29 apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

“Umumiy inflatsiya pasayishda davom etib, yil yakuniga prognozlarga ko‘ra 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlarning barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.

Iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida inflatsiyani 5 foizlik target darajasiga barqaror pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb topildi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Markaziy bank bayonoti

2026 yil mart oyida umumiy inflatsiya prognoz doirasida yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Ushbu pasayish, asosan, ayrim tovarlar bo‘yicha o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga shakllandi. Bazaviy inflatsiya 5,7 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar ham mart oyida pasayishda davom etgan bo‘lsa-da, inflatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda.

So‘nggi oylardagi inflatsiyaning keng qamrovli pasayishining sekinlashishi hamda joriy inflatsiya tendensiyalari iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini namoyon etmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilning I choragida iqtisodiy faollik jadallashib, yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga o‘sdi. Bunda xizmatlar, qurilish, savdo sohalari faollashuvi iqtisodiyotda yalpi talab omillari ustuvorligini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani kelgusi choraklarda ham iqtisodiy o‘sish omillarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Mazkur omillarni inobatga olib, 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar 7-7,5 foizgacha oshirildi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi bo‘yicha xatarlar kuchaymoqda. Bu, shuningdek, logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor davlatlar valutalarining mustahkamlanayotgani, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolayotgani, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi ichki valuta bozoridagi taklifni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Iqtisodiyotda real hisobda ijobiy foiz stavkalar aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlashga hamda kreditlash sur’atlarining mo‘tadillashuviga xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, joriy pul-kredit sharoitlari saqlab qolinishi inflatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.

Markaziy bank inflatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Umumiy inflatsiyaga oshiruvchi omillar kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning o‘sishi natijasida inflatsiya target darajasiga erishishning kechikish xatari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflatsiyani 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 17 iyun kuniga belgilangan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid